Oq sochlarning paydo bo‘lishi organizmning qariyotganidan dalolat beradimi? Trixolog-shifokor Jo Chinkotta tadqiqot o‘tkazdi va unga minglab ko‘ngillilarni taklif etdi. Olimlar guruhi sinaluvchilarning ratsioni, hayot tarzi, stress va asabiy zo‘riqish miqdorini kuzatib bordi va ularni irsiy omillar, teri va soch rangi, jinsi va yoshi bilan solishtiriladi.
Olimlarning xulosalari hayratlanarli:
Birinchidan, stress soch oqarishiga u qadar ta’sir qilmaydi. Ishtirokchilar ichida biznesini yo‘qotishdan tortib yaqin odamining vafotigacha juda og‘ir hayotiy vaziyatlarni boshdan kechirgan odamlar bor edi. Ularning hech birida stressli vaziyatdan keyin oq sochlarning paydo bo‘lishi yoki ko‘payishi aniqlanmagan.
Ikkinchidan, sochlarda pigmentlar mavjudligiga javob beruvchi melanin ishlab chiqarilishining kamayishi rostdan ham yosh o‘tgan sari yuz bera boshlaydi, ammo har bir odamda individual ravishda – individual tezlikda. Bu yashash joyiga ham, ovqat ratsioniga ham, jismoniy faollik miqdori-yu organizmning umumiy holatiga ham bog‘liq emas. Butunlay sog‘lom odamlarning ham ba’zida 20 yoshida sochi oqaradi, og‘ir surunkali kasalliklardan aziyat chekuvchilar esa 50 yoshida ham bir dona oq tolaga ega bo‘lmaydi.
Uchinchi xulosa: vitaminlar va bioqo‘shimchalar qabul qilish soch oqarishini to‘xtatish imkoniga ega emas.
To‘rtinchi xulosa: yosh bilan bog‘liq organizmdagi jarayonlarning soch oqarishiga hech qanday aloqasi yo‘q. Na terida ajinlarning paydo bo‘lishi, na ichki organlarning holati, na metabolizm – oq sochlar bor yoki yo‘qligi bilan aloqador emas.
Va nihoyat, oq soch tolalarni yulish, sochni barvaqt bo‘yash va uning parvarishi bilan bog‘liq har qanday amaliyotlar pigmentning borgan sari yo‘qolib borishiga hech qanday ta’sir o‘tkazmaydi.
Oq sochlar paydo bo‘lishining aybdori topildi: bu genetik omil. Ota-onangizda oq sochlar qanchalik erta paydo bo‘lgan bo‘lsa, sizda ham shuncha erta paydo bo‘ladi.