16:53 Yigitali Mamajonov: Farzandlarimni boshqa ota tarbiyalayotganini kuzatish og‘ir | |
Yigitali Mamajonov kutilmaganda o‘zbek shou-biznesi va kino olamiga kirib keldi-yu, mashhurlikka erishishi ham xuddi shunday tezlashib ketdi. Birovlar buni uning klip va kinolardagi mahoratli ijrosidan deb bilsa, boshqalar uning shaxsiy hayotidagi voqealar sabab, deya talqin etishdi. Lekin nima bo‘lganda ham, bugun Yigitalining o‘zbek san’atida o‘z o‘rni bor. U mahoratli ijrosi bilan ko‘p minglab muxlislar ko‘nglini zabt etdi. Yosh va serqirra ijodkor bugun “Darakchi” mehmoni! U bilan ijod va shaxsiy hayotidagi o‘zgarishlar haqida suhbatlashdik. — Ayni kunlarda xorijda ekansiz... — Uzoqqa ketganim yo‘q. Qo‘shni davlat — Qozog‘istondaman. San’atdan tashqari gul savdosi bilan shug‘ullanishimni bilasiz. Shu ishlar bilan bandman. — Bu safardan maqsad faqat ish emasligini ham bilamiz. Unashtirilibsiz... — (Kulib) Nazarimda, bundan ko‘pchilik xabar topganga o‘xshaydi. Unashtirildim... Mayli, to‘g‘risini ayta qolay, uylandim ham. To‘yimiz oila a’zolarimiz va faqat yaqinlar davrasida o‘tkazildi. — Demak, to‘yingiz Chimkentda bo‘ldi... Nega Toshkentda emas? — Menimcha, to‘yning qaerda bo‘lishi muhim emas. — Turmush o‘rtog‘ingiz chimkentlik ekan... — Muhabbat shunday mo‘’jizaki, u millat, masofa tanlamaydi. Bu tuyg‘u bizga ayni kerak paytda qalbimizda paydo bo‘lganidan xursandman. — Rafiqangiz haqida gapirib berolasizmi? — Shaxsiy hayotim haqida omma oldida gapirishni yoqtirmayman. Shuning uchun turmush o‘rtog‘im haqida gapirmoqchi emasman. Asosiysi, u men uchun aziz va qadrli inson. Allohning istagi bilan bir-birimizga ko‘ngil qo‘ydik. — Uning qaysi jihatlari e’tiboringizni tortdi? — Uni ilk bor ko‘rganimni yaxshi eslayman. Qadrdonlar bilan dam olishda edik, u ham oilasidagilar bilan hordiq chiqarishga kelgan ekan. O‘shanda ikki oila a’zolari xuddi ko‘pdan beri bir-birini bilgandek, qadrdon bo‘lib ketganmiz va keyinchalik ham tez-tez gaplashib turdik. Vaqt o‘tgan sayin u mening prinsiplarim, xohish va tasavvurimdagi inson ekanligiga amin bo‘la boshlaganman. — Ijodingizni kuzatib turardimi? — Aktyorligimni bilardi. Filmlarimni ko‘rgan. Doim ijobiy fikr bildirib, meni qo‘llab-quvvatlaydi. — Farzandlaringiz haqida ham gaplashsak... — Uch yoshimda dadamdan ayrilganman. Keyinchalik onam turmushga chiqdilar. Ikkinchi otam ham juda yaxshi inson, mehrim bo‘lakcha. Bugungi kunda erishganlarim, inson bo‘lib tarbiyalanishimda ularning o‘rni katta. O‘ylab qarasam, bugun mening taqdirim bolalarimning hayotida ham takrorlandi. Har bir ota kabi men uchun ham bolalarimni boshqa ota tarbiyasi ostida katta bo‘lishayotganini kuzatish biroz og‘ir. Lekin Yaratganning o‘zi ularni o‘z panohida asrashiga, kelajakda yaxshi inson bo‘lib voyaga yetishiga ishonaman. Bugun bolalarim bilan gaplashib, ko‘rishib turamiz. Uchrashganda, mehrimni boricha berishga, vaqtimizni mazmunli o‘tkazishga harakat qilyapmiz. — Xitoylik bir alloma “Yo‘lingdan adashgan bo‘lsang, hammasini boshidan boshla. Shunda to‘g‘ri yo‘lni topib olasan”, degan ekan. Bu fikrga munosabatingiz? — Menimcha, hayotda hech narsani boshidan boshlab bo‘lmaydi. Bosilgan yo‘l o‘tib ketdi. Xatolardan xulosa chiqarib yashashning o‘zi insonni yaxshilikka yo‘naltiradi, deb o‘ylayman. — So‘nggi yillar hayotingizda qanday iz qoldirdi? — Fikrlashim, dunyoqarashim va insonlarga bo‘lgan munosabatim o‘zgardi. Hayot va vaqtning qadrini yanada chuqurroq anglashni boshladim. — Yigitali, so‘nggi paytlarda ijodingiz biroz sustlashgandek. Nega kinolarda kamnamosiz? — Tayyorgarliklar avjida, yangi filmlar ustida ishlayapman. Yangi ishga qo‘l urishdan avval uzoq o‘ylanib, ssenariyni yaxshilab tushunib olaman. Tasvirga olish ishlari boshlangunga qadar bo‘lgan tayyorgarlik tufayli aktyorlar ijoddan chekingandek tuyulsa kerak. — Taklif etilgan rolga rozi bo‘lishingiz uchun qaysi omillarga ahamiyat berasiz? — Birinchi o‘rinda albatta, ssenariyni o‘qib chiqib, uning mavzusini inobatga olaman. Keyin esa qanday ijodiy guruh bilan ishlashim ham men uchun muhim. So‘nggi o‘rinda esa beriladigan gonorar masalasini gaplashaman (kuladi). — Siz nafaqat aktyor sifatida, balki sportchi sifatida ham imkoniyatlaringizni ko‘rsata olgansiz. Ayting-chi, rejissyorlar payqamayotgan yana qanday iqtidoringiz bor? — Balki qaysidir imkoniyatlarim bilan tomoshabinni qoyil qoldirishim mumkindir, lekin o‘zim haqimda o‘zim gapirsam, nokamtarlik bo‘ladi. Shuning uchun yaxshisi, rejissyorlar men bilan ko‘proq ishlashsin, shunda o‘zlari guvoh bo‘lishadi (kuladi). — Bugun aksariyat mashhur kinoaktyorlar teatrda faoliyat yurityapti. Sizda ham shunday reja bormi? — Teatr sahnasiga chiqish uchun birinchi navbatda aktyorning o‘zi tayyor bo‘lishi kerak. Teatr umuman boshqa olam! U yerga qadam bosish, bu — yangi bir pog‘onaga ko‘tarilish, demakdir. Teatrda ishlash haqida juda ko‘p o‘ylaganman. Lekin menimcha, bunga hali tayyor emasman. Yana-da ko‘proq, mehnat qilib, izlanib, tajriba orttirganimdan keyin, albatta, spektakllardagi qahramonlarni gavdalantirishni istayman. — Rejissyor sifatida-chi? — Bu juda mas’uliyatli kasb. Ammo film ishlash niyatim yo‘q emas. Agar kino suratga olsam, birinchi o‘rinda detektiv, keyin drama, tragediya va keyinchalik komediya janrlarida ishlagan bo‘lardim. Hayotimizdagi sinov va mashaqqatlarni qahramonning his-tuyg‘u, kechinmalari orqali ko‘rsatib berishni istardim. — Yigitali, shunday vaqt bo‘ldiki, jurnalistlar bilan umuman gaplashmay qo‘ydingiz. Lekin bugun siz bilan bog‘lanish ancha oson. Fikringizni nima o‘zgartirdi? — Ba’zida odam yuragidagi gaplarni kim bilandir bo‘lishgisi kelarkan. Bu holatga so‘nggi vaqtlarda ko‘p tushyapman. Shuning uchun ham jurnalistlar bilan tez-tez muloqotga kirishyapman shekilli... — O‘zingizga qanday savol bergan bo‘lardingiz? — (O‘ylanib) “Kimsiz va aslida nimalar qilishingiz kerak?” deb so‘rardim. So‘nggi vaqtlarda shu haqida ko‘p o‘ylayapman. Lekin javobini hali o‘zim bilmayman. Blis — Hayotingizni ochib beradigan iqtibos? — Insonning qalbi qanchalik pok bo‘lsa, hayoti ham shuncha go‘zallashadi” — Nimadan ko‘proq afsuslanasiz? — Gunohlarim ko‘pligidan... — So‘nggi o‘qigan kitobingiz... — "Saodat asri qissalari". — So‘nggi marta maroq bilan tinglagan Qo‘shig‘ingiz... — "Imany – You will never know"”. — Hayotda nimani yodingizdan chiqarishingiz qiyin? — Xiyonat, aldovni va minnatni. — Bugun kimdan kechirim so‘ragan bo‘lardingiz? — Yaratgan egamdan. Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Manba: "darakchi.uz"
| |
|