14:24 Zangiotada 3 kishini shafqatsizlik bilan o‘ldirgan shaxs ushlandi | |
18 avgust kuni Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» va «j» bandlarida (ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi M.Musaev ushlandi, deb xabar beradi Toshkent viloyati prokuraturasi. Sud tomonidan M.Musaevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi extiyot chorasi qo‘llanildi. Muqaddam joriy yilning 15 avgust kuni viloyat prokuraturasi tomonidan Toshkent viloyati Zangiota tumani «Turobobod» mahallasi Turkiston ko‘chasi 15-uyda M.Komilov (1938 y.t.), Sh.Komilova (1951 y.t.) va Sh.Abdiyevlarning (1967 y.t.) qasddan o‘ldirilganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha M.Musaevga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Jinoyat mazkur mahallada o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi orqali yozib olingan videotasvir yordamida fosh etilgan (hozirgi vaqtda Toshkent viloyati prokuraturasi tashabbusi bilan viloyat hududida huquqbuzarliklarni oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurash faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida 10 mingdan ziyod videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan). Hozirgi vaqtda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda. Eslatib o‘tamiz, 16 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs Zangiota tumanida bir oilaning uch vakilini shafqatsizlarcha o‘ldirgani haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|