Bugungi davrda internet, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi ayrim guruhlarning harakatlari ko‘plab mamlakatlar aholisiga, ayniqsa, yoshlariga katta xavf tug‘dirib, ularni jar yoqasiga yetaklayapti, tanlagan yo‘lidan adashtirmoqda. Bunday harakatlar bir odam emas, balki ma’lum maqsadni ko‘zlagan, millatni, xalqni parokandalikka yuz tutishiga bel bog‘lagan guruhlarning qilmishi ekani, oq-qoraning farqiga boradiganlarga yaxshi ayon.
Chegara bilmas internet olamining qulayliklari kun sayin ortgani bilan uning zararlari ham ko‘zga tashlanib bormoqda. Har yaxshi narsadan bir yomon maqsadda foydalanish mumkin. Bugun internet, ijtimoiy tarmoqlar yaxshilikdan ko‘ra, yomonliklarga xizmat qilib qolayotganiga ko‘p bor duch kelayapmiz.
Odamlar tilida faqat bir gap: ko‘rdingmi, eshitdingmi, “Ko‘k kit” degan o‘yin chiqibdi? Oiri o‘lim ekan, agar o‘yin ishtirokchisi o‘zini o‘ldirmasa, o‘yin boshqaruvchilari uning ota-onasiga tahdid qilisharkan... Bugun bunday gap-so‘zlar ko‘pchilikning, asosan, internet foydalanuvchilarining qulog‘iga chalingan bo‘lishi tabiiy.
Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarda ko‘plab yoshlarning, o‘smirlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan “Ko‘k kit” o‘yini qurbonlari Toshkentda ham topilibdi, maktab, akademik litsey va kasb hunar kolleji o‘qituvchilariga katta yig‘ilishlarda ogohlantirish berilibdi, degan gaplar kun sayin urchib bormoqda. Mish-mish o‘zi nomi bilan mish-mish, biroq xalqda shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi, deguvchilar ham topiladi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mazkur masalaga oydinlik kiritildi.
“O‘quvchi-yoshlarning internet orqali shunday o‘yinlarni o‘ynayotgani bo‘yicha maktab va mahallalardan bizga ham signal kelib tushdi. Ayni damda qator tashkilotlar bilan bu o‘yin xavfini o‘zida aks ettirgan videoroliklar ishlab chiqyapmiz. Ushbu videoroliklarni maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, qolaversa, mahallalarda ko‘rsatishni rejalashtirganmiz.
To‘g‘ri, Toshkentda ham bu o‘yinni o‘ynayotganlar topildi. Ammo ular o‘z joniga qasd qilishining oldi olindi”, deydi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi vakili.
“Ko‘k kit” o‘yini aslida 2015 yil paydo bo‘lgandi. Rina Palenkova o‘zini, Ussiririyskda poezd ostiga tashlagani tasvirlangan fotosurat internet tarmog‘ida katta g‘alvalarga sabab bo‘lgach, u haqda ko‘p gapira boshlandi.
2016 yil noyabr oyida o‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish holati bir muncha ko‘paygan paytda, kvestlarni yaratuvchisi Filipp Lis shaxsi aniqlanib, asli ismi Filipp Budeykin bo‘lgan o‘spirin Rossiya FXX tomonidan qo‘lga olingan edi.
“Ko‘k kit”ga o‘xshash xavfli o‘yinlar rossiyalik hakerlar tomonidan o‘ylab topilgan. Bunday o‘yinlarning maqsadi bir – o‘yin ishtirokichisini o‘z joniga qasd qilishga undash. O‘yinga qiziqib kirib qolgan internet foydalanuvchisi o‘z-o‘zidan uning domiga tushib qolganini bilmaydi. Boisi o‘yinni boshlaganlarga bu o‘yin zararsiz ekani tushuntiraladi”, deydi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jaev.
Qamariddin Shayxov