Главная » 2020 » Март » 27 » Uni hamma yomon ko‘radi: Tramp, Putin, Si Szinpin...
20:06

Uni hamma yomon ko‘radi: Tramp, Putin, Si Szinpin...


17 yoshli qizaloq va uning kampaniyasi xalqaro geosiyosatchilar, katta-katta korxonalar rahbarlari tomonidan tanqid qilingan, yomon ko‘rib qolingan. Bu shved qizalog‘i nima «ayb» qilganki, uni Avstraliya Bosh vaziri Skot Morrison, Germaniya kansleri Angela Merkel, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, AQSh prezidenti Donald Tramp, Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron, Italiya Bosh vaziri Juzeppe Konte,  OPEK va ba’zi OAV sharhlovchilari yomon ko‘rishadi va doimiy tanqid qilishadi. Greta Tunberg ismli bu shved qiziga shaxsiy hujumlardan tortib, murakkab da’volargacha bor.

Bu qiz kim o‘zi?

Mashhurlik hammaga har xil davrda keladi. Kimlardir yillar davomida to‘plagan obro‘si uni shuhrat taxtiga yetaklasa, kimlarnidir yoshligidan xalqaro hamjamiyat nazariga tushadi. Greta yoshligidanoq e’tibor markaziga tushgan qiz.

Greta Tintin Eleonora Ernman Tunberg 2003-yil 3-yanvarda tug‘ilgan. Shvedlarning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ekologik faoli. Gretaning iqlim o‘zgarishlariga qarshi qaratilgan kampaniyasi xalqaro miqyosda tan olingan. Uning ochiqchasiga siyosiy rahbarlar, iqlimga salbiy ta’sir o‘tkazayotgan korxona va fabrikalar egalarini ayovsiz tanqid qilishi uni taniqli insonga aylantirib qo‘ydi. Tanqid ostida qolganlar ham bu fikrlarni inobatga olib, hech bo‘lmaganda bitta «shirin» so‘zi bilan siylab qo‘ydi.  So‘z erkinligi o‘ta erkin Shvetsiyadagi yig‘ilishlarda iqlim inqirozi deb ta’riflagan muammolarni hal etish uchun zudlik bilan choralar ko‘rishni talab qiladi. Xullas, 16 yoshida butun jamiyatning «og‘riqli nuqtasidan» ushlab qo‘ydi.

Greta birinchi marta 2018-yil avgust oyida o‘zining faolligi bilan tanilgan. 15 yoshida Shvetsiya parlamenti binosi oldida  «Maktabning iqlim uchun ish tashlashi» yozuvi bilan global isish bo‘yicha norozilik harakatini uyushtirdi. Ko‘p o‘tmay, boshqa talabalar xuddi shunday noroziliklarni o‘z jamoalarida o‘tkazishdi. Birgalikda ular «Kelajak uchun juma» nomli maktabda iqlim aksiyasini o‘tkazdilar.

Tunberg 2018-yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida nutq so‘zlashga sazovor bo‘ldi. U sog‘lom hayot tarzini tanlashga, shu jumladan, havo qatnovidan voz kechish va go‘sht yemaslikka qaror qildi.

Uning to‘satdan bunday shon-sharafiga ega bo‘lishi xalqaro yetakchilar nishoniga aylantirdi.  2019-yil may oyida Tunberg «Time» jurnalining muqovasidan o‘rin oldi. Tahlilchilar uni  «keyingi avlod lideri» deb atadi. Ba’zi ommaviy axborot vositalari uning jahon sahnasidagi ta’sirini «Greta Tunberg effekti» deb ta’riflashgan. Bu qiz 16 yoshida shunday mashhurlikka ega bo‘ldi.

«Liderlar» Gretaga nega Nobel bermadi(mi?)

Tunberg ko‘plab mukofot va mukofotlarga sazovor bo‘lgan, shu jumladan, Shotlandiya Qirollik Geografik Jamiyati, «Time» jurnali tomonidan 2019-yilning eng ta’sirli 100 kishidan biri, deb tan olingan. Tunberg 2019-yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatilgan, oqibatda esa Efiopiya Bosh vaziri Abiy Ahmad Ali taqdirlangan. Xullas, «xalqaro liderlar» «Nobel» mukofotini yosh qizaloqqa berishni istamadi.

Duel: Greta va boshqalar

Hammasini qizaloqning o‘zi boshladi. Greta BMT sammitida Donald Trampni ekotizimni himoya qilmayotganlikda ayblagach, AQSh rahbari Greta Tunbergni o‘z «Tvitter»dagi sahifasi orqali mazax qildi. U shunday yozdi: «U juda baxtli yosh qizga o‘xshaydi. U porloq va ajoyib kelajakni kutmoqda. Ko‘rinishidan juda yoqimli!». Greta ham jim o‘tirmadi. Darhol, o‘z «Tvitter» sahifasida «Porloq va ajoyib kelajak kutayotgan baxtli yosh qiz» deb yozib qo‘ydi.  2019-yil sentyabr oyida Donald Tramp Tunbergning jahl bilan dunyo rahbarlariga murojaat qilgan videosi bilan o‘rtoqlashdi, shuningdek, «odamlar o‘layapti, butun ekotizim buzilmoqda. Biz ommaviy qirilib ketish yo‘lidan bormoqdamiz» degan so‘zlarini mazax bilan keltirdi.

2019-yil iyul oyida OPEK (Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti) bosh kotibi Muhammad Barkindo «iqlim o‘zgarishi tarafdorlari tomonidan neft sanoatiga qilingan hujumlar»dan shikoyat qilib, ularni «ehtimoliy eng katta xavf» deb atadi. Bu Greta Tunbergga qarata otilgan tosh edi.

Tunbergning «Parij kelishuvi» shartlarini bajarmaganliklari uchun Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarni sudga berganidan so‘ng, Emmanuyel Makron shunday dedi: «Bunday radikal pozitsiyalar (Tunberg tomonidan ushlab turilgan pozitsiya) bizning jamiyatlarimizga zid keladi. U to‘sqinlik qiladigan narsalarga kengroq e’tibor qaratishi kerak...». Fransiyaning Ekologik va inklyuziv ishlari bo‘yicha davlat kotibi Brune Poirson ham uni tanqid qilib,  «U qanday yechimlarni taklif qilayotganini o‘zi ham bilmaydi», deb ta’kidladi.

Tunbergning iqlim o‘zgarishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yondashishi G‘arb demokratik mamlakatlarda qarorlar qabul qilishdagi murakkabliklar bilan to‘qnashishiga olib keladi.

2019-yil oktyabr oyida Vladimir Putin Tunbergni «juda mehribon va samimiy qiz» deb ta’riflab, xalqaro hamjamiyat manfaatlariga xizmat qilishga chaqirdi. Putin Gretani «kam ma’lumotga ega» deya tanqid qildi: «Hech kim Gretaga zamonaviy dunyo murakkabligini, Afrikadaning yoki Osiyoning aksariyat mamlakatlaridagi odamlar Shvetsiyadagi kabi mablag‘ga ega emasligini tushuntirmagan».

2019-yil dekabr oyida Greta tvitida Braziliyadagi sodir bo‘layotgan voqealarga munosabat bildirib shunday dedi: «Tub xalqlar o‘rmonlarni  himoya qilishga uringanlari uchun tom ma’noda o‘ldirilmoqda. Qayta-qayta. Dunyo sukut saqlamoqda. Uyat». Braziliya prezidenti Bolsonaro 16 yoshli shved qizining gaplariga javoban shunday dedi: «Greta hindular Amazonni himoya qilgani uchun vafot etganini aytdi. Bu qanchalik «brat» (bema’nilik). Matbuot bu kabi be’maniliklarga joy berayotgani juda achinarli».

Tunberg zudlik bilan Tvitterdagi sahifasida «brat» so‘zini «pirralha» so‘ziga (portugalcha bemalol) o‘zgartirib yozib qo‘ydi.

Greta hammani ogohlantirdi: «Tabiat sizlarni jazolaydi». Balki koronavirus tabiatga o‘tkazgan zug‘umlarimiz mahsulidir...

Gretaning orzusi «korona»mi?

COVID-19 pandemiyasi misli ko‘rilmagan darajada iqtisodiy zararlar olib keldi. Zavod fabrikalar yopildi, yirik sanoat davlatlari milliardlab zarar ko‘rmoqda. Eng qizig‘i shundaki, Greta ekotizimni ifloslayotganida ayblagan davlatlar aynan virusni deb katta zarar ko‘rmoqda: Xitoy, AQSh, Fransiya... Ajablanarli tomoni  NASA fazodan olgan rasmlarida virus tarqalgan hududlarning osmoni musaffolashayotgani ayon bo‘ldi. Pandemiyadan insoniyat katta zarar ko‘rdi, biroq tabiat... Balki xalqimiz shunga aytgandir: «Kimga aza, kimga to‘y».

«O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu quruq barobar yonar» ekan. Bu koronavirus degani faqat tibbiyotning ilg‘or tizimlariga ega davlatlarni «bosh changalsa ham, mayli edi» sog‘liqni saqlash tizimlari zaif bo‘lgan davlatlarning ham oyog‘idan «tishlayapti». Insoniyat ilk bora bunday pandemiyalar bilan yuzlashgani yo‘q. Ko‘p-ko‘p o‘zi kuygan... Ispanka, Ebola, koronavirus...

Barcha epidemiyalardan tabiat sog‘lomlashib chiqqan.

Xitoy ekologiya va atrof-muhit vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida «bahavo kunlari»ning o‘rtacha soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,5 foizga oshgan. Ha, xitoyliklar ham «musaffo osmon ostida» yashashni o‘rganishyapti!

NASA va Yevropa kosmik agentligi tomonidan chiqarilgan sun’iy yo‘ldosh Chin diyori fazosidan olgan rasmlari yanvar-fevral oylari orasida Xitoyning yirik shaharlarida azot dioksidi chiqindilarining - transport vositalari, elektr stansiyalari va sanoat ob’yektlari tomonidan keskin kamayganligini namoyish etdi. Sanoat elektr stansiyalaridan chiqadigan zaharli gazlardan iborat bulutlar deyarli yo‘q bo‘lib ketdi.

3-fevraldan 1-martgacha CO2 chiqindilari kamida 25 foizga kamaydi, deya xabar beradi Atrof-muhitni ifloslanishiga qarshi tadqiqot markazi Energetika va toza havo bo‘yicha tadqiqotlar markazi (CPEA).

Dunyodagi eng katta ifloslantiruvchi davlat bo‘lgan Xitoy har yili dunyodagi CO2 chiqindilarining 30 foizini chiqaradi. Katta ehtimol bilan Xitoy Gretaning eng xavfli dushmani edi. Ikkinchi raund Gretaning foydasiga ishladi, desak adashmaymiz.

Xitoy atmosferasi. Foto: The Guardian.

Ba’zida o‘ylab qolasan: tojdor virus «Gretaning orzusi»mi?

17 yoshida dunyo yetakchilarining aksariyatining jig‘iga tegib ulgurgan qizaloq kundan-kunga o‘z pozitsiyasini mustahkamlamoqda. Shunday qilib uni hamma yomon ko‘rib qoldi: Tramp, Putin, xitoylik Si Szinpin...


Manba: "xabar.uz"
| Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz