17:50 AQSHda ikkita to‘g‘on yorildi. Aholi evakuatsiya qilinmoqda | |
Kuchli yomg‘ir AQSHdagi Tittabavashi daryosidagi ikkita to‘g‘onning yorilishiga olib kelganidan so‘ng, Michigan shtati rasmiylari Midland shahrining 10 mingga yaqin aholisini evakuatsiya qilmoqda. Bu haqda bugun, 20 may kuni CNN telekompaniyasi xabar bermoqda. Midland okrugi ma’murlari kengashi raisi Mark Bouning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda tabiiy ofatdan 3500 ga yaqin uy zarar ko‘rgan. Mahalliy hokimiyatning ma’lum qilishicha, toshqin tuman tarixidagi eng kattasi bo‘lishi mumkin. "1986 yildagi katta suv toshqini 100 yil ichida eng jiddiysi, deb atalgan edi. Ammo hozirgisi 500 yil ichidagi eng katta toshqin", dedi Midland meri Bred Key. Michigan gubernatori Gretchen Uitmer 19 may kuni Midland okrugida favqulodda holat joriy etilishini e’lon qildi. Evakuatsiya qilish uchun u yerga Milliy gvardiya kuchlari yuborilgan. Uitmer, shuningdek, shtatda koronavirus epidemiyasi davom etayotgani sababli vaziyat yomonlashayotganiga e’tibor qaratdi. Maxsus tashkil etilgan vaqtinchalik boshpanalarda qolishga majbur bo‘lganlar uchun gubernator niqob taqishni qat’iy tavsiya qildi. Federal va mahalliy hokimiyat ma’lumotlari asosida hisob-kitoblarni amalga oshiradigan Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHda 1,51 milliondan ortiq koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. 91,1 mingdan ortiq odam vafot etgan. Ayni paytda, Michigan izolyatsiya choralarini asta-sekin olib tashlashga tayyorlanmoqda. Shtatdagi ishlab chiqarish korxonalarining aksariyati 11 may kuni o‘z ishini qayta tikladi. General Motor, Ford va Fiat Chrysler zavodlari 18 may kuni ochiladi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|