Главная » 2016 » Ноябрь » 21 » Sovuq kunlarda teri uchun «Issiq kiyim»
10:25

Sovuq kunlarda teri uchun «Issiq kiyim»


Sovuq havoda teri quyoshli kundan ko‘ra ko‘proq shikastlanadi. Qish kelishi bilan lablar yoriladi, qo‘l terisi quruqlashib, yonoqlar qizarib qoladi. Bularning oldini olish uchun esa bir necha qoidalarga amal qilish darkor…

Muhofazaga muhtoj «qalqon»

Sovuq havo ta’sirida teri quruqlashib, yorila boshlaydi. Bu vitamin yetishmasligi va yetarlicha namlik bo‘lmagani bois yuzaga keladi. Qish kunlarida issiq xonada o‘tirish teri uchun zararli. Xona havosi quruqlashadi va teriga ham ta’sir ko‘rsatadi. «Sovuqqa chiqib o‘tiring, yosharasiz», deyishdan yiroqmiz albatta. Ammo isituvchi batareyalar yoniga bir idishda suv qo‘ying yoki dokani namlab unga ilib qo‘ying. Xonani tez-tez shamollatib turing. Bu ham teri, ham salomatligingiz uchun foydali.

Yuz terisi himoyasi qoidalari

  • Sovuq havo tez fursatda yuzda o‘z izlarini chiza boshlaydi. Bu paytda tarkibida spirt bo‘lgan turli loson va tozalovchi vositalarni chetga olib qo‘ying. Chunki ular terini battar quruqlashtirib yuboradi.
  • Qishda teriga yog‘ yetishmasligi muammosi ham yuzaga keladi. Shuning uchun retinol va S vitamini bo‘lgan vositalardan foydalaning.
  • Terini har kuni parvarishlang. Unda quruqlashish, tortishish sezsangiz, yuzingizga asal surting, ko‘k choy bilan yuving.
  • Shuningdek, ikki osh qoshiq zig‘ir urug‘iga ikki stakan sovuq suv soling va bo‘tqasimon holga kelgunga qadar qaynating. So‘ng suvini suzib olib, sovuting va yuzingizga surting. 20 daqiqadan keyin iliq suv bilan yuvib, krem surting.
  • Yuvinish vositalari tarkibiga ahamiyatli bo‘ling. Ularning sut yoki smetana asosida tayyorlanganlarini tanlang. Haftada ikki marta asal yoki zaytun yog‘idan niqoblar qilishga erinmang.
  • Na’matak damlamasi, yong‘oq, tvorog, tuxum kabi mahsulotlarni iste’mol qiling.

Lab uchun…

Qishda lab uchun mo‘ljallangan balzam vositalardan foydalanishni kanda qilmang. Ko‘chaga chiqqanda labingizni yalamang va namlantiruvchi lab bo‘yog‘idan foydalanmang. Lab bo‘yog‘ining tarkibida A va Ye vitamini bo‘lganini ishlating yoki 1-2 kun davomida sariyog‘ni yupqa qilib labingizga surtib yuring.

Qo‘l terisi…

Kun davomida qo‘lingizni yuvgach, albatta krem surting. Kremga bir-ikki tomchi A va Ye vitamini (dorixonalarda sotiladi) qo‘shsangiz ham bo‘ladi. Bunday kremlar teridagi yoriqlarni tezroq tuzatadi va parvarishlaydi, undagi shamollashni oladi. Darvoqe, qo‘lqop kiyib yurishni ham unutmang.

Yodingizda bo‘lsin!

To‘yib uxlamaslik — go‘zallikning dushmani. Shuning uchun tiniqib uxlashni odat qiling. Shunda to‘qimalarning kislorod bilan ta’minlanishi yaxshilanadi va modda almashinuvi tezlashib, teri yangilanadi. Ertalab uyqudan turganingizda yuzingizni yengil uqalang.

Issiq suv xush yoqsa-da…

Havo soviganda issiq suv badanga xush yoqadi. Ammo aynan issiq suv qishda terining yorilishiga olib keladi. Shuning uchun qanchalik istasangiz-da, issiq emas, iliq suvda cho‘miling. Cho‘milib chiqqach, terini badanni quruq qilib emas, yengil shappatilab «arting». Shundan so‘ng unga krem yoki zaytun, zig‘ir yog‘i surtish lozim. Qish mavsumida iloji boricha yuvinish vositalaridan kamroq foydalaning.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: Issiq kiyim, teri uchun, Sovuq kunlarda | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz