Главная » 2018 » Июнь » 14 » Toshkent shahri hokimi biznesdan chetlandimi?
13:16

Toshkent shahri hokimi biznesdan chetlandimi?


Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan muloqot tashkil etildi. Muloqot davomida XPK raisi Sherzod Qudratxo‘jayev hokimga faoliyati va shaxsiy hayoti bilan bog‘liq bir necha savollar bilan murojaat qildi, deya xabar beradi Sputnik.

Toshkent shahar hokimi ish vaqti nechadan va nimadan boshlanadi?

“Hozirgi kundagi ish vaqtimiz ertalab soat 7: 00 dan boshlanadi. Ishni hokimlikka kelgunga qadar yo‘lni kuzatishdan boshlayman. Ish vaqti kechasi 12 yoki birlarda tugaydi, vaziyatga qarab. Ishlayapmiz, lekin shu ish vaqti ham kamlik qilyapti”, — dedi Ortiqxo‘jayev.

Biznesdan ketdimi-yo‘qmi?

Hokim bo‘lib tasdiqlangach, O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan Artel, Imzo korxonalari muassisi Ortiqxo‘jayevning biznesdan ketgan-ketmaganligi masalasi ham ko‘pchilikni qiziqtiradi. Qudratxo‘jayev tomonidan berilgan shunga o‘xshash savolga: “Albatta, biznesdan chetlandim. Ammo hokimiyatda biznes yuritish niyatim bor”, dedi hokim va “hokimiyatni faqat pul ishlatuvchi emas, balki pul topuvchi organga aylantirish niyati borligi”ni ma’lum qildi.

Artel, Imzo tenderlarda imtiyozlarga ega bo‘ladimi?

Sobiq tadbirkor o‘zi muassisi bo‘lgan korxonalarga kelajakda Toshkent shahrida bo‘ladigan qurilish ishlarida qandaydir imtiyozlar beradimi, degan savolga Ortiqxo‘jayev oldin ham bunaqa ishlar bilan shug‘ullanmaganligini va bundan keyin ham shug‘ullanmasligini ma’lum qildi.

“Xalqimizning o‘zining ixtiyorida, mahsulotlarimiz sifatli bo‘lsa, raqobatga dosh bera olsa, olishlari mumkin”, dedi u.

Tadbirkor sifatida ishni nimadan boshlagan?

Artel, Imzo singari nozik texnologiyalar asosida ishlaydigan mashhur ishlab chiqarish korxonalariga rahbar bo‘lgunga qadar faoliyatini sartaroshxona shirkati egasiligidan boshlaganini ma’lum qildi.

“O‘sha vaqtda kooperativ firmalar ochilgan, men kichikrok sartaroshxona va poyabzal tuzatish ustaxonalari shirkatini ochganman”, dedi Ortiqxo‘jayev.

O‘z komandasida kimlar bo‘lishini xohlardi?

Ishni yaqinda boshlagan hokim o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishish uchun atrofida qanday insonlarni ko‘rishni istashi to‘g‘risidagi savol ham ko‘pchilikni qiziqtiradi.

Ortiqxo‘jayev bu savolga javoban shunday dedi: “Hokimlarga maslahat beruvchilar ko‘p bo‘lar ekan, bunga yana bir karra amin bo‘ldim. Men ham maslahat berib, ham o‘sha g‘oyani o‘zi amalga oshiradigan odamlar komandamda bo‘lishini xohlayman”.

Hokim bo‘lib tayinlangach, ishni nimadan boshlashni lozim topgan?

Ortiqxo‘jayev ishni nimadan boshlashni lozim topganligidan tashqari, Toshkent shahri oldida turgan qator muammolar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.

Hokimning so‘zlariga qaraganda, ishni o‘zi ishlayotgan tuzilma bilan tanishishdan boshlagan. “Bu sistema qanday yo‘lga qo‘yilgani bilan tanishib, biznes bilan hokimiyat tizimining umuman boshqachaligini his qildim. Men uchun bu tizim yangi bir hayot, yangi bir ish bo‘ldi”, — dedi u.

Muammolar haqida so‘z ochar ekan, O‘zbekiston poytaxtining Bosh rejasi (Genplani) yo‘qligini ta’kidlab o‘tdi. “Uzoq va yaqin strategiyasi yo‘q. Ya’ni 10 yildan keyin nima bo‘ladi, besh yildan keyin-chi? Yigirma yildan keyin Toshkentni qanday ko‘ramiz? Bu savollarga javoban aniq strategik reja qilinmagan edi shu paytgacha. Keyin hokimiyat faqat xizmat ko‘rsatuvchi organga aylanib qolgan. Supurish-sidirish, qurilish va boshqa ishlar… Ya’ni o‘zi alohida bir pul topib, yanada pulni ko‘paytirib, u yerda biznesni, ya’ni xususiy korxonalar bilan birgalikda, sherikchilikda ishlashni rivojlantirmagan ekan. Kommunal, yo‘l-transport sohalari eskirib ketganligi diqqatimni tortdi. Bularning barchasini yangitdan ko‘tarish kerak”, — dedi hokim.

Shuningdek, Ortiqxo‘jayev tumanlarning markazi yo‘q bo‘lib ketganligini aniqlaganini qo‘shimcha qildi.

Toshkent hokimi ulgurji bozorlarni shahar ichidan chetga olib chiqilishi haqida ham so‘z ochdi.

“Dunyoning hech bir joyida yo‘qki, ulgurji bozor bilan savdo rastalari bir joyda bo‘lsa", dedi Ortiqxo‘jayev va bunday nomutanosiblikka barham berishini ma’lum qildi. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, ulgurji bozorlar kelajakda shahardan 80 kilometr chetroqqa ko‘chirilishi mumkin.

Toshkent rahbari aholining yashash joyiga qarab, sport majmualari, bog‘cha, savdo do‘konlari va boshqa ijtimoiy obyektlar to‘g‘ri taqsimlanmaganligiga e’tibor qaratdi.

“Misol uchun bitta tumanda 200 ming aholiga sport majmualari 10 ta bo‘lsa, boshqa tumanda 300 ming aholiga bunday majmualar soni 3 tani tashkil qiladi. Bunga o‘xshash ko‘plab muammolar bor. Ularning barchasini deylik 3 yoki 5 yilda to‘g‘rilasa bo‘ladi, rejalashtirish orqali hal etish mumkin. Bugungi kunda biz hatto 5 oyda to‘g‘irlasa bo‘ladigan muammolarni ko‘rib, o‘rganib chiqayapmiz”, — dedi Ortiqxo‘jayev.

Ma’lumot uchun, Jahongir Ortiqxo‘jayev 1975-yil 2-yanvarda Toshkentda tug‘ilgan. 1991—1996-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tahsil olgan. Mutaxassisligi iqtisodchi. Toshkent shahrida “Artel injiniring” MChJ direktori lavozimida ishlab kelgan.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Toshkent shahri hokimi, biznes, chetlandimi | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz