21:53 Yunusobodda qiynoqqa solingan bola ishi. Voqealar rivoji qanday kechishi mumkin? | |
Yunusobodda qiynoqqa solingan bola ishi bo‘yicha yangi tafsilotlar oshkor qilindi.2 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda taxminan 10-15 yoshlardagi bolaning Yunusobod tumanida akasi tomonidan qiynoqlarga solinib, kaltaklab kelingani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Xususan, telegramdagi kanallardan birida e'lon qilingan xabarda «Yunusobodda yashovchi bu bolakay har kuni ayovsiz kaltaklangani, uni o‘zining tug‘ishgan akasi kaltaklab yurgani, akasining turmush o‘rtog‘i bolakayni yomonlab, unga qarshi qayrab har kuni kaltaklatgani, bola uy yerto‘lasida saqlab kelingani» aytilgan. Ma'lum bo‘lishicha, qiynoqlarga solingan bola mashhur aktrisa Madina Muxtorovaning kenja o‘g‘li hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan birinchi videoda bola o‘z akasi tomonidan muttasil ravishda qiynoqqa solinib, kaltaklanishi bayon qilingan. Tasvirlarda bolaning yuzi, qo‘llari, barmoqlari va ayniqsa oyog‘ining son qismi qizargani, ko‘kargan va qontalash bo‘lgani aks etgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bolaga uning akasi tomonidan jismoniy kuch ishlatilgan va buning natijasida u tan jarohatlari olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Tibbiyot muassasasi tomonidan 2 yanvar kuni berilgan 62-sonli ma'lumotnomaga ko‘ra, bolaga yuz va tana sohasining ko‘plab qontalashlari va lat yeyishlari tashxisi qo‘yilib, ambulator davolanish tavsiya etilgan. Ko‘p o‘tmasdan ijtimoiy tarmoqda jabrlanuvchining murojaati tarqaldi. Unda bola aktyorlik to‘garagiga qatnashishi, ushbu videoda ham aktyorlik mahoratini ko‘rsatgani, tanasidagi ko‘karishlarni esa onasining bo‘yoqlaridan foydalanib grim qilgani, aslida ahvoli yaxshiligi, akasi uni hech qachon urmaganini aytadi hamda undan xavotir olayotgan, uyigacha izlab kelayotgan odamlarga minnatdorchilik bildiradi. Aktrisa va uning kenja o‘g‘li holat bo‘yicha aktrisaning o‘rtancha o‘g‘liga da'volari yo‘qligini ma'lum qilishib, bu haqda ariza yozishdan bosh tortishgan. Yunusobod tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi holat yuzasidan bayonot berdi.
Hozirda holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tomonlarning ko‘rsatmalarini tekshirish bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Mazkur holatga albatta mutasaddi tashkilotlar tomonidan huquqiy baho beriladi va tegishli choralar ko‘riladi. Shu o‘rinda ko‘pchilikni voqealar rivojining qanday kechishi qiziqtiradi. Qonun hujjatlariga ko‘ra, shaxsga yetkazilgan tan jarohati va uning og‘irlik darajasi sud-tibbiy ekspertizasi orqali aniqlanadi. Agarda bola va uning yaqinlari sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tishni istashmasa, unda bolani u davolanayotgan tibbiy muassasada tan jarohatlari bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish haqidagi ma'lumotlar asosida ham sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazish mumkin. Shu bilan birga, bola va uning onasi o‘rtancha o‘g‘ilni javobgarlikka tortishni so‘rab shikoyat arizasini yozmasa nima bo‘ladi degan savol tug‘iladi. Bordi-yu, bolaning olgan tan jarohatlari sog‘liqning qisqa vaqt, ya'ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, yuqoridagi holat bo‘yicha o‘rtancha o‘g‘ilga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va 110-moddasi (qiynash) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin. Jinoyat-protsessual kodeksining 325-moddasiga ko‘ra Jinoyat kodeksining 109- va 110-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi jinoyat ishlari aybdorni javobgarlikka tortishni so‘rab jabrlanuvchi bergan shikoyat arizasi asosidagina qo‘zg‘atiladi. Biroq yana ushbu moddaga ko‘ra, jabrlanuvchi nochor ahvolda bo‘lgani, ayblanuvchiga qaram bo‘lgani tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z huquqini va qonuniy manfaatlarini o‘zi himoya qila olmaydigan alohida hollarda prokuror jabrlanuvchining shikoyatisiz ham jinoyat ishini qo‘zg‘atishi shart.
Manba: "kun.uz"
| |
|