22:57 Tahajjud namozining fazilatlari va u qanday ado etiladi? | |
Tahajjud namozi musulmonlarning Allohga yaqin bo‘lishlari va orzu-istaklariga erishishlarida yordam beradigan nafl ibodatdir. U farz namozlaridan so‘ng, eng afzal hisoblanuvchi namozdir. Tahajjud namozi tunda o‘qiladigan ibodat bo‘lib, uning vaqti xufton namozining vaqti kirganidan to tong otgunchadir. Shu bilan birga, tahajjud namozi o‘qish uchun eng maqbul vaqt kechaning oxirgi 3dan bir qismida ekani rivoyatlarda keladi.Buxoriy rivoyat qilgan bir hadisda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Har kecha tunning oxirgi uchinchi qismida Alloh taolo yettinchi osmondan birinchi osmonga tushib shunday nido qiladi: «Menga duo qilib so‘raydigan bormi, duosini ijobat qilaman! Mendan tilaklarini istaydigan bormi, unga ato etaman! Mendan mag‘firat so‘raydigan bormi, mag‘firat qilaman!» (Sahih Buxoriy, 1145). Yana bir hadisda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga kechaning qiyomi lozimdir, chunki u sizlardan oldingi solihlarning odatidir. U sizni Robbingizga yaqinlashtiradi, yomonliklarga kafforotdir va gunohlarni qaytaruvchidir». (Imom Termiziy rivoyati, 3549). Tahajjud namoziga targ‘ib nafaqat hadislarda, balki Qur'onda ham bir necha oyatlarda kelgan va uning afzalligi musulmonlarga eslatib o‘tilgan. «Kechaning bir qismida tahajjud namozini qo‘shimcha (nafl) qilib o‘qing. Shoyadki, Robbingiz sizni (Qiyomat kuni) maqtovli maqomda tiriltirsa». (Al-Isro surasi, 79-oyat.) «Albatta, kechasi turib (tahajjud) ibodatini qilish juda qiyin, lekin isloh bo‘lish uchun samarali va Allohning kalomini anglash uchun munosibdir». (Al-Muzzammil surasi, 6-oyat). Shunday sinovli kunlarni kechirayotgan bugungi kunlarda biz musulmonlar kechalari turib tahajjud namozlarini ado etib, Allohdan oilalarimiz, vatanimiz va barcha dunyo mamlakatlariga tinchlikni, ofiyatni so‘rab duo qilishimiz maqbuldir. Yuqoridagi hadis va Qur'on oyatlarida aytib o‘tilganidek, duolarimiz in shaa Alloh qabul bo‘ladi va tez orada barcha barqaror hayot tarziga qaytadi! Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Xo‘sh, bu namoz qanday namoz, u qanday ado etiladi? Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh shu xususdagi savolga quyidagicha javob berganlar: «Bu namozning ozi ikki, ko‘pi sakkiz rakatdir. Kechasi bir uxlab turib o‘qiladigan namozni «tahajjud namozi» deb ataladi. Shuningdek, bu namozni «qiyom namozi» deb ham aytiladi. Tahajjud namozini kechaning oxirgi uchdan birida o‘qimoq afzalligi bilinadi. Chunki o‘sha paytda Alloh taolo dunyo osmoniga tajalli qilgan duo, so‘rov va istig‘forlarni to‘siqsiz qabul qilayotgan bo‘ladi. Albatta, bundoq fazilatli vaqtni tahajjud namozi ila o‘tkazayotgan banda g‘oyat ulug‘ maqomlarga erishishi turgan gap. U vaqtda bandaning qilgan duosi Alloh taolo tomonidan darhol qabul bo‘ladi, so‘ragan narsasi beriladi, gunohlari kechiriladi. Bu namozni kechaning uchdan biri qolganda o‘qigan afzal. Ikki rakatdan o‘qib borib, oxiri Vitr o‘qiladi». O‘zbekiston Musulmonlari idorasining rasmiy saytida joylangan boshqa bir maqolada tahajjud (tungi namoz)ning qanday o‘qilishi, necha rakat bo‘lishi, qachon duo qilinishi va uni o‘qishning eng ma'qul vaqti tunning qaysi vaqti ekanligiga doir savollarga oydinlik kiritilgan. «Tahajjud – xufton namozidan keyin yoki tunda bir necha soat uxlab turib o‘qiladigan nafl ibodat. Shu boisdan uni «tungi namoz» ham deb ataydilar. Agar bu namoz tunning bir qismi uxlab o‘tkazilgandan so‘ng o‘qilsa, ana shunga «tahajjud» deb ataladi. Tahajjud namozining eng kami ikki rakat, eng ko‘pi o‘n ikki rakat bo‘ladi. Eng afzali, bu namozda har ikki rakatdan so‘ng salom aytilganidir, degan olimlarimiz». Tahajjudga niyat qilinadi; har ikki rakatdan so‘ng salom aytib, sakkiz rakat o‘qilgani ma'qul. Tunda shirin uyqusidan voz kechib, tahorat olib namoz o‘qigan odam sajdalarining sonini ko‘paytirib oladi. Ibn Obiddinning «Raddul Muxtor» kitobida aytilishicha, tahajjudni har to‘rt rakatda salom aytib ham o‘qisa bo‘ladi. Tahajjud to‘rt rakat qilib o‘qilganda, to‘rt rakatli boshqa namozlarga o‘xshab o‘qilaveradi. Imom Dovudning rivoyat qilishlaricha, «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tahajjud namozini hech qachon kanda qilmaganlar. Hatto og‘ir bemorlik vaqtlarida ham tahajjudni o‘tirgan hollarida o‘qiganlar». Shu o‘rinda, ta'kidlashni istardiki, kundalik 5 vaqt farz namozni o‘z vaqtida ado etish tahajjudni ado etishdan avval turadi. Bunda, 5 mahal namozni ado etmay, tahajjud o‘qish maqsadga muvofiq emasdir.
Manba: "kun.uz"
| |
|