15:42 Turkiya prezidenti Fransiya rahbarining islom dini haqidagi bahsli fikriga keskin raddiya berdi | |
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Fransiya rahbari Emmanuel Makronning islom dini xususidagi bayonotiga keskin tanqidiy munosabat bildirdi. Fransiya yetakchisi E.Makron o‘tgan hafta islom dini butun dunyoda inqirozni boshdan kechirayotganini da’vo qilgan hamda «islom separatizmi» haqida munozarali fikrlar aytgan edi. Rajab Toyyib Erdo‘g‘on islom inqiroz holatida degan iddaoni hurmat chegaralarini buzish, ochiq provakatsiya deb baholagan. Turkiya rahbariga ko‘ra, yevropalik ayrim siyosatdonlar o‘z kamchiliklarini yashirish, jamoatchilik e’tiborini chalg‘itish maqsadida musulmonlarga hujum qilmoqda. «Ichki siyosatda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan va omadi yurishmagan yevropalik yetakchilar o‘z uquvsizligini islom dinini nishonga olish orqali yashirishga urinmoqda... Makron ham islom dunyosi inqirozi haqida gapirar ekan, Fransiya hamda fransuz jamiyati duch kelgan buhronni berkitishga intilmoqda», – dedi prezident Erdo‘g‘on. Turkiya rahbari, ayni choqda, ayrim G‘arb mamlakatlarida irqchilik va islomofobiya davlat tomonidan himoya qilinayotganini xavotirli hol o‘laroq qayd etgan. Bu hol jamiyatda tafriqaga sabab bo‘lishini urg‘ulagan Erdo‘g‘on hamkasbi Makronga o‘zini mustamlakachi gubernator emas, vazmin davlat arbobi kabi tutishni maslahat bergan. Turkiya hamda Fransiya rahbarlari Liviya, O‘rtayer dengizi, Tog‘li Qorabog‘ kabi masalalarda turli pozitsiyada. Bu hol tez-tez kuzatilayotgan dahanaki tortishuvlarga ham sabab bo‘lmoqda. Joriy yil avgust oyida Fransiya rahbari prezident Erdo‘g‘on yuritayotgan tashqi siyosat Yevropa ittifoqidagi barqarorlikni izdan chiqarishga qaratilgani haqida bayonot bergan va bu borada YeI manfaatlarini ko‘zlab ish tutish lozimligini ta'kidlagan edi. 2019 yil noyabr oyida esa Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Fransiya yetakchisi Emmanuel Makronning NATO haqidagi bayonotiga keskin tanqidiy munosabat bildirgandi. Fransiya prezidenti «The Economist» nashriga intervyusida NATO «miya o‘limi» holatida ekanini qayd etgan edi. Prezident Erdo‘g‘on esa ushbu nuqtai nazarni asossiz deb atagan va E.Makronning o‘zi miyasini ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifokorga murojaat qilishi lozimligini ta'kidlagan edi. Hoji Bayram Vali universiteti professori Nali Alkanga ko'ra, rasmiy Parijning Sharqiy O‘rtayer dengizi va Liviya masalasida Anqaraga murosasiz siyosat yuritayotgani «aysbergning uchi», xolos. Ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ildizi 1915 yilda armanlarning qatliom qilingani haqidagi da’vo hamda kurd masalasiga borib taqaladi. Professor N.Alkanga ko‘ra, fransuz rasmiylari ko‘p yillardan beri PKK terrorchilarining qilmishidan ko‘z yumib kelmoqda. Ayni choqda, rasmiy Parij 1915 yilda Usmonli davlatida ro‘y bergan voqealarni noto‘g‘ri talqin etib, ulardan bosim o‘tkazish maqsadida foydalanmoqda.
Manba: "xabar.uz"
| |
|