23:44 Tramp vaksina sinovini tezlashtirdi. Sinov bugun bo‘lib o‘tadi | |
Bugun, 16 mart kuni AQSHda koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi sinovi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda AP nashri mamlakat hukumati vakilining so‘zlariga tayanib, xabar berdi. Olimlar Vashington shtatining Sietl shahrida joylashgan sog‘liqni saqlash ilmiy-tadqiqot institutida vaksina sinovini o‘tkazishadi. Sinovlarning birinchisi bugun bo‘lib o‘tadi. Sinovlar muddati bir yilga cho‘zilishi mumkinligi aytildi. Sinov “NIH va Moderna Inc” tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan vaksina ustidan bo‘lib o‘tadi. Sinovda 45 yoshdagi sog‘lom ko‘ngillilar ishtirok etishi rejalashtirilgan. Sinovni sog‘lom odamlarda o‘tkazishning maqsadi shundan iboratki, vaksinalar hech qanday bezovta qiluvchi ta’sir ko‘rsatmasligiga ishonch hosil qilishdir. AQSH Milliy allergiya va yuqumli kasalliklar instituti direktori doktor Entoni Fauchining so‘zlariga ko‘ra, agar dastlabki vaksina sinovlari muvaffaqiyatli bo‘lsa ham, uni keng foydalanishga tayyor bo‘lishini bir - bir yarim yil kutishga to‘g‘ri keladi. Bu vaqt davomida vaksinaning zarari yo‘qligini aniqlash uchun minglab odamlarda tadqiqotlar o‘tkazishlari kerak. Nashrning ta’kidlanishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp vaksina sinovlarini zudlik bilan amalga oshirishni talab qilgan. Shuningdek, u vaksinani “nisbatan tezroq” ko‘rishga umid qilmoqda. Ma’lumot uchun, xitoylik olimlar koronavirusga qarshi, OIVni davolash uchun qo‘llaniladigan dorilar va Ebola bilan kurashish uchun ishlab chiqilgan “remdesivir” nomli eksperimental preparatni sinab ko‘rishmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlarida Nebraska universiteti tibbiyot markazi COVID-19 borligi aniqlangan ba’zi amerikaliklarga remdesivirni sinovdan o‘tkazishni boshladi. Aksariyat odamlar uchun koronavirus isitma va yo‘tal kabi yengil yoki o‘rta darajadagi simptomlarni keltirib chiqaradi. Keksa va sog‘lig‘ida muammolari bo‘lgan odamlar uchun ushbu virus pnevmoniyani keltirib chiqarishi mumkin. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirusga chalinganlar soni 173 029 nafarga yetgan. Bu kasallik tufayli 6 663 kishi vafot etgan. Bemorlardan 5,937 nafari yoki 7 foizining ahvoli og‘ir. Shu kungacha kasallikni yuqtirganlarning 77 783 nafari bu virusdan forig‘ bo‘lgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|