Главная » 2017 » Январь » 4 » Yomg‘ir ostida... Tushkunlikdan xalos bo‘lamiz!
17:57

Yomg‘ir ostida... Tushkunlikdan xalos bo‘lamiz!


Har birimizning hayotimizda noxushliklar bo‘lib turadi. Axir buni hayot deb qo‘yishibdi. Xo‘sh, siz stress tuzog‘iga tez ilinadiganlar toifasidanmisiz? Ularga chap berishni, tushkun kayfiyat ustidan g‘olib chiqishni qanchalik uddalaysiz? Marhamat, maxsus testimiz orqali savollarga javob toping.

Shartimiz

Bir zum xayolan o‘zingizga tanaffus e’lon qiling. Ya’ni bo‘lmag‘ur o‘y-fikrlarni haydab solib, qo‘lingizga 2 ta oq varaq oling. Rassomlar kabi betakror surat chizishingiz shartmas. Shunchaki qalam, ruchka, flomaster yoki mo‘yqalam bilan birinchi varaqqa inson suratini, ikkinchisiga esa yomg‘ir ostidagi odam tasvirini chizing. Ular bir-birini takrorlashi yoki ikkalasi o‘rtasida uzviy bog‘liqlik bo‘lishi shartmas. Qanday istasangiz, shunday chizing. Ya’ni bu bir odamning turli holatdagi ikki xil tasviri bo‘lishi mumkin.

 

E’tibor beramiz!

Endi ikkala tasvirga ham diqqat bilan qarang. Ularning bir-biridan farqlarini sezayapsizmi? Birinchi surat sizning hayotdagi qiyinchiliklarga munosabatingizni bildirsa, ikkinchisi esa muamolarni qanday hal qilishingizdan darak beradi. Yomg‘ir, bu — stress belgisi.

Savollarga javob bering!

Rang o‘zgarishi qanaqa? Suratlarning foni, odamlarning rangi qanaqa? Yomg‘ir tomchilarini qanday rangda tasvirlagansiz?

Ikkala suratdagi odam ham bir jins vakilimi?

Ularning yoshlarida tafovut bormi?

Suratlardagi kishilarning o‘lchami qanday?

Chizgan suratlaringizda qanaqa detallar bor?

Himoyalanganmiz? Soyabon, yomg‘irpo‘sh, bekat?

 

Javoblaringizni sharhlaymiz!

Agar siz yomg‘ir tomchilarini ham, odamlarni ham, umuman surat chizishda yorqin ranglardan foydalangan bo‘lsangiz, demak, inson borki, uning boshiga ish tushadi, deydigan toifadansiz. Stresslar rang-baranglikdan qo‘rqadi, hayotni yorqinlashtirish o‘z qo‘limizda, deb hisoblaysiz. Surat chizishda qora qalam yoki ruchkadan foydalangan bo‘lsangiz, biror muammoga duch kelsangiz, hatto u kichik bir hodisa bo‘lsa ham, dunyo ko‘zingizga qorong‘u ko‘rinib ketadi. O‘zgaring.

Agarki siz ikkala suratda ham yoki ikkinchi rasmda erkak kishini tasvirlangan bo‘lsangiz, faol, shart-shurt qaror qabul qiluvchi, masalaga tez yechim topuvchilar toifasidansiz. Mabodo ayol kishini chizgan bo‘lsangiz, demak, depressiya, ko‘z yosh, muammoni yechishmas, uni chaynash sizga xos. Birinchi suratda ayol, ikkinchisida erkak, yoki aksincha bo‘lsa, o‘zgarayapsiz. Qaysi tomongaligi esa suratdagi odamning jinsiga bog‘liq.

Birinchi tasvirdagi yosh bola yoki o‘smir ikkinchisida ulg‘aysa, sizningcha kattalar hamma masalani yecha olishadi. Ulg‘aysam yoki biror nimaga erishsam (masalan, lavozimim ko‘tarilsa, oila qursam), doim kayfiyatim chog‘ bo‘ladi, deb o‘ylaysiz. Yana yomg‘ir ostidagi odamning yoshi kattaligi muammolarga juda jiddiy qarashingizdan, keksalik esa muammolarni aql bilan yechishingizdan dalolat. Suratlardagi yosh bola yig‘layotgan yoki o‘tirib olgan bo‘lsa, demak, muammolar qarshisida ham erkalik qilasiz. Mabodo u o‘ynayotgan, raqs tushayotgan, kulayotgan bo‘lsa, bolalarcha beg‘uborsiz va siz uchun har narsa ham muammo tug‘dirmaydi, tug‘dirgan taqdirda ham ularni tez yengasiz.

Ikkala suratdagi odamlar tasvirining o‘lchami qanaqa? Kichik bo‘lsa — ko‘ngli noziklik, ta’sirchanlik, ojizlikni bildirsa, juda katta tasvirlash asabiylik, jahldorlikni oshkor etadi. O‘z yoshingiz va bo‘yingizga mosligi, bu — muamolarni «Shunaqasi ham bo‘lib turadi-da endi», deya qabul qilish va o‘z imkoniyatlaringiz doirasidan yechishga urinishingizni bildiradi.

Qora bulutlar — stress holatining sabablarini izlashingizni, ko‘lmak esa juda ta’sirchanlik, uzoq vaqt tushkunlik tuzog‘idan xalos bo‘lolmasligingizni anglatadi. Agar quyosh, kamalak, o‘simliklarni aks ettirgan bo‘lsangiz, hayot faqat muammolardan iborat emas, har qanday holatda ham inson xursand bo‘lishi uchun sabab topiladi, faqat ularni ko‘ra bilish kerak, deya fikrlaysiz. Mabodo devor ham chizsangiz, boshga ish tushganda, albatta, kimgadir suyanish lozim, yolg‘izlik insonni depressiya botqog‘iga yanada g‘arq etadi, deya atrofdan najot izlaysiz.

Endi qanday himoyalanganingizga to‘xtalamiz:

Sizning yomg‘ir ostidagi odamingiz hech qanday himoya vositasiga ega bo‘lmasa va yuzida tabassum aks etmasa, yomg‘ir ostida tursa, rasm detallardan xoli bo‘lsa, shu kunlarda o‘zingizni yolg‘iz, chorasiz, himoyasiz, dunyoning bor tashvishi sizning boshingizda aylanayotgandek his qilayapsiz. Rostan shunaqami? Yoki immunitetingiz stresslarga shunchalik pastmi? Xullas, yaxshilab o‘ylab ko‘rib, o‘zingizni chalg‘iting.

Qo‘lingizda soyabon bor-u, ammo u sizni yomg‘irdan himoya qilmayotgan bo‘lsa, ya’ni yomg‘ir ostida zavqlansangiz, demak, bu dunyoda chorasiz narsaning o‘zi yo‘q, deb, muammolarni kulib qarshilaysiz.

Yomg‘ir tomchilari soyabon ustiga tushayotganini tasvirlasangiz, muammo paydo bo‘ldimi, uni hal qilish kerak, deb chora ko‘rasiz.

Yomg‘irpo‘shga o‘ranib olsangiz, xavfni oldindan sezib, uni o‘zingizga yo‘latmaslik harakatida bo‘lasiz.

Bekat ostida yomg‘ir to‘xtashini kutish esa muammolardan qochishingizdan dalolat.

Shoira VAFOYEVA tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Yomg‘ir ostida, Tushkunlikdan xalos bo‘lamiz! | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz