20:54 Toshkentga kelgan JSST byurosi direktori nosvoy savdosini to‘xtatishga chaqirdi | |
Nosvoy ishlab chiqarish va uni sotishga chek qo‘yish – noinfeksion kasalliklar oldini olish choralaridan biri sanaladi, dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge O‘zbekistonga tashrifi doirasidagi nutqida. «Noinfeksion kasalliklar eng ko‘p o‘lim holatlariga sabab bo‘ladi. Har yili dunyoda 140 ming kishi noinfeksion kasalliklar tufayli vafot etadi. O‘zbekistondagi har to‘rtinchi odam noinfeksion kasalliklar oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Bu epidemiyani to‘xtatish uchun sog‘liqni saqlash sektori chegarasidan chiqish lozim. Tamaki, shirin ichimliklar uchun soliqlarning oshirilishi, ommaviy axborot vositalarida spirtli ichimliklar reklamasini taqiqlash, nosvoy ishlab chiqarish va uni sotishga chek qo‘yish, tuz iste'molini kamaytirish choralarini ko‘rish, shuningdek, insonlarga faol va sog‘lom turmush kechirishni osonlashtirish – bu choralar turli vazirlik va idoralar tomonidan hamkorlikda amalga oshirilishi kerak», – dedi Xans Klyuge. Ma'lumot uchun, noinfeksion kasalliklar surunkali xarakterda bo‘lishi bilan ham ahamiyatli. Bu tasnifdagi kasalliklar odatda asta-sekinlik bilan rivojlanadi va uzoq vaqtga cho‘ziladi. Noinfeksion kasalliklarning 4ta asosiy turi bor. Bular – yurak-qon tomir kasalliklari (masalan, insult va infarkt), saraton, surunkali respirator kasalliklar (masalan, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi va astma) hamda diabet. Xans Klyugening so‘zlariga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘z faoliyatini asosiy 3ta yo‘nalishda olib boradi: infeksion kasalliklar, noinfeksion kasalliklar va ruhiy sog‘lomlik. Qayd etish kerak, 2018 yil O‘zbekistonda «Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilingan. Qaror bilan 2019-2022 yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Konsepsiyasi va Dasturi tasdiqlangan.
Manba: "kun.uz"
| |
|