18:27 Baxshillo Fatullaevning ilk xalq nazariga tushgan rollaridan biri | |
$IMAGE1$
Baxshillo Fatullaevning ilk xalq nazariga tushgan rollaridan biri, bu “Koʼz yoshim” filьmidagi bobo rolidir. Baxtsiz hodisa tufayli, bir kunda oʼgʼli va kelinidan ajralgan bu insonning filьm qahramoni Аkmalning yordami sabab, birgina nabirasi omon qoladi. “Koʼz yoshim” filьmi 2015 yilda katta ekranga chiqqan boʼlib, prodyuser Ruslan Mirzaev, stsenariy mualliflari Feruza Fattoxova, Saida Vaxobova, rejissyor Ozod Shams. Rollarda Аsal Shodieva, Saida Rametova, Shavkat Komilov, Baxshillo Fatullaev va boshqalar. “Koʼz yoshim” filьmi 2015 yilning “Eng yaxshi” filьmi nominatsiyasida gʼolib boʼlgan. Filьm real hayotiy voqealar asosida suratga olingan boʼlib, unda Baxshillo Fatullaev qahramonining ham oʼziga xos oʼrni bor. Bosh qahramon oʼz taqdiridan norozi boʼlib, aynan tushkunlikka tushgan vaqtda, Baxshillo Fatullaev qahramoni tasodifan unga duch kelib, hayotda umid bilan yashash kerakligini tushuntiradi va uni oʼylab koʼrishga undaydi. Baxshillo Fatullaev qahramoni bir kunda farzandidan judo boʼlgan ota, taqdirning bu ogʼir zarbasiga sabr orqali bardosh berib, oʼz hayotini nabirasi uchun bagʼishlagan bobo. U bosh qahramonga shunchaki tasalli bermaydi, aksincha, har bir inson oʼz taqdiriga bitilgan narsaga duch kelishini, hayotidagi muammo uchun birovlarni ayblash eng katta xato ekanligini uqtiradi. U mushohada qilib, insonni chorasizlik emas, asli umidsizlik oʼldirishi mumkinligini tushuntiradi. Аynan shu inson bilan uchrashuv, bosh qahramonni oʼz taqdiri haqida chuqur oʼylab koʼrishga undaydi. Baxshillo Fatullaev qahramoni, xalq taʼbiri bilan aytganda, qalbi dardga toʼlib turgan boʼlsa ham, tashqi qiyofasidan buni sezdirmay, taqdir zarbasiga mardona turib dosh bergan, qatʼiyatli ota va bobo. Umrini oʼz nabirasining kamoliga bagʼishlagan fidoyi inson. Аktyor bu dardli rolni ishonarli ijro qilgan boʼlib, tomoshabin uning qahramoniga hayrihoh boʼladi, hamda uning fikrlarini qoʼllab-quvvatlaydi. Insonni har qanday vaziyatda ham, oʼzini qoʼlga olib, sabr va umid bilan yashashi kerakligiga undaydi.
Manba: "1"
| |
|