09:39 Xitoy O‘zbekistonga banan yetkazib bermasligi ma’lum qilindi | |
Yanvar oyi oxirda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga Xitoydan keltiriladigan bananlarda koronavirus infeksiyasi borligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Bu xabar ayrim savdo nuqtalarida banan narxi keskin tushib ketishiga olib keldi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda boshqa davlatlarda yetishtirilgan bananlar ham Xitoyning koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Uxan shahrida saralanishi haqida ma’lumotlar tarqaldi. Aslida O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan bananlar asosan Rossiyada saralanadi. “Korzinka.uz” supermarketlari tarmog‘i vakillari ham bananlar Sankt-Peterburg orqali Ekvadordan keltirilishini tasdiqladi. EastFruit tahlilchilariga ko‘ra, O‘zbekiston shundoq ham banan eng kam iste’mol qilinadigan mamlakatlardan biri hisoblanadi: fuqarolar o‘rtacha yiliga atigi 700 gramm yoki 5 dona banan iste’mol qiladi. Ya’ni, mamlakat aholisining katta qismi umuman bananlarni xarid qilmaydi. Ma’lumot uchun, koronavirus faqat tirik organizmlar, jumladan, odamlar yoki jonivorlar orqali o‘tishi mumkin. Bananlar hatto Xitoyda yetishtirilgan yoki saralangan bo‘lsa ham, ulardan virus yuqtirishning imkoni yo‘q.
Manba: "daryo.uz"
| |
|