22:20 Yaqin soatlarda Xitoydan yana ikkita charter reys amalga oshiriladi – manba | |
Xitoydagi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish bo‘yicha belgilangan uchta charter reysning navbatdagi ikkitasi 5 fevralga o‘tar kechasi amalga oshirilishi kutilyapti. Bevosita Uxan shahridan 80dan ortiq o‘zbekistonlik olib kelinishi mumkin.Koronavirus epidemiyasi tufayli Xitoydagi o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish bo‘yicha yana ikkita evakuatsiya reysi 5 fevralga o‘tar kechasi amalga oshirilishi kutilyapti. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligidagi Kun.uz manbasiga ko‘ra, 5 fevral kuni soat 00:25 va soat 03:30 oralig‘ida Xitoydan kelgan ikki samolyot Toshkentga qo‘nishi kutilmoqda. Samolyotlardan biri Pekindan, ikkinchisi Uxandan parvozni amalga oshiradi. Virus o‘chog‘iga aylangan Uxandan uchadigan samolyotda 80dan ortiq vatandosh olib kelinishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, 4 fevral kuni Pekindan 250 nafar o‘zbekistonlikni olib uchgan Uzbekistan Airways'ning Boeing-767 samolyoti soat 17:21da Toshkentga qo'ndi. Birlamchi tekshiruvlar natijasida olib kelinganlarning hech birida koronavirus alomatlari aniqlanmadi. Ular endilikda 14 kun davomida karantinda bo‘ladi.
Manba: "kun.uz"
| |
|