Главная » 2017 » Август » 27 » Yaqinlik vaqtidagi og‘riq – kasallik belgisimi?
15:15

Yaqinlik vaqtidagi og‘riq – kasallik belgisimi?


Ayollarning 70 foizi vaqti-vaqti bilan yoki muntazam ravishda yaqinlik paytidagi bezovtaliklardan aziyat chekishadi. Biroq andisha ustun kelib, bu haqda hatto juftlariga ham «miq» etishmaydi. Vaholanki, kasalni yashirib, isitmasiga tutilish hech gap emas. Demak, jinsiy yaqinlik vaqti yuz beradigan noxush holatlar va ularning sababi haqida suhbatlashamiz.

Mutaxassis – oliy toifali shifokor–ginekolog Nilufar BO‘STONOVA.

 

Qorinning pastida keskin og‘riq

Juftingiz bilan yaqinlikka kirishgan zahotingiz qovug‘da og‘riq qo‘zg‘alib, bezovtalik qorinning pastki sohasiga tarqaladi. Yaqinlikdan keyin ham og‘riq kuchi sezilib turadimi?

Sababi nima? Ayollar jinsiy a’zolaridagi yallig‘lanish, siydik yo‘li va buyrakdagi shamollash tufayli bo‘lishi mumkin.

Chorasi: ginekolog ko‘rigidan o‘tib, jinsiy a’zo UTTsi, zarur tahlillar o‘tkaziladi. So‘ng yallig‘lanishga qarshi muolaja bajariladi. Bu vaqtda jinsiy yaqinlikka kirishish tavsiya etilmaydi.

Qichishish va achishish...

Teringiz ta’sirchan emas, ammo yaqinlik vaqti jinsiy a’zoda qichishish paydo bo‘ladi. Bezovtalik achishish hissi bilan davom etadi. Yaqinlikdan keyin ham qinda terini kuydirayotgandek bezovtalik bormi?

Sababi nima? Zamburug‘li kasalliklar.

Chorasi: bezovtaliklar sababi zamburug‘lar deb topilsa, shifokor ko‘rsatmasi bilan dori preparatlari qabul qilinadi. Uni keltirib chiqargan omil aniqlanib, davolanadi. Xastalik qaytalamasligi uchun er-xotin birgalikda muolajalar olishi muhim sanaladi. Yo‘qsa, zamburug‘ bir-biridan o‘tib yuraveradi.

 

Tug‘ruqdan keyin

Tushunarsiz bezovtalik, yoqimsiz holatning kuzatilishi tug‘ruqdan keyingi jinsiy yaqinlik vaqti normal hol hisoblanadi. NOzik munosabtalar payti og‘riq kuzatilishi ham mumkin.

Sababi nima? Ko‘pincha tug‘ruq chog‘ida turli jarohatlar yuz beradi. Qin shilliq qavati zararlanishi, chok tushishi kabi. Ginekologik muolaja bajarilgani bilan chok tushgan teri tortilishi mumkin. Bu esa aloqa payti ba’zi noqulayliklarga sabab bo‘ladi. Biroq jiddiy havotirga o‘rin yo‘q. Vaqt o‘tishi bilan organizm asl holiga qaytadi.

Chorasi: chilla davri tugagach, ginekolog ko‘rigidan o‘tib, muammolardan himoyalanish maqsadga muvofiq.

Noxush holat

Nozik munosabatlar sovuqlashgan, yaqinlik vaqti o‘zingizni noqulay sezayapsiz. Aloqaga kirishish qiyin va og‘riqli bo‘layaptimi?

Sababi nima? Qin shilliq qavatining qurishi. Bu holat asosan yoshi katta ayollarda kuzatiladi. Yoshlarda esa yallig‘lanish kasalliklarining asorati sanaladi. Shilliq qavatning kerakli darajada namlanmasligi, aloqaga kirishishni murakkablashtiradi.

Chorasi: qin shilliq qavatining quruqlashishi aniqlanganida shifokor ko‘rsatmasi bilan maxsus shamchalar va surtmalardan foydalanish mumkin. Muolaja tugagunicha jinsiy aloqa man etiladi.

 

Tos suyagidagi og‘riq

Jinsiy aloqa vaqti qinda paydo bo‘lgan og‘riq, asta-sekinlik bilan tos suyagiga uzatiladi. Gavdani ko‘targanda og‘riq belga ham ta’sir qilishi mumkin. Qizig‘i, bu holat faqat yaqinlik payti sodir bo‘ladi.

Sababi nima? Og‘ir jismoniy mehnat turi bilan shug‘ullanadiganlar, tug‘ruq vaqti bel sohasiga yuborilgan og‘riqsizlantiruvchi preparat asorati, umurtqa churrasi, osteoxondroz hamda nevrologik xastaliklar sababli yuzaga kelishi mumkin.

Chorasi: shifokor ko‘rigidan so‘ng aniqlangan muammoga ko‘ra zarur muolaja belgilanadi. Yaqinlik vaqtidagi og‘riq muntazam takrorlansa, albatta mutaxassisga murojaat eting.

Qovuqning tez to‘lib qolishi

Kam bo‘lsa-da, uchrab turadi. Yaqinlik vaqtida ayol qovug‘i to‘lib borayotganini sezadi (hatto bundan avval hojatga borgan bo‘lsa ham). Qinda tushunarsiz og‘riq, peshob ajratishi hissining kuchayishi ham kuzatiladi.

Sababi nima? Yolg‘on chaqiriqlar siydik yo‘llari infeksiyasi, sistitni anglatishi mumkin.

Chorasi: UTT, peshob tahlili, infeksiyani aniqlash maqsadida siydik namunasini ekish usullari tavsiya etiladi. Yallig‘lanishga qarshi muolaja to‘liq bajarilgachgina jinsiy yaqinlikka kirishish mumkin.

 

Ajralmalarning ko‘payishi

Ko‘pchilik ayollarga bu holat yaxshi tanish. Ammo o‘zlaricha turli muolajalarni qo‘llab, vaqtida shifokorga murojaat qilishimaydi. Jinsiy yaqinlikdan so‘ng qindan qonli yoki to‘q jigarrang ajralma keladi.

Sababi nima? Bachadon ichki vositasi (spiral)dan foydalanadigan ayollarda, bachadon bo‘yni eroziyasi yoki servikal kanal yallig‘lanishidan aziyat chekuvchilarda kuzatiladi. Shuningdek, bachadonda turli o‘smalar bo‘lganida ham yaqinlikdan so‘ng qonli ajralma kelishi mumkin.

Chorasi: to‘g‘ri tashhis uchun mutaxassis ginekologik ko‘zgu yordamida bachadon bo‘ynini tekshirishi lozim. Shundan so‘ng aniqlangan muammoga ko‘ra zarur muolaja buyuriladi.

MARJONA tayyorladi.

 


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Salomatlik | | Теги: Yaqinlik, belgisimi?, vaqtidagi og‘riq – kasallik | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz