19:01 Sog‘liqni saqlash sohasi og‘ir judolikka uchradi | |
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi bosh shifokori Usmanova Gulra’no Mallaboyevna vafot etdi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda. Gulra’no Usmanova 1953 yil 14 aprel kuni tug‘ilgan. 1976 yilda O‘rta Osiyo tibbiyot pediatriya institutini tamomlab, ushbu oliy o‘quv yurtida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2008 yildan to shu kunga qadar esa Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi bosh shifokori lavozimida ishlab kelayotgan edi. “U mahoratli rahbar bo‘lishi bilan birga, katta klinik tajriba va chuqur bilimga ega bo‘lgan pediatr sifatida og‘ir, murakkab bemorlarni davolash orqali minglab kasallarni hayotga qaytarishga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan. O‘zining insonparvarligi, xalqchilligi tufayli jamoatchilik o‘rtasida katta hurmat va e’tiborga sazovor bo‘ldi”, deyiladi SSV xabarida. Ma’lumotlarga ko‘ra, Gulra’no Usmanova “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni hamda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|