Главная » 2020 » Январь » 14 » Yoqimsiz suhbatni tugatishning sinalgan 7 usuli
23:18

Yoqimsiz suhbatni tugatishning sinalgan 7 usuli


Ishonchimiz komilki, bir necha bor ixtiyoringizga qarshi kimnidir tinglab o‘tirishga majbur bo‘lgansiz. Ehtimol, poyezdda siz bilan yonma-yon o‘tirib, Amerikadagi katta xolasining o‘g‘lidan tortib, siyosat haqida bilgan-bilmaganini vaysagan hamrohni tinglab, uni to‘xtatolmay xunob bo‘lgandirsiz. Uzoq davom etayotgan suhbatga qanday nuqta qo‘ysa bo‘ladi? Kimningdir shikoyatlari-yu bashoratlari oqimini hech qanday xafagarchiliksiz to‘xtatishga yordam beradigan bir qancha maslahatlarni taqdim etamiz.

1. Rollarni almashtiring va keyin o‘z gapingizni bo‘ling
Suhbatdoshingizga uning muammolarini tinglash uchun vaqtingiz yo‘qligini yoki u juda zerikarli ekanini aytish – juda qo‘pol eshitiladi. Shuning uchun biroz rolga kiring! Hamkasbingiz hikoyasiga qo‘shiling, hayotingizdagi shunga o‘xshash hikoyani o‘ylab toping, keyin esa gapingiz nihoyasiga yetmasidan, kulminatsion nuqtani ijro eting: peshonangizga  urib, suhbatdoshingizning vaqtini olayotganingiz uchun uzr so‘rang: “Axir, sizning ishlaringiz ko‘p edi-ya!” Sergap ekaningiz, boshini og‘ritganingiz uchun samimiy kechirim so‘rang va darhol “surib” qoling. Hamsuhbatingiz emas, go‘yo siz aybdor bo‘lasiz-qolasiz. Bu hatto siz haqingizda yaxshi taassurot uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin.

2. Bu masala bo‘yicha yetarlicha xabardor emasligingiz yoki bunchalik shaxsiy masalalarni muhokama qilolmasligingizni ayting 
Rol o‘ynashni yoqtirmasangiz – o‘z holingizcha bo‘ling va mavzu sizga umuman yaqin emasligini ro‘yi-rost ayting. “Bilasanmi, men siyosiy yangiliklarni umuman o‘qimayman, bu menga qiziqmas”. “Moda haqida shunchalik ko‘p gapirasanki! Biroq men bu mavzuda umuman hech narsa deyolmayman”. Shuningdek, mavzu siz uchun yoqimsizligini, g‘amgin xotiralar uyg‘otishini yoki boshqa bir odamning shaxsiy hayotini, jumladan, salomatligi, e’tiqodi kabilarni muhokama qilmaslik, g‘iybatlashmaslik prinsipingiz borligini ayting. Ehtimol, biroz qo‘polroq ko‘rnarsiz, ammo o‘z prinsiplariga ega shaxs sifatida taassurot qoldirasiz – bu esa hurmatga loyiq.

3. Suhbatning natijasiga urg‘u bering“Mendan qandaydir yechim kutyapsanmi yoki shunchaki yig‘laging kelyaptimi?”, “Bilasanmi, seni eshitishga vaqtim yo‘q, lekin yordam berishni xohlayman, buni hoziroq qilsam bo‘ladimi?” Urg‘uni to‘g‘ri qo‘yish orqali, keraksiz nolalarni bir chetga surasiz. Suhbatdoshingiz shunchaki ko‘ngil yozishni istagan bo‘lsa, odamiga yo‘liqmaganini tushunib, gapiga tezroq yakun yasaydi. Agar rostdan ham yordam berolsangiz – tez ishga kirishasiz. Muhimi, o‘zingizni butunlay sovuqqon qilib ko‘rsatmagan bo‘lasiz. Axir, yordamingizni taklif etdingiz. Sherigingiz bunga rozi bo‘ladimi yoki yo‘q – bu sizning dardingiz emas. 

4. Mavzuni maqtov bilan o‘zgartiring 

Ikki soatlab hayotidan shikoyat qiladigan tanishingizni uchratib qolgan bo‘lsangiz, to‘g‘ri maqtov bilan uning gapini bo‘lishga harakat qilib ko‘ring. “Hayoting qanday rang-barang… Eshit, yaxshigina ozganingni endi payqabman! Qanday qilib bunga erishding?”, “Bekor oralaringiz buzilibdi, lekin o‘zingga bir qaragin, qanchalar chiroylisan! Sochingni bo‘yadingmi?” katta ehtimol bilan suhbatdoshingiz fikridan adashib ketadi va maqtovingizga javob beraman deb dovdirab qoladi. Shunday ekan, tashabbusni qo‘lga oling va suhbatni silliqqina oxiriga yetkazing.

5. Ketish uchun yaxshi sabab toping 
Dazmolni o‘chirmaganingiz yoki bolangizni bog‘chadan olish kerakligi esingizga tushib qolsin. Ammo darhol biror ishni qilishingiz kerakligi haqida haqiqiy sabab topganingiz ma’qul. Masalan, tish shifokori qabuliga yozilgansiz va kech qolyapsiz. Yoki hamkasbingizga muhim bir loyihani tugatish bo‘yicha yordam berishingizni ayting. Suhbatdoshingiz sizdan nari ketmasa, uni bekat, lift yoki eshikkacha kuzatib qo‘ying, qo‘lini siqib, xotirjam ishlashga yo‘l oling.

6. 3 qadamli sxemadan foydalaning

Suhbatdoshingizning zerikarli monologini yakunlash uchun bor-yo‘g‘i uch qadam talab etiladi: 1) sherigingizning gapini bo‘lish; 2) hoziroq bajarishingiz kerak bo‘lgan rejalaringizni aytishingiz; 3) suhbatni ijobiy ohangda yakunlash. Bu qanday bo‘ladi? “Gapingni bo‘lishni istamas edim-u, lekin hozir uyga shoshilyapman, xotinim bilan ro‘zg‘or uchun yangi texnika olgani borayotgandik. Kutib qolmasin, deyapman. Seni yana ko‘rishdan xursand bo‘lardim, yaqin orada uchrashamiz, deb umid qilaman!”

7. Juda “muhim” telefon qo‘ng‘irog‘ini uyushtiring.
Agar shifokor, konsultant bo‘lsangiz yoki biznesingiz mijozlar bilan telefon suhbatlaridan iborat bo‘lsa – gapni tugatish juda oson. Sizni ko‘p ish kutib turganini ayting. Ammo butunlay bo‘sh bo‘lsangiz ham – erkinlikdan bahramand bo‘lishning iloji bor: soxta qo‘ng‘iroq uyushtiring. Kim va nima maqsadda telefon qilayotganini o‘ylab toping. Bu metod so‘zsiz ish beradi, ortiqcha tushuntirishlarni talab qilmaydi. “Kechir, ishlarim bor edi, yana uchrashib qolarmiz…”

Muhimi, xushmuomala va xotirjam bo‘ling, yalinish, o‘zingizni oqlash, ahmoqona tirjayish kerak emas. 90 foiz odam sizni tushunadi va oson qo‘yib yuboradi. Suhbatdoshingiz arzalagan bolakay holatiga kirsa, kiribdi – siz qo‘lingizdan kelganini qildingiz! Kimgadir ma’qul bo‘lishingiz uchun, o‘zingizni va shaxsiy vaqtingizni qurbon qilishingiz shart emas. 


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz