18:07 Xitoy va AQSh o‘rtasidagi savdo urushidan Vetnam qanday foyda ko‘rmoqda? | |
So‘nggi ikki yilda Vetnamning AQSh va Xitoy bilan savdo aloqalari favqulodda rivojlanib ketdi. Natijada Vetnam Osiyo davlatlari orasida eng yaxshi iqtisodiy o‘sishga erishmoqda. Vetnamning AQSh va Xitoy bilan iqtisodiy aloqalari rivojlanishiga bu ikki gigant o‘rtasidagi savdo urushi sabab bo‘ldimi? Quyida shu haqda fikrlar keltiriladi.Trampning saylovoldi dasturi AQSh prezidentligiga respublikachilar partiyasidan o‘z nomzodini qo‘ygan Donald Tramp 2016 yilning yozida saylovchilar bilan uchrashganda ilk marta Xitoyni tanqid qilib, bu davlatni valuta qallobliklarida ayblab chiqqandi. O‘shanda Tramp «Biz Xitoyga mamlakatimizni zo‘rlashda davom etishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Bu holatni o‘zgartiramiz. Bizda hamma kartalar bor, shuni unutmang», degan edi u. Tramp prezidentlikka saylangach uning Xitoy manziliga yog‘dirayotgan tanqidlari keskinlashdi va u bu davlat mahsulotlariga solinayotgan boj miqdorini oshirish lozimligi haqida gapira boshladi. 2018 yil 23 yanvarda Tramp AQShga olib kiriladigan quyosh batareyalari va uy-ro‘zg‘or texnikalari uchun boj miqdorini 30 foizga oshiradi. Tabiiyki, bunday buyumlar AQShga asosan Xitoydan olib kiriladi. 2018 yil apreliga kelib Xitoydan AQShga olib kiriladigan ma'lum turdagi mahsulotlarning birinchi 50 milliardlik qismi uchun bojxona to‘lovlari 25 foizga oshiriladi. Umumiy ro‘yxatga 1 300 xil mahsulot kiritiladi. AQShning bu ishiga Xitoy tomoni ham qarab turmaydi, xitoyliklar darhol AQShdan keladigan go‘sht, mevalar va yana ayrim mahsulotlar uchun bojni oshiradi. Keyinchalik Tramp AQShga kiritiladigan Xitoy mahsulotlarining dastlabki 200 milliard, so‘ng dastlabki 250 milliard dollarlik qismiga 25 foiz boj solish haqida qaror chiqardi. Shu tariqa, Xitoy va AQSh o‘rtasida «savdo urushi» boshlanib ketadi. Xitoy ham qaysarlarcha AQSh mahsulotlaridan olinadigan bojni oshiraverdi, ammo kuchlar teng emasdi. Shu tufayli 2018 yilda boshlangan «savdo urushi»dan keyin 2019 yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi biroz pasaydi va 541,22 milliard dollarni tashkil etdi. Savdo urushidan yutgan tomon Vetnam bo‘ldi(mi?) Vetnam iqtisodiyoti bir necha yillardan buyon muttasil o‘sib keladi, ayniqsa so‘ngg ikki yilda. 2018 yil xalqaro moliya tashkilotlari bu mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish 6,7 foiz bo‘lishini prognoz qilgandi. Yil oxiriga kelib ko‘rsatkich kutilganidan ham yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etayotgani ma'lum bo‘ldi. 2019 yil esa Vetnam YaIM hajmi 7,02 foizga o‘sdi. Vetnam iqtisodiyotining so‘nggi ikki yilda oldingi yillardagiga qaraganda sezilarli farq bilan o‘sganiga AQSh va Xitoy o‘rtasidagi «savdo urushi» qisman sabab bo‘ldi. Vetnam-AQSh, Vetnam-Xitoy savdo ko‘rsatkichlari oshishi AQSh va Vetnam o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalar Vetnam urushidan 20 yil o‘tib 1994 yilda qayta tiklangach bir maromda rivojlanib kelmoqda. 2018 yilning ikkinchi yarmidan bu davlatlar o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichlari hajmi keskin osha boshladi. AQSh Xitoy mahsulotlariga 25 foizlik boj joriy etganidan so‘ng Vetnam AQShga eksport hajmini oshirdi. 2019 yilda eksport hajmi yanada oshdi. Shuningdek, Vetnamga Xitoy va AQShdan ko‘p miqdorda investitsiya kirib kela boshladi. Sodda tilda aytganda, Xitoy kompaniyalari AQShning bojlaridan qochish uchun ishlab chiqarish korxonalarini yoppasiga Vetnamga ko‘chira boshladi. Xuddi shu ishni Xitoyga mahsulot sotadigan AQSh kompaniyalari ham qildi. Ba'zi mahsulotlar tayyor holda Vetnamga keltirilib, ularga shunchaki Made in Vietnam yorlig‘i bosgan holda AQSh yoki Xitoyga jo‘natilayotgani haqida ham ma'lumotlar bor. Natijada Vetnam iqtisodiyoti o‘sa boshladi. Financial Times nashri bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning dastlabki to‘rt oyida Vetnamning AQShga eksport hajmi 40 foizga oshgan. O‘z navbatida, bu davrda Xitoyning AQShga eksport hajmi 13 foizga kamaygan. «Biz joriy etgan bojga duch kelayotgan ko‘pgina kompaniyalar o‘z korxonalarini Xitoydan Vetnamga va Osiyoning boshqa mamlakatlariga ko‘chirib ketmoqda. Mana, Xitoy nega biz bilan savdo kelishuvi tuzishga oshiqayotganing sababi»,— deb yozadi Tramp bu haqda o‘zining tvitterdagi sahifasida. 2018-2019 yillarda Vetnamning AQShga eksport hajmining oshish sabablari haqida yozgan The Wall Street Journal nashriga ko‘ra, aksariyat eksportchilar Xitoy mahsulotlarini Vetnamga olib kelib, so‘ng uni qadoqlab yoki qadoqlangan bo‘lsa yorliqlarini almashtirib AQShga Vetnam mahsuloti sifatida chiqarmoqda. Aslida esa ular shunchaki reeksport (bir mamlakat mahsulotini import qilib olib kirib, ikkinchi davlatga eksport qilish iqtisodiy tilda shunday deb ataladi) bilan shug‘ullanmoqda. «Trampning tvitterda yozgan gaplariga qaraganda Vetnamdagi holat uni qoniqtiryapti. Muammo shundaki, Trampning hozirgi savdo strategiyasi uzoq yillik emas. Bojni hammaga joriy qilish yoki hech kimga joriy qilmaslik kerak. Agar boj birgina Xitoyning o‘ziga joriy qilinsa, estafeta tayoqchasini boshqalar ilib ketadi», degan edi Xitoy mahsulotlari Vetnam orqali AQShga eksport qilinayotganiga izoh bergan Pictet Wealth Management iqtisodchisi Tomas Koster o‘sha paytda. AQSh bilan iqtisodiy munosabatlari yaxshi bo‘lgan Vetnam hukumati iqtisodiy qing‘irliklarga qarshi qat'iy kurash olib borishini bildirgan. Lekin Vetnamning juda katta hududda dengiz chegaralari borligi sababli AQShga reeksport bo‘ladigan Xitoy mahsulotlari o‘z hududiga kirib kelishini va AQShga eksport qilinishini nazorat qilishiga ishonish qiyin. Birinchidan, Xitoy haddan tashqari qudratli davlat, ikkinchidan, bunday o‘ziga xos transfer maydoniga aylanish Vetnam iqtisodiyotiga foyda keltirmoqda. 2019 yilning dastlabki besh oyi davomida Xitoydan Vetnamga kompyuter va boshqa elektronika buyumlar eksporti 2018 yilning shu davriga nisbatan 80,8 foizga oshgan. Shuningdek, mashinasozlik ashyolari va boshqa mahsulotlar eksporti ham ko‘paygan. Xitoy va AQSh o‘rtasidagi savdo urishidan ayniqsa Vetnamdagi port egalari yaxshi foyda ko‘rishmoqda. Shu o‘rinda aytish kerak, bunday hodisa Vetnam bilan ilk marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Bir necha yil avval AQSh Xitoydan import qilinadigan po‘latga yuqori tarifli boj joriy qilganida Vetnam Xitoy po‘latini AQShga reeksport qilish bilan shug'ullangan. Vetnamning Xitoy mahsulotlarini AQShga reeksport qilayotgani tufayli bu mamlakat haqida salbiy fikrga kelib bo‘lmaydi. Qandaydir davlatlar iqtisodiy sanksiyalarga duch kelganda ularning mahsulotini jahon bozoriga boshqa davlatlar chiqarishi tabiiy hol. Nega Vetnam o‘zi uchun iqtisodiy jihatdan manfaatli bo‘lgan bu savdodan nega kechishi kerak? Bu holat Belarus bilan ham sodir bo‘lgan. 2014 yil Rossiya-Ukraina mojarolaridan keyin G‘arb davlatlari Rossiyaga, Rossiya esa ularga qarshi iqtisodiy sanksiyalar e'lon qildi, tomonlar o‘zaro mahsulot almashishni to‘xtatdi. O‘shanda Belarus Sharqiy Yevropa mamlakatlaridan turli mahsulotlarni import qilib, so‘ng Rossiyaga kirita boshlaydi. 2015 yilda Turkiya Suriyada Rossiya samolyotini urib tushiradi. Bu voqeadan so‘ng Rossiya Turkiya mahsulotlarini o‘z hududiga kiritmay qo‘ydi. O‘shanda Turkiya mahslotlari Rossiyaga Belarus, Moldaviya, Armaniston, Ozarboyjon va Qozog‘iston orqali olib kiriladi. Bir mamlakat ikkinchisiga iqtisodiy sanksiya qo‘yish yoki uning mahsulotlariga baland boj belgilashida avvalo o‘sha mamlakat mahsulotiga ikkinchi mamlakat aholisi tomonidan talab bor-yo‘qligi muhim. Agar talab yuqori bo‘lsa, o‘sha mahsulotlar har qanaqasiga olib kiriladi. Masalan, Xitoy mahsulotlariga AQShda talab yuqori, shu bois Xitoy korxonalari Vetnam orqali cheklovlarni cheklab o‘tmoqda. Vetnam iqtisodiyoti AQSh-Xitoy savdo urushiga qarab qolmagan Agar Vetnam tarixiga nazar solsak, bu davlat SSSR boshliq bo‘lgan «sotsialistik lager»da yurganida qoloq, sanoat rivojlanishi sust, iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga bog‘liq agrar davlat edi. Sotsialistik tuzum mamlakatni rivojlantira olmasligini tushunib yetgan Vetnam 1986 yildan bozor iqtisodiyotiga asoslangan iqtisodiyotga o‘ta boshlaydi. Shundan so‘ng 1990-97 yillarda mamlakat iqtisodi har yili o‘rtacha 9 foizdan o‘sadi. 1991 yilda Vetnamga 2 milliard AQSh dollari miqdorida chet el investitsiyasi kiritilgan bo‘lsa, 1997 yilga kelib bu ko‘rsatkich 32 milliard dollarga yetadi. So‘nggi yillarda Vetnamga jahonning eng ko‘zga ko‘ringan Samsung, LG, Panasonic, Intel, Fuji Xerox kabi kompaniyalari katta miqdorda investitsiya kiritdi. Bugun Samsung kompaniyasi jahon bo‘ylab sotilayotgan mobil qurilmalarining katta qismini Vetnamda ishlab chiqarayapti. Mamlakatning rasmiy nomi «Vetnam sotsialistik respublikasi» deb atalgani bilan bu mamlakat bozor iqtisodiyoti va xususiy mulkchilikka asoslangan iqtisod yuritmoqda. Vetnam aholisi 100 millionga yetgani va bu yerda ko‘p millionli arzon ishchi kuchi borligi, geografik qulay joyda joylashgani ham bu mamlakatga katta miqdorda investitsiyalar kirib kelishiga sabab bo‘lmoqda. 2019 yil Vetnamning eksport-import ko‘rsatkichlari ilk marta 500 milliard dollardan oshdi. Yalpi ichki mahsulot hajmi esa 250 milliard dollarga yetdi. Vetnam YaIM hajmi o‘sish ko‘rsatkichlari oxirgi o‘n yilda 6,5-7 foizdan o‘syapti. Xulosa shuki, Vetnam iqtisodi AQSh-Xitoy savdo urushi boshlanguncha ham o‘sib borayotgandi. Ikki yirik davlat o‘rtasidagi iqtisodiy mojaro esa shunchaki ko‘rchatkichlarga qo‘shimcha dinamika qo‘shdi.
Manba: "kun.uz"
| |
|