Главная » 2016 » Октябрь » 24 » Ummon guruhi qiziqchilarning o‘zlari haqidagi xazillariga munosabat bildirdi
12:59

Ummon guruhi qiziqchilarning o‘zlari haqidagi xazillariga munosabat bildirdi


“Ummon” guruhi “Darakchi” gazetasining “Uchrashuv” rukni mehmoni bo‘ldi va ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
 
— 2016 yildagi konsert dasturingizdan so‘ng endi yangi klip suratga olyapsiz. Sababi... 

Jasur: — To‘g‘ri, sababi yakkaxon konsertdan keyin o‘zingizga yaxshi ma’lum guruhimiz shaxsiy hayoti bilan band bo‘lishdi. Shohrux uylandi. Shuning uchun yangi premeramiz shu kungacha qoldirilayotgan edi. 

Shohrux: — Bundan tashqari, bu gal ko‘p sonli muxlislar bizdan kutayotgan sho‘x va raqsinkor qo‘shiq yaralishini kutdik. Chunki doim biroz mahzun qo‘shiqlarga klip suratga olardik. Bugungi tasvirga olayotgan klipni esa tomoshabinlar mazza qilib raqsga tushib ko‘rishlari mumkin. 

Zohid: — Haqiqatdan ham ijtimoiy tarmoqlardan “nega faqat ma’yus kliplar suratga olasizlar?” deb ko‘p murojaatlar bo‘lardi. Endi bunday savollarga o‘rin qoldirmaymiz. Klipimiz juda pozitiv ruhda bo‘ladi. U yerda hatto o‘zimizning ham raqsga tushganimizni ko‘rishingiz mumkin. 

— Yuqorida shaxsiy hayotdagi yangiliklar, o‘zgarishlar haqidagi gaplarni gapirib o‘tdingiz. Shu o‘rinda bir savol: ko‘pincha yigit xonandalar oila qurishdan biroz cho‘chib turadigandek tuyulishadi. Go‘yo, oilali bo‘lgandan keyin ularning muxlislari kamayib qoladigandek. Sizlar-chi? Har holda “Ummon” guruhiga ko‘proq qizlar muxlislik qilishadi...

J.: — Tan olish kerak, cho‘chish hammada bo‘ladi. Tabiiyki, bizlarni ham bunday hayol chetlab o‘tgani yo‘q. Chunki o‘zingiz aytganingizdek, muxlislarimizning aksariyatini qizlar tashkil etishadi. Va albatta, uylanish muxlislarning kamayishiga ta’sir etmasdan qolmaydi. Ammo ish bilan bo‘lib oila, shaxsiy hayotni ham unutib qo‘yish kerak emas. Muxlislarning munosabatiga kelsak, ular bizning ijodimizga shinavandalik qilishlarini istardik. 

Sh.: — Yashirin uylanib, keyin hammaga xuddi bo‘ydoqdek ko‘rinib yurish bizga to‘g‘ri kelmaydi. Bu juda noto‘g‘ri. Tinglovchilarmiz bizni borimizcha qabul qilishlarini istaymiz. 

Z.: — Hayotimizni yaxshi kunini barchaga e’lon qilib, yaqinlarimiz bilan birgalikda nishonlash kabi yoqimli narsani yashirish noto‘g‘ri. Ashaddiy muxlislarimiz bizning hayotimizdagi bunday yaxshi yangiliklardan xuddi o‘zimizdek xursand bo‘lishadi, deb o‘ylayman. 

— Zohid, ikki do‘stingiz ham uylandi. Tabiiyki, endi sizning galingiz...

Z.: — Hozir menga shunday savol berilsa kerak, deb o‘ylab turgan edim (kuladi). Shohrux uylangandan keyin meni ko‘rganlarning deyarli barchasi ushbu savol bilan murojaat eta boshlashdi. Nasib qilsa, keyingi yilga rejalarim bor.

— Gapingizdan kelin kim bo‘lishi ham tayinga o‘xshaydi?

Z.: — Yo‘q-yo‘q, gapimni noto‘g‘ri tushundingiz. Hozir biroz ijod qilib shaxsiy rejalarni keyingi yilga qoldirayotganimni aytdim xolos. Sevganim  yo‘q. Alloh iboli hayoli, oilam deydigan yaxshi qizni uchrashtirishiga ishonaman.

— Demak, xayolan uning suratini chizib bo‘lgansiz... 

Z.: — Albatta! Menimcha har bir inson o‘zi orzusidagi yorini uchratishni istaydi. 

— Zohid, ayting-chi, do‘stlaringiz oila qurgandan so‘ng, o‘zgarib qolishmadimi?

Z.: —  Tan olamizmi-yo‘qmi, o‘zgarish bor. Chunki, yangi hayot, yangi turmush tarzi baribir insonni o‘zgartirmasdan qolmaydi.  Biroq, bu o‘zgarishlar menga unchalik ham bilinmadi. 

Sh.: — Yarim kechasigacha o‘tirishlar yo‘qolgan. 

J.: — Ilgarilari,  soat nechchi bo‘lishidan qat’i nazar ko‘chada yuraverardik. Bugun oilaviy shirin tashvishlar e’tiborimizni tortadi. 

— Keling, unda ijodingiz haqida gaplashishni davom ettira qolsak. So‘nggi konsert dasturingizda xonanda Shahzoda bilan kuylagan duetingiz tinglovchilar tomonidan yaxshi kutib olindi. Bu hamkorlik tarixi bilan bilmoqchi edik. 

J.: — Aslida, bu bir necha yil oldin amalga oshirilishi kerak bo‘lgan rejalarimizdan edi... Ammo Shahzoda va guruhimizning vaqtni bir-biriga to‘g‘ri kelmagani uchun shu kungacha cho‘zildi. Taklifga kelsak, ikki tomon bir vaqtda bu hamkorlik haqida o‘ylaganmiz. Bu duetimiz muxlislarimizga yoqqanidan juda xursandmiz. 

— Navbatdagi savolim ko‘pchilikni qiziqtirishi aniq: sizlarni moliyaviy kim qo‘llab-quvvatlaydi? Shu kungacha rasman biror-bir prodyuser bilan ishlayapmiz, deb xabar bermagansizlar?

J.: — Ijod qilib, ijodimiz orqali topgan daromadlarimizni yig‘ib-terib, har yili konsert berishga, yangiliklar bilan barchani xursand etishga harakat qilyapmiz. 

Sh.: — Hammasi rizq-nasibaga yarasha sekin-astalik bilan amalga oshyapti. 

— Nega prodyuserlar bilan ishlab ko‘rishga harakat qilmaysizlar?

J.: — Erkin ijod qilgandan keyin ijodkor shunga o‘rganib qolarkan. Biz ijodimizni boshlaganimizda yolg‘iz edik, hech kimdan yordam so‘ramay o‘zimizga ishonishga o‘rganganmiz. 

Z.: — Kimningdir reja va tartibiga ko‘ra, shartnomada shunday yozilgani uchun majbur bo‘lib ishlagandan ko‘ra, ko‘nglingiz istaganda ijod qilish maroqliroq. Ijod — buyurtmaga ko‘ra amalga oshiriladigan mexanika emas, axir.

— Kliplaringizni kuzatadigan bo‘lsak, aktyorlik vazifasini o‘zingiz bajarasiz. Aytmoqchimanki, rol o‘ynash borasida ham mahoratingiz yo‘q emas. Kinoda o‘zingizni sinab ko‘rish haqida hech o‘ylab ko‘rmaganmisiz?

J.: — O‘ylab ko‘rganmiz hatto takliflar ham bo‘lgan. Ammo menimcha hozircha buning vaqti emas. Kelajakda esa filmlarda chiqishimiz ham mumkin. Bunda birinchi navbatda albatta bizga ssenariy yoqishi va hayotdagi “Ummon”chilarga yaqin bo‘lishi kerak. 

Sh.: — Men ham albatta kinoda rol o‘ynashni juda istayman. Ayniqsa, Golivvudning jangari filmlardagidek kartinalarda ishtirok etsam, deyman. 

— Qiziqchilarning sizlar bilan bog‘liq turli gap-so‘zlariga qanday munosabat bildirasiz? Ular orasida biroz qaltis gaplar ham qulog‘imizga chalinib turadi... Ulardan hech xafa bo‘lgan paytlaringiz ham bo‘lganmi?

Sh.: — Biz bunday hazil gaplarni hech qachon ko‘nglimizga yaqin olmaganmiz. Birinchidan bu hazil gaplar, jiddiy emas, ikkinchidan ular sahnada biz haqimizda gapirishdan avval o‘zimizni ogohlantirishadi. 

Z.: — Bundan tashqari har birimiz uchun akadek yaqin bo‘lib qolgan insonlarning gap-so‘zlaridan xafa bo‘lishning o‘zi noo‘rin. 

— Bir-biringizdan “dam” oladigan paytlaringiz ham bo‘ladimi?

J.: — Alohida oilaviy dam olishimiz mumkin, biroq bir-birimizdan “dam” olgimiz kelmagan. 

Sh.: — Juda to‘g‘ri gap. Bilasizmi, aksincha biz charchaganimizda, tushkunlikka tushganimizda, xafa bo‘lganimizda bir-birimizga yaqin bo‘lib qolamiz. Ko‘proq suhbatda bo‘lishga, qo‘llab-quvvatlab, tushkunlikdan chiqarishga harakat qilamiz. Hayotda o‘zaro iliq, samimiy munosabatlarimiz bizga kuch berib turadi.

— Do‘stligingiz abadiy bo‘lsin. 

P/S
Haqiqatdan ham bu guruh yigitlarining o‘zaro munosabatlariga har bir inson havas qilsa arziydi. Chunki, bir-birini ko‘z qarashlari orqali tushunib, hatto suhbatda ham qo‘llab-quvvatlashi sezilib turadi. Yomg‘irli kunda ko‘chada yangi klipning tasvirga olish ishlari bilan band xonandalar savollarimizga tez-tez javob berdi-da, yana klipning  ishlariga sho‘ng‘ib ketishdi. Biz esa ularning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan yangi klip premerasiga omad tilib, tasvirga olish maydonchasini tark etdik.   

Blis:
— “Ummon” qachon xafa bo‘lishi mumkin?
Sh.: — To‘ylar kamayib ketsa (hazil)
Z.: — Ko‘ngilni og‘ritadigan yomon gap-so‘zlarni eshitsak. 
J.: — Yaqinlarimizning xafa bo‘lganini ko‘rsak. 

— Reklamaning qaysi usulidan foydalanmagan bo‘lardingiz?
Sh.: — Shaxsiy hayotimizni reklama qilmaymiz.

— Yigitlarning do‘stligini nima  mustahkamlaydi?
J.: — Ishonch!
Z.: — Bir-birini qo‘llab-quvvatlashi.

Muxlis savoli: 
— “Ummon” guruhining eng ashaddiy muxlislaridanman. Bu guruh tashkil etilgandan buyon ularning har bir qo‘shiqlari ko‘nglimdan chuqur joy olib keladi. Kliplarini ham mazza qilib tomosha qilaman. Ammo shu bilan birgalikda ularning o‘ziga yarasha kamchiliklarini ham ko‘ra bilaman. Ularga savolim: kliplaringizda bizning xalqimizga to‘g‘ri kelmaydigan, mentalitetimizda uchramaydigan voqealarni kuzatib qolamiz. Misol uchun “7 qavat” klipini olaylik. Juda ko‘ngilni g‘ash qiladigan voqea tanlagansizlar. Qon, pichoqlanganlar, odatda chet el filmilarida ko‘radigan bosqinchilar... Bu klipning suratga olishdan maqsad nima edi?”
Fotima Hoshimova, Toshkent shahri

“Ummon” guruhi yigitlari: — Bu klipimiz Sanjar Matkarimov va Narimon Sultonxo‘jaev bilan hamkorlikda suratga olingan. U yerdagi voqealar salbiy bo‘lsa ham ana shu orqali tomoshabinlarga tarbiyaviy xulosa bermoqchi edik. Biroq  tan olish kerak, “7 qavat” kutganimizdek natija bermadi. Haqiqatdan ham voqealari tomoshabinga tushunarsiz bo‘lgan. Bundan keyin ana shu kamchiliklar ustida ishlashga harakat qilamiz. 

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi


Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Ummon guruhi | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz