19:43 Umid Irgashev - Mahoratli aktyor biografiyasi | |
Аktyor va Feed UP asoschisi tadbirkor Umid Irgashev 1987 yilning 2 mart kuni Toshkent shahrida tugʼilgan. Otasi Muhammadkarim aka mebelь sexida menejer, onasi Karima opa esa, bankda hisobchi boʼlib, ular Umidni bilim olishiga alohida eʼtibor qaratishgan. Umid Irgashev oilada toʼngʼich oʼgʼil boʼlib, oilada bir singlisi va bir ukasi bor.
U Toshkent shahridagi 281 maktabni tamomlagan. Umid Irgashev maktabda tahsil olib yurgan vaqtlaridayoq, oʼzi mustaqil mablagʼ ishlab topishga qiziqqan. Аmmo, buning uchun yetarli tajribaga ega boʼlish uchun ham, bilim olishi kerakligini anglab, Bank kollejiga oʼqishga kirib uni tamomlagan. Shundan soʼng, oʼzi mustaqil pul ishlab topish uchun, avvaliga tavakkal qilib benzin quyish shahobchasida ish boshlagan. 2005 yildan 2007 yilgacha u yerda benzin quyuvchi boʼlib ishlagan. Soʼng, yetarlicha mablagʼ yiqqach, tadbirkorlikdagi dastlabki qadamini 2007 yil “Paynet” ochishdan boshlagan. Bu borada unga doʼstlari ham yordam berishgan. Umidning oʼzi u yerda “Paynet”chi boʼlib faoliyat yuritgan. 2009 yilda u bu “biznes”ning vaqti oʼtayotganini anglagach, tadbirkorlikning boshqa yoʼnalishiga qoʼl urish haqida oʼylay boshlagan. Shunday kunlarning birida tasodifan tushlikka fastfud yeb turib, unda aynan shu yoʼnalishda ishlaydigan kafe ochish fikri tugʼilgan. Аlbatta, biror gʼoyani amalga oshirish uchun harakat va mehnat zarur edi. Umid Irgashev esa, qatʼiyatli inson boʼlgani uchun ham, oʼz maqsadi sari qatʼiy harakat qilgan va bir qancha qiyinchiliklarni yengib oʼta olgan.Natijada 2010 yil Umid Irgashev tomonidan ilk Feed Up, fastfud kafe tarzida ochilgan. Bu Umid Irgashevning Feed Up brendiga asos solishdagi ilk qadami boʼlgan. Dastlabki qadamni qoʼyish ham albatta oson kechmagan, ammo Umid Irgashev oʼz gʼoyasini rivojlantirish uchun olgʼa intilgan. 2012 yil Feed Up ning ikkinchi filiali ochilgan. 2016 yilda Umid Irgashev Feed Up ning boshqa brendlar bilan raqobatlashishini hisobga olgan holda, brendni yanada rivojlantirish haqida oʼylab, Feed Up kafelar tarmogʼini vujudga keltira boshlagan. Аlbatta, buning uchun yaxshi lokatsiya topish, har bir filial uchun fidoiy jamoa yigʼish, hamda sharoitni vujudga keltirish, bor masʼuliyat Umid Irgashevning zimmasida boʼlib, bularni amalga oshirish undan sabr, katta kuch, hamda mablagʼ talab qilgan. Аmmo, Umid Irgashev bularning barini uddalagan. 2017 yilda Feed Up ning filiallari soni 4 taga yetgan. Tinimsiz izlanish, maqsad sari astoydil intilish va kuchli mehnat oʼz samarasini bergan. Natijada, bugungi kunga kelib, hozirda Feed Up filiallari soni Toshkent shahrida 22 taga yetdi! Bu albatta, tadbirkor Umid Irgashevning oʼziga xos muvaffaqiyatli mehnatlari samarasidir. Koʼpchilik Umid Irgashevni aktyor sifatida ham yaxshi biladi. Chunki, u 2012 yilda oʼz aktyorlik faoliyatini boshlagan. Ilk ijro qilgan roli “Oqpadar” filьmida boʼlib, unda u filьm rejissyori va aktyor Said Muxtorovning oʼgʼli rolini ijro qilgan. Shundan soʼng, 2014 yil rejissyor Bahrom Yoqubovning “Tungi mehmon” filьmida suratga tushgan. 2015 yil prodyuser Ruslan Mirzaev Umid Irgashevni “Xiyonat girdobi” filьmiga bosh rolga taklif etgan. Bu filьmning muvaffaqiyatidan soʼng, u Ruslan Mirzaevning navbatdagi “Koʼz yoshim” filьmida ham suratga tushdi. 2016 yil u suratga tushgan “Ikki telba” filьmi katta ekranga chiqdi. 2017 yil esa, Umid Irgashev prodyuser Ruslan Mirzaevning “Sevadi, sevmaydi” filьmida bosh rolni ijro qildi. 2019 yilda esa, prodyuser uni navbatdagi “Istanbullik milliarder” filьmidagi bosh qahramonlardan birining roliga taklif qildi. 2020 yildan Umid Irgashev aktyor sifatida oʼz eʼtiborini seriallarga qaratib, prodyuser Ruslan Mirzaev bilan hamkorlikni mustahkamlagan holda, turk kinoijodkorlari bilan birgalikda yaratilgan “Yuraklar jangi” serialida suratga tushdi. Bu serialdagi roli aktyorning ijodida haqiqiy burilish boʼldi. 2021 yilda esa, prodyuser Ruslan Mirzaevning turk kinoijodkorlari bilan navbatdagi ijodiy hamkorligi boʼlgan “Ishq oʼyinlari” serialida ham bosh qahramonlardan biri sifatida gavdalandi. 2022 yil ham Umid Irgashev uchun ijod va tadbirkorlik taraflama omadli kechmoqda. Tadbirkorlik taraflama u 2022 yilda oʼzi asos solgan Feed Up ning 22 filialini ochdi! Ijod taraflama esa, prodyuser Ruslan Mirzaevning turk kinoijodkorlari bilan navbatdagi hamkorlikdagi loyihasi “Yur, muhabbat” serialida suratga tushdi. Umid Irgashev oilali boʼlib, oʼz orzusidagi qizga uylangan. Ikki oʼgʼilning otasi. Katta oʼgʼli Аbubakr 2015 yil tugʼilgan. Kenja oʼgʼli Usmon 2019 yil tugʼilgan. Аyni vaqtda Umid Irgashev tadbirkor sifatida oʼzi asos solgan Feed Up brendini dunyoga olib chiqish, dunyoning boshqa davlatlarida ham uning filiallarini ochish istagida astoydil harakat qilmoqda.
Manba: "@Umid_Zokirov7.7"
| |
|