Главная » 2016 » Декабрь » 13 » Sut mahsulotlari – yoshartiradi va ozdiradi!
17:08

Sut mahsulotlari – yoshartiradi va ozdiradi!


Ko‘pchilik ayollar bel va oyoq og‘rig‘idan shikoyat qilishadi. Organizmdagi bunday bezovtalikka o‘zlaricha tashxis qo‘yib, “Tuqqandan keyin shunaqa bo‘ladi”, “Kuni bilan harakatdaman, charchagandirman”, “Yoshim o‘tib boryapti-da” deya e’tiborsizlikka beriladilar. Aslida, bu shifokor nazoratini talab qiladigan holat. Bo‘g‘imlardagi og‘riqning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin. Ulardan biri kalsiy yetishmasligidir. Sut mahsulotlarini doimiy va to‘g‘ri iste’mol qilish esa organizmda kalsiy muvozanatini ta’minlaydi. Natijada, suyak va tishlarimiz mustahkamlanadi.

 

Sigir suti. Kuniga yarim litrdan sigir suti ichib turilsa,  organizm vitamin va minerallarga to‘yinadi. Chunki ushbu mahsulot tarkibidagi laktoza yurak, jigar va buyrak faoliyatini yaxshilaydi. A vitaminiga boyligi  bolalarning jismoniy o‘sishiga ko‘maklashadi. Sutni yotishdan avval ichsak, asablar tinchlanib, kechki uyqu sokin kechadi.

Sutning kundalik iste’moli infarkt va insultga chalinish xavfini 37 foizga qisqartirishi aniqlangan. Shuningdek, oshqozon bilan bog‘liq kasalliklarga, xususan, me’da yarasi va gastritga chalinganlar ko‘p sut ichishlari kerak. Bundan tashqari, sut jaziramada chanqoqni qondirishi bilan birga terlaganda chiqib ketadigan mineral tuzlarning ham o‘rnini to‘ldiradi. Unda immunitetni ko‘taruvchi bakteriyalar mavjud. Shuningdek, zararli bakteriyalarga qarshi kurashadi ham. Sutning semirtirishi haqidagi taxminlar esa noto‘g‘ri.

Yodda tutish kerakki, sutdagi barcha vitaminlarni saqlab qolish uchun uni uch daqiqadan ortiq qaynatmaslik kerak.

 

Echki suti. Immunitetni ko‘tarishi bilan mashhur. Ayniqsa, yuqumli xastaliklarning oldini olishda echki suti “vaksina” vazifasini o‘taydi. Ayol kishi echki sutini ichsa va kosmetik niqob sifatida ishlatsa, teri yosharadi, yuzga ajin tushishining oldi olinadi va yuz ranggi tiniq bo‘ladi. Echki sutida D vitamini va kalsiy sigir sutiga qaraganda anchayin ko‘p. Shuningdek, u sigir sutidan ko‘ra yog‘li bo‘lishiga qaramay, tez hazm bo‘ladi. Qandli diabet, artrit, bronxit, anemiya, diatez, sil kasaliga chalinganlar echki sutidan davo topadilar. Uni yoshiga to‘lmagan bolalarga ham berish mumkin. Bir yoshdan keyin echki sutini ko‘p ichgan bolalar sog‘lom va baquvvat bo‘ladilar. Echki suti ich ketishiga olib kelmaydi, aksincha, ichni qotirish xususiyatiga ega. Raxitga chalingan bolalar uchun ham echki suti zaruriy ozuqalardan biridir.

 

Qatiq. Tarkibida juda ko‘p miqdordagi lakto va bifidobakteriyalarni jamlagani bois sutdan afzal hisoblanadi. Tez hazm bo‘lib, vitamin va menarallari  boshqa sut mahsulotlariga qaraganda oson o‘zlashtiriladi. Qatiqni doimiy ravishda ichib yurish orqali organizmdagi oqsil muvozanati ta’minlanadi. Kattalar va bolalardagi ichak mikroflorasi yaxshilanib, ovqat hazm qilish tizimi barqarorlashtiradi. Qatiqda oshqozonni tozalash xususiyati borligi sabab, uni ich qotishi, ko‘ngil aynishi, disbakterioz va toksikoz mahali dori o‘rnida qo‘llash mumkin. Qatiq iste’moli organizmni turli kasalliklar, jumladan, shamollash hamda virusli infeksiyalardan asraydi va zararli mikroorganizmlardan himoyalab turadi. Emizikli bolalarga 8 oylikdan boshlab berish mumkin.

 

Qaymoq. Sut mahsulotlari ichida eng yog‘lisi hisoblanmish qaymoqni ayollar homiladorlik va go‘dakni ko‘krak bilan emizish davrida iste’mol qilsalar, koni foyda. Chunki unda bolaning o‘sishi va rivojlanishi uchun kerakli vitaminlar majmuasi mavjud. Boshqa sut mahsulotlariga qaraganda kaloriyasi yuqoriligi bilan ham ajralib turadi.  

 

Tvorog. Parhezbop yegulik sanaladi. Oshqozon, ichak, buyrak, jigar, yurak va o‘pka sohalarida muammosi bor bemorlar uni taomnomalariga kiritishlari mumkin. Tvorogda temir miqdori ko‘p bo‘lgani bois gemoglabinni oshiradi. Ortiqcha vazndan qiynaladigan odamlar yog‘siz tvorogni iste’mol qilishlari kerak, unda ham barcha vitaminlar saqlanib qoladi.

Tvorog qondagi xolesterin miqdorini kamaytirish xususiyatiga ega. Kuniga 300 grammdan tvorog yegan kishi organizmini oqsil bilan yetarlicha ta’minlay oladi. Sochlari uzun bo‘lishini xohlagan qizlar tvorogni ko‘p iste’mol qilishlari darkor. Homilador ayol tvorogni sevib iste’mol qilsa, o‘zi va tug‘ilajak bolasi organizmi kalsiyga to‘yinadi. Klimaks payti injiqliklarini yengishda ham ushbu mahsulot yordamga keladi. Bundan tashqari, tvorogni yuzga kosmetik niqob tarzida ishlatib, terini oziqlantirish va taranglashtirish mumkin.

 

Pishloq. To‘yimli mahsulot. Organizmning umumiy holati, ayniqsa, miya faoliyatini yaxshilaydi, tishlarni kariesdan himoyalaydi, qon bosimini me’yorida ushlab turadi. Uyqusizlik va stress holatlarida ham pishloq yeyish naf beradi. Pishloqning ishtahani ochish, ko‘z nurini yaxshilash, moddalar almashinuvini faollashtirishda hissasi katta. Pishloqdagi oqsil miqdori go‘sht va baliqnikidan ko‘p. Jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar pishloqni ko‘p yeyishlari kerak, chunki u sarflangan kuchning o‘rnini to‘ldiradi. Shuningdek, chekuvchilarga ham pishloqni ko‘p iste’mol qilishlari kerak. Sababi, tamaki tarkibidagi nikotin inson organizmidan kalsiyni haydab chiqaradi. Qattiq pishloqni bolalarga bir yarim, ikki yoshdan boshlab berish mumkin.

Durdona ALIMOVA tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Salomatlik | | Теги: Sut mahsulotlari, yoshartiradi, ozdiradi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz