09:53 Yillar o‘tib topilgan baxt | |
Ota-onamning yolg‘iz farzandi edim. Tilab-tilab, o‘n yilda topgan farzandini yeru ko‘kka ishonishmas, uyda hatto taom ham mening istagimga ko‘ra pishirilardi. Shunga qaramay onam menga uy-ro‘zg‘or yumushlarini yaxshilab o‘rgatdi. Kitoblarga mehrim bo‘lakcha bo‘lgani uchun Kumush, Ra’no, Zolushka kabi ijobiy qahramonlarga havas ruhi bor edi menda. Shuning uchun meni «Erka bo‘lsa-da, tantiq emas» deyishardi… Oradan yillar o‘tib, maktabni bitiradigan vaqtim yetdi. Oppoqqina, baland bo‘yli, sochlariyu qosh-ko‘zi timqora, bir so‘z bilan aytganda, ko‘zga yaqin qiz bo‘lgandim. Sinfdoshlarim kabi mening ham oldimda «kim bo‘lsam ekan?» degan savol ko‘ndalang turardi. Ochig‘i, shu paytgacha bir qarorga kelmaganim uchun aktrisa bo‘lish istagida Teatr va rassomchilik institutiga otlangan dugonamga ergashdim. Ota-onamdan sir tutgan holda hujjatlarimni topshirdim. Qaytib kelayotganimda ortimdan birov kuzatayotganini sezdim. Qarasam, kelishgan, qad-basti raso yigit. O‘zimni sezmaganga oldim. U to uygacha izma-iz keldi. Darvozamizni yopib, tirqishidan mo‘ralasam, men kirgan eshikka biroz tikilib turdi-da, keyin qaytib ketdi. Shu-shu ortimdan qolmaydigan bo‘ldi. Keyin bilsam, Hayrullo ismli bu yigit Teatr va rassomchilik institutining to‘rtinchi kurs talabasi bo‘lib, mashhur bir rejissyorning o‘g‘li ekan. Kirish imtihonlaridan yiqilib, hayotdagi birinchi zarbani, aniqrog‘i, achchiq saboqni oldim. Xayrullo esa izimni poylashda davom etaverdi. U qildi-bu qildi, xullas, ko‘nglimga yo‘l topdi. O‘n yetti yoshimda ota-onamning qarshiligiga qaramay shu yigitga turmushga chiqdim. Lekin bechoralar mendan oq fotihasini ayashmadi. Keyin ham yosh oilamizni muntazam qo‘llab-quvvatlab turishdi. Qaynonam qattiqqo‘l ayol edi. U bilan turishni istamadim. Erim ijaraga uy oldi. Oradan bir yil o‘tgach, o‘g‘illi bo‘ldik. Xayrullo akam bitirish arafasida bo‘lgani uchun uzzukun institutdan beri kelmasdi. Men esa nuqul bolamni ko‘tarib onamnikiga chopardim. Onam chaqaloqni boqar, yana menga istagan ovqatimni pishirib berib, siylardi. Qarasam, erimnikidan ko‘ra onamnikida yashash menga ko‘proq yoqa boshladi. Bir kuni «bor-e» dedim-da, uyga qaytmay qo‘ya qoldim. Avvaliga erim bir necha kunlik erkalik, deb qo‘yib berdi. Keyin olib ketish payiga tushdi. Biroq menga oilaviy hayot ham, turmush o‘rtog‘iyu ona bo‘lish ham yoqmay qolgandi. «Ajrashaman!» dedim. Ota-onam tushuntirishga harakat qilishdi, erim ostonaga yotib oldi, lekin ahdimdan qaytmadim. Chunki hali ham bola edim. Men ishq deb o‘ylagan narsa shunchaki havas bo‘lib, bir yildayoq so‘ngan, o‘zimni qurbon qilib, farzandimni o‘ylab yashash haqida o‘ylaydigan darajada yetuk inson emasdim. Oilam buzilib ketdi. O‘g‘limni tirik yetim qildim. Buning dahshatini hali yaxshi tushunmasdim. Bolamni onamga qoldirib, bir korxonaga kotiba bo‘lib ishga kirdim. O‘shandagina ersizlik nimaligini tushundim. Yonimdan o‘tgan ham, ketgan ham etagimga osilardi. Rahbarning o‘zi esa ikkinchi xotin bo‘lishni ochiqchasiga taklif etdi. Ishdan bo‘shashga to‘g‘ri keldi. Ota-onam farzandim va meni hech nimadan kam qilmasliklariga ishonardim, ammo ularni bog‘lab berib qo‘ymaganini ham yaxshi anglardim. Tezroq biror kasb egallab, oyoqqa turib olishim kerak edi. Maktabda a’lo baholarga o‘qirdim. Shu sababli o‘zimni qo‘lga olib, bir yil yaxshilab tayyorlandim-da, tibbiyot institutiga hujjatlarimni topshirdim. Omadim kelib, talaba bo‘ldim. Erim bilan ajrashishga ariza berib qo‘ygandim, ammo farzand bilan ajrashish oson emas ekan. Muhlat berishdi. Kirish imtihonlariga tayyorlanish bilan bo‘lib muhlat haqida umuman unutibman. Esimga tushganda, berilgan muddat o‘tib ketgandi. Endi qayta ariza topshirishim kerak ekan. Negadir bunday qilgim kelmadi. Umuman, bu muammo haqida o‘ylamaslikka qaror qildim va uni miyamning eng qorong‘i burchagiga uloqtirdim, o‘qishga mukkasidan ketdim. Erim esa har oy farzandim uchun pul yuborardi. Tasodifan u yer-bu yerda uchrashib qolsak, men bilan bir og‘iz so‘rashar-so‘rashmas, o‘girilib ketardi. Tibbiyot institutida o‘qish oson emasdi. Kitoblar, laboratoriya, amaliyot bilan o‘ralashib, yetti yil ham o‘tdi. Bu vaqtda o‘g‘lim ota-onamning qaramog‘ida bo‘ldi. Va nihoyat, diplomni qo‘lga oldim. Shifoxonalardan birida ish faoliyatimni boshladim. Yoshim yigirma oltiga chiqib, oq-qoraning farqiga boradigan bo‘ldim. O‘g‘lim ham maktabga chiqdi. Shundagina uning otasizligi bilindi. Tengdoshlari orasida ko‘ngli yarimligini sezardim. Men yengiltaklik bilan katta xatoga yo‘l qo‘yganimni allaqachon anglagandim. Biroq ortga yo‘l yo‘q edi. Onam boshqa turmush qilishim kerakligini, bolamga ota zarurligini uqdirardi. Negadir bu haqida umuman o‘ylagim kelmasdi. Erimning ishlari esa anchagina rivojlanib borar, u suratga olgan filmlar og‘izga tushib, mashhur rejissyorga aylangandi. Muxlisalari ham talay bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim o‘zimcha. «Qachon uylanarkan? Bu xabarni qanday qabul qilarkanman? Nahotki u haqida hamon o‘ylasam?..» Oxirgi paytlar ana shunday xayollar menga tinchlik bermasdi. Uzoq kutilgan voqea sodir bo‘ldi. Uning uylanayotgani haqidagi xabar menga qattiq ta’sir qildi. Avvaliga o‘zimni hech nima bo‘lmagandek tutdim. Keyin quvnoq bo‘lishga intilib, kuni bo‘yi bo‘lar-bo‘lmasga xandon otib kulaverdim. Atrofdagilar bundan hayron edilar. Kechga borib kayfiyatim tushib ketdi. «Qanaqasiga uylanadi?! Hali men bilan qonunan ajrashmagan-ku?» deb jahlim chiqardi. O‘sha kecha ilk bora qilgan ishimdan pushaymon bo‘lib, tuni bo‘yi yig‘lab chiqdim. Ertasiga tobim qochib, ishga borolmadim. Indiniga ham. Tomog‘imdan ovqat o‘tmas, uyqumdan halovat qochgandi. Erimning uylanayotgani haqidagi xabarni menga onam yetkazgani uchun ahvolimning sababini bilardi. «Qo‘yaqol endi, uylansa uylanar. Erkak kishi bo‘ydoq o‘tarmidi?! Sen ham baxtingni toparsan», deb yupatishga uringani sayin alamim ortardi. Bir hafta shu alfozda yotdim. Rangimda rang qolmagandi. Shu yetti kun ichida onam menga nimadir aytmoqchi bo‘lib qiynalayotganini sezdim. Oxiri buning sababi oydinlashdi… O‘sha kuni eshikdan Xayrullo akam kirib kelganida, avvaliga hech narsani tushunmadim. Keyin esa hammasi onam bilan hamkorlikda puxta o‘ylab chiqib, sahnalashtirilgan tomosha ekanini angladim. Ma’lum bo‘lishicha, erim ajrashishga kelmaganimdan o‘ziga yarasha xulosa chiqargan. Onam bilan til topishib, o‘g‘limizni tez-tez ko‘rib turarkan, faqat o‘zini dada emas, sehrgar amaki deb tanishtirgan ekan. O‘g‘lim allaqanday sehrgar haqida gapirib yurar, buni bolalik fantaziyasi mahsuli, deb unchalik e’tibor bermasdim. Xullas, sakkiz yil davomida Hayrullo akam sezdirmay doim meni qo‘llab yurgan. O‘sha menga nojo‘ya nazar bilan qaragan korxona rahbarining ham ta’zirini beribdi. Institutda o‘qishlarim bilan qiziqibdi. Imtihon yoki sinovlarni qayta topshirish imkoni menga oson berilishini shunchaki omadga yo‘yib, rosa soddalik qilgan ekanman-da. Ishga joylashishim ham Xayrullo akamning yordami bilan bo‘libdi. Bularning baridan bexabar yurganim esa o‘zimga ortiqcha bino qo‘yganimdan edi. Eng oxirgi yolg‘on esa uylanish xabari bo‘libdi. — Shuncha kundan beri ahvolingga qarab, ichim ezilib yurgandim. Bugun Xayrullojonga qo‘ng‘iroq qilib, ortiq chiday olmasligimni, sirni fosh qilib qo‘yishim mumkinligini aytdim. Shunga o‘zi kela qoldi. — Nahotki, sakkiz yil davomida uylanish, boshqa oila qurish haqida o‘ylamagan bo‘lsangiz? – so‘radim erimdan. – Aslo! Bir soniya bo‘lsa ham senga qayta erishishim, o‘g‘limning meni «dada» deyishidan umid uzishim mumkin emasdi. Shunchaki, sen ulg‘ayishing, hayotning achchiq-chuchugini totishing kerak edi. Qolaversa, menda ko‘ngling bormi, yo‘qmi – buni bilmasdim. Oxiri sabrim tugadi va uylanish haqidagi xabarni o‘ylab topdim. Ammo haliyam ajrashish fikridan qaytmagan bo‘lsang, bu haqda o‘ylab ko‘rishim kerak. Men bunga yo‘l qo‘ya olmasdim, albatta. Xayrullo akamni qattiq sevardim. Faqat buni anglashim uchun uzoq sakkiz yil kerak bo‘ldi. Ahmoqligim tufayli o‘g‘lim shuncha vaqt davomida otasidan uzoqda yashadi. Xayrullo akamni boshqaga berish haqida o‘ylashning o‘zi dahshat edi. Bir paytlar zindon bilib, tashlab qochgan oilaviy hayotimni qayta tiklab, jon-jon deb suyukli yor va onalik vazifalarimga qaytdim. Oradan bir yil o‘tgach esa ikkinchi o‘g‘limiz dunyoga keldi. Endi men bir yo‘qotib topgan baxtimni juda-juda qadrlayman. Shahnoza SOATOVA yozib oldi
Manba: "darakchi.uz"
| |
|