Главная » 2017 » Январь » 30 » Terini qaritadigan 8 odatimiz
15:04

Terini qaritadigan 8 odatimiz


Qarish – tabiiy jarayon. Ammo ba’zida o‘ttizga endigina chiqqan ayolning qirqdan o‘tgan hamjinslaridan ham kattaroq ko‘rinishini tushunmaysiz. Bu terini qaritadigan zararli odatlar oqibatidir. Quyida ularni sanab o‘tamiz. 

1. Burunni ishqalash. Ba’zida noqulay holatdan chiqish yoki biron muhim savolning javobini o‘ylash uchun ortiqcha bir necha soniya yutish maqsadida ayollar burunlariga teginib, uni artayotgandek harakat qiladilar. Buning natijasida teri qizaradi, mayda tomirlardan yulduzchalar paydo bo‘ladi. Ayniqsa, terisi juda nozik hisoblangan ko‘z osti sohasiga teginaverish qora dog‘larning va mayda ajinlarning paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.

2. Birovning pardoz cho‘tkasi. Opa-singillar va yaqin dugonalar ko‘pincha umumiy pardoz vositalaridan foydalanishadi. Ammo cho‘tka va sponjlarda sizdan avval foydalangan odamning derma parchalari, teri yog‘i, shuningdek, yallig‘lanishga olib keluvchi bakteriyalar qoladi. Bular terini qaritadi. Shuning uchun pardoz vositalaringiz faqat o‘zingizniki bo‘lsin va ularni vaqti-vaqti bilan tozalab turing. Mobil telefonlar ham o‘z yuzasida ko‘p bakteriya to‘playdi. Ularni ham tozalab turish kerak.

3. Sovun bilan yuvinish. Har kuni yuvinamiz. Ammo bu jarayonga mas’uliyat bilan yondashish kerakligini ba’zan unutamiz. Yuvinayotganda teri uchun mos keladigan, uni quritmaydigan vositalardan tanlash kerak. Oddiy atir sovun terini quritib, yupqalashtirib qo‘yadi. Hatto, jo‘mrakdan oqayotgan suv ham teriga zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun yuz teringizni maxsus vositalar orqali kosmetika qoldiqlaridan tozalab, tindirilgan yoki mineral suv bilan yuving.

4. Arzon ko‘zoynak. Oftobdan himoyalovchi ko‘zoynak nafaqat yarashishi, balki sifat talablariga ham javob berishi kerak. Ularning asosiy vazifasi ko‘zni quyosh nurlaridan himoyalabgina qolmay, mayda ajinlar tushishidan asrashhamdir. Yoz kunlari faqat ko‘zoynakka ishonmay ko‘z atrofiga maxsus himoyalovchi kremlar ham surting.

5. Pardozni yuvmay uxlash. Makiyajni yuvib uxlash muhimligini bilgani holda ko‘pchilik charchoqmi yo erinish sabab bu ishni qilmaydi. Natijada upa qoldiqlari, chang va kirlar terining chuqur qatlamigacha kirib boradi. Bu allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, tungi kremni haddan ortiq ko‘p surish, skrabni haftada 1 martadan ko‘p qo‘llash ham shundan yoqimsiz oqibatlarga olib keladi.

6. Qattiq parhez tutish. O‘z vaznini mo‘’tadil ushlab turolmay, dam ozib, dam semirib yuradigan insonlar terisi yaxshi ahvolda bo‘lmaydi. Tez vazn tashlaganda teri osti yog‘ qatlami kamayadi, bu esa to‘qimalar uchun o‘ziga xos yostiq vazifasini o‘taydigan qatlamdir. Shu sababli tez ozgan odamning terisi osilib, ajinlari ko‘payib qoladi. Ozishni reja bilan, bosqichma-bosqich va asta-sekin amalga oshirish kerak.

7. Haddan ortiq jonsaraklik. Jilmayish, kulish, xo‘mrayish, bujmayish – xullas, yuz mimik muskullarining ko‘p ishlatilishi terida ajinlar ko‘payishiga olib keladi. Birov bilan gaplashayotib labingizni tishlasangiz, qosh uysangiz, qoshingizni ko‘tarsangiz, bilingki, siz yuzingizda ajinlar paydo bo‘lishi uchun zamini hozirlayapsiz. Albatta, umuman ehtiros aks etmaydigan yuz ham jozibali ko‘rinmaydi. Lekin har ishda me’yor bo‘lgani durust.

8. Chekish va spirtli ichimliklar. Ko‘pchilik chekuvchilar chekishning yomon ta’siri bo‘rttirib ko‘rsatiladi deb o‘ylaydi. Albatta, chekkan insonda yomon ta’sir darhol ko‘rinmaydi. Ammo yillar o‘tib organizm zararli moddalarni o‘zida jamlagach, teri xira, g‘adir-budur bo‘lib, barvaqt ajinlar yuzaga keladi. Spirtli ichimliklar esa jigarni zo‘riqtiradi, bundan teridagi teshiklar kengayadi, yog‘ bezlari faolligi ortadi.

ShAHINA tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Terini qaritadigan, 8 odatimiz | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz