2019-yilning 23-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida harakatlanuvchi 44-“Aviasozlar – Gulobod” yo‘nalishida "MAN” rusumli avtobusda 2 ta ot olib ketilayotgani tasvirlangan video tarqaldi.
"Toshshahartransxizmat" matbuot xizmatining xabar berishicha, tartib-qoidani bilgani holda haydovchi B. Tojiboyev hamda chiptachi T.Ikromovlar avtobus saloniga otlarning olib kirilishiga ruxsat bergan.
“Ushbu holat "Toshshahartransxizmat" AJ va avtobus saroyi jamoalari o‘rtasida muhokama qilindi. O‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qaragani uchun chiptachi T.Ikromov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Haydovchi B.Tojiboyevga nisbatan xayfsan e’lon qilindi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-sonli qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan "Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish qoidalari"ning 15-bandiga muvofiq avtobusda tumshuqbog‘siz itlar va boshqa hayvonlarni olib yurish taqiqlanishi belgilangan.