Ehtimol, siz sochingizni “dum” (xvost) qilib turmaklab yurishni yaxshi ko‘rarsiz. Yoki ko‘pincha tezpishar ovqatlar bilan nosog‘lom tarzda ovqatlanarsiz.
Boshni har 3 kun yoki 2 kunda yuvish normal holat hisoblanadi. Lekin har kuni bosh yuvish hayot tarzingizda qandaydir buzilish borligidan dalolat.
Quyida bosh tez yog‘lanishiga sabab bo‘ladigan omillar ko‘rsatilgan.
1. Namligi yuqori bo‘lgan hududda yashash
Namlik yuqori bo‘lgan hududda yashash yog‘ bezlari faolligini oshiradi. Bizning yurtimizda namlik yuqori bo‘lgan hududlar ko‘p emas, shunday ekan bu unsurning bizga deyarli aloqasi yo‘q.
2. Uzoq davom etadigan stress
Stress gormoni bo‘lmish kortizol ham yog‘ bezlari faoliyatiga ta’sir qiladi. Uning darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, terida shunchalik ko‘p yog‘ ishlab chiqariladi. Natijada bosh tez kirlanadi.
Bu holatda nima qilish kerak?
Xotirjam yashashga harakat qilib, stressni yengishga yordam beradigan ilmiy tavsiyalarni o‘qib chiqish lozim.
3. Qazg‘oqlar
Umuman olganda, qazg‘oqlar boshning tez yog‘lanishiga sababchi emas. Lekin qazg‘oq ba’zi teri kasalliklarining alomatlari bo‘lishi mumkin. Masalan: ekzema, psariaz, dermatit kabi kasalliklar yog‘ bezlari faolligini oshirib yuboradi.
Bu holatda nima qilish kerak?
Nima sababdan qazg‘oq paydo bo‘layotganini bilish lozim. Buning uchun eng yaxshisi dermatologga murojaat qilish kerak.
4. Sochlarga qo‘llar bilan ko‘p tegish
Birinchidan, barmoq uchlarida yetarlicha yog‘ bor. Ikkinchidan, sochga qo‘l bilan tez-tez tegish, soch ildizidagi yog‘ni soch uzunligi bo‘ylab tarqalishiga sabab bo‘ladi.
Bu holatda nima qilish kerak?
Hadeb qo‘l bilan tegaverish odatidan qutuling.
5. Sochni juda qattiq qilib turmaklash
Sochlarni o‘rish yoki “dum” tarzda qattiq qilib turmaklash uning ildizlarida yog‘ to‘planishiga olib keladi. Sochlar bir yerga to‘planib qolganligi uchun bosh terisidagi yog‘ bir tekisda tarqala olmaydi. Shuning uchun bosh tez yog‘lanib kir bo‘lib ketadi.
Bu holatda nima qilish kerak?
Sochni bor uzunligi bilan qilish mumkin bo‘lgan boshqa biror-bir turmakda yig‘ing.
6. Nosog‘lom ovqatlanish
Yog‘ bezlarining faoliyatiga oziq-ovqatlardagi vitamin va minerallar ham ta’sir qiladi. A, B, E, D vitaminlari, shuningdek, ruh moddasining yetishmasligi terida ko‘p yog‘ ishlab chiqarilishiga sabab bo‘ladi.
Bu holatda nima qilish kerak?
Ovqatlanish rejimiga e’tiborli bo‘lish kerak. Avvalo, organizmni yetarli miqdorda sabzavot va mevalarga ega bo‘lishini ta’minlash kerak.