21:51 Sovg‘a ulashish: Yangi yil oldidan buni bilishingiz kerak | |
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, to‘g‘ri tanlanmagan sovg‘a o‘rtadagi munosabatlarga putur yetkazadi. Bugun biz xato qilmasdan yaqinlarimizni xursand qilish usullarini o`rganamiz.
Eng birinchi kimlarga sovg‘a berishingiz kerakligini o‘ylab ko‘ring va erinmasdan birma-bir ularning ismlarini yozib chiqing. Ism yoniga esa necha pul atrofidagi sovg‘a olinishi kerakligini ham qayd eting. Buyuk Britaniyadagi o‘rtahol oilalar bayram sovg‘alari uchun 500 funt sterling sarflaydi, amerikaliklar esa, taxminan, 650 dollar. Biz esa o‘z sharoitimizdan kelib chiqqan holda pul ajratamiz. Sovg‘a olish va berish juda yoqimli jarayon. Lekin sovg‘a berishni ham bilish kerak, bo‘lmasa u aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Demak, boshladik: 1. Sovg‘aning narxi muhim ahamiyatga ega emas.
Falon pulga olingan sovg‘alar har doim ham odamlarga yoqavermaydi. Eng muhimi did va farosat. Sovg‘a olgan inson eng birinchi uni qaytarish haqida o‘ylaydi. Qimmatbaho narsa olishga imkoni yo‘q odamga qimmat sovg‘a berib kamsitib qo‘yishingiz mumkin. 2. Sovg‘ani uzoq muddat saqlanib turishiga ahamiyat bering. Ko‘pincha sovg‘a oluvchilar hadyaning uzoq vaqt yaxshi kayfiyat baxsh etib turishini istashadi. Masalan, do‘stingizga yillik onlayn-kinoteatr hadya qilsangiz unga, albatta, yoqadi. To‘g‘ri, sovg‘ani berganingizda u juda ham zavqlanib ketmasligi mumkin. Lekin, bu unga sovg‘a yoqmadi degani emas. Shunchaki, bu zavq kam-kamdan yil bo‘yi xursand qilib turadi. 3. Noyoblik va o‘ziga xoslikni unuting Hech kimda yo‘q o‘zgacha narsa sovg‘a qilaman deb vaqtingizni bekorga sarflamang. Chunki ko‘pchilik odamlar boshqalarda bor narsa o‘zida ham bo‘lishini istaydi.
Bir insonning dunyoqarashi, xarakteridan kelib chiqib sovg‘a tanlash har doim ham yaxshi samara bermaydi. Chunki bunday vaqtda odam yaqinining o‘ziga xos jihatlariga e’tibor berib, uning aslida nimaga muhtojligini unutib qo‘yadi. Natijada mutlaqo keraksiz narsa hadya qiladi. 4. Umumiy qiziqishlardan kelib chiqqan holda sovg‘a tanlang.
Bir-biriga yaqin insonlarda umumiy qiziqishlar bo‘ladi. Bu esa sovg‘a tanlash vaqtida juda qo‘l keladi. Ko‘pchilik odamlar kutilmagan sovg‘alar ko‘proq yoqadi deb o‘ylashadi. Lekin fan buning aksini aytadi. Odamlar sovg‘a oladigan vaqtlari kelganda yaqinlaridan ma’lum bir turdagi hadyalarni kuta boshlaydi. 5. Yaqiningizdan nima istayotganini so‘rang.
Agar sovg‘a bermoqchi bo‘lgan insoningiz bilan juda yaqin bo‘lsangiz, undan nima istayotganini so‘rang. Yoki bir nechta variantlar aytib, o‘ziga ma’qul kelganini tanlashni taklif qiling. Psixologlarning aytishicha, eng yaxshi sovg‘a bu odamlarning o‘zidan so‘rab olingan sovg‘adir. To‘g‘ri, tanishingiz sizga bu haqda ochiqdan-ochiq aytmasligi mumkin. Lekin bu vaziyatda hech bo‘lmaganda ularga nima yoqmasligini bilib olasiz. Biroq boshqa bir psixologlarning fikriga ko‘ra, sovg‘ani so‘rab bermaslik kerak. Shunchaki, barchaga kerakli narsa hadya qilish eng ma’qul yo‘l. 6. Yomon sovg‘a berib qo‘ysamchi, deb o‘ylayvermang
Sovg‘a o‘z nomi bilan sovg‘a. Umuman olganda, uning yomoni bo‘lmaydi. Chunki har qanday sovg‘a odamlarga quvonch ulashadi. Sovg‘a olgan inson, albatta, sizdan minnatdor bo‘ladi. Shunday ekan sovg‘a olishda eng avvalo o‘z qalbingizga, keyin esa bizning maslahatlarimizga amal qiling. Yuqoridagi maslahatlarimiz nafaqat yangi yil bayramida, balki butun yil davomida sizga asqatadi degan umiddamiz.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|