20:45 Suyunchi puli olishning tartibi qanday? O‘zbekiston BAA darajasiga yetadimi? | |
Hayot turli sinovlar va mashaqqatlarga boy. Bunday qiyinchiliklarni yengib o‘tishda bizga eng zo‘r dastak – farzandlardir. Ular tug‘ilganda oilamizga behisob shodlik olib keladi. Shodligingizga sherik bo‘lish uchun yon-atrofingizdagilar qutlashadi, sovg‘alar berishadi. Davlat ham o‘z hissasini qo‘shish niyatida ma’lum miqdorda mablag‘ beradi. Bu mablag‘ xalq orasida suyunchi puli, qonun bo‘yicha bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa deyiladi. Xo‘sh, bu nafaqa qanday tartibda tayinlanadi? Suyunchi puli berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 287-moddasiga ko‘ra, bola tug‘ilganda bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanishi, har bir tug‘ilgan bola uchun beriladigan nafaqa miqdori va uni to‘lash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilishi ko‘rsatilgan. Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizomning 6-paragrafiga ko‘ra, quyidagi qoidalar belgilangan. Ushbu nafaqa eng bazaviy hsioblash miqdorining ikki baravari miqdorida belgilangan. Bu tartib hozirda yangi ko‘rinishga kelgan. 446 ming so‘m miqdorida to‘lanmoqda (2020 yil 13 yanvar holatiga). Ishlamaydigan va o‘qimaydigan ota-onalarga bola tug‘ilganda, nafaqa ijtimoiy ta’minot bo‘limlari tomonidan tayinlanadi va to‘lanadi. Ishlayotgan yoki o‘qiydigan ayollarga bu nafaqa ish yoki o‘qish joyidan to‘lanadi. Suyunchi pulini yetkazib berish Shu kungacha qo‘llanib kelingan amaliyot o‘zini oqlamagani sababli ushbu nafaqa Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan sinov tarzida berilmoqda. Bola tug‘ilganda markazda qayd etish uchun murojaat qilinadi. Bu vaqtda suyunchi pulini olish uchun ham ariza topshirish mumkin bo‘ladi. 2017 yil 13 mart 2826-son Prezident qaroriga asosan pensiya va nafaqalar Xalq banki binosida topshiriladi. Agar mustaqil harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga Xalq banki sayyor kassalari tomonidan bevosita ular yashaydigan manzilga yetkazib beriladi. Nafaqalarni berish oyning to‘rtinchi sanasidan yigirma yettinchi sanasigacha amalga oshiriladi. Bank xodimlari ushbu holatda oyning yigirmanchi sanasidan so‘ng, navbatlar kam bo‘lishini va ushbu sanada kelishni tavsiya qilishadi (Yaqinda tug‘ruqni boshidan kechirgan onalarning sog‘lig‘i navbatda turishni ko‘tarmasligi mumkin). Xorijiy davlatlarda qanday? Birlashgan Arab Amirligi Birlashgan Arab Amirligida o‘z fuqarolari va ularning yangi tug‘ilgan chaqaloqlariga nisbatan imtiyozlar mavjud. Avvalo, yangi oila qurgan kelin-kuyov (ikkalasi ham amirlik fuqarosi bo‘lishi lozim) BAA nikoh fondidan 20 000 AQSH dollari miqdorida kredit olishi mumkin. Bu kreditdan farzand ko‘rishlari zahoti voz kechiladi. Bu hali farzand puli emas. Farzand puli 50 000 dollardan 200 000 dollargacha to‘lanadi. Agar muhtojligi isbotlansa, uy ham beriladi. Bu uy shayxlar yashaydigan saroy bo‘lmasa ham kichik villa shaklida bo‘ladi. Fuqarolarning bu turdagi ijtimoiy himoyasiga sabab amirlikning tub aholisi kamayib borayotganidir. Hozirda tub aholi mamlakatda istiqomat qiluvchilarning 10 foizini tashkil etadi, xolos. Norvegiya Bu davlat fuqarolari ham o‘ziga xos ijtimoiy himoya bilan ta’minlanadi. Agar ona homiladorlik ta’tiligacha ishlamagan bo‘lsa, 5000 AQSH dollarigacha mablag‘ beriladi. Agar ishlagan ayol bo‘lsa, bu jami daromadlar summasidan kelib chiqib hisoblanadi. Homiladorlik, tug‘ish va undan keyingi tibbiy xizmatlar bepulligi ta’minlanadi. Avstraliya Yangi dunyo yuzini ko‘rgan avstraliyalik uchun 4000 Avstraliya dollari (3000 AQSH dollari) miqdorida nafaqa beriladi. Agar chaqaloqlar soni 3 va undan ortiq bo‘lsa, bu summa 16 yoshgacha berib boriladi. Bolali oilalar uchun soliq imtiyozlari belgilangan. Bundan tashqari, farzand uchun turli miqdorda ijtimoiy nafaqalar berib boriladi. Bu nafaqalar bolaning turli yoshida xarajatiga qarab, o‘zgarib boradi. Shuningdek, Hukumat tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida turli xizmatlar uchun 50 foiz miqdorda chegirmalar beriladi (ta’lim, tibbiy xizmat). Qozog‘iston Bola tug‘ilganda to‘lanadigan nafaqa Qozog‘istonda ham O‘zbekistondagi tartibga o‘xshash holda, mamlakatdagi eng kam oylik ish haqiga muvofiq tarzda amalga oshiriladi. Biroq, birinchi, ikkinchi va uchinchi farzandlar uchun taxminan 300 AQSH dollari miqdorida to‘lanadi. To‘rtinchi farzanddan keyin bu miqdor 500 AQSH dollariga aylanadi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|