13:01 Bayram dasturxoni va salomatlik | |
Har bir kasallikka xos mumkin bo‘lmagan holatlar bor. Bayram dasturxonini bezatishda yoki noz-ne’matlardan bahramand bo‘lishda ularni inobatga olishga to‘g‘ri keladi. U yoki bu kasallikda qaysi mahsulotlar ma’n etilishini bilib olsangiz, o‘zingizga foyda. Oshqozon kislotaliligi oshishishi bilan bog‘liq gastrit va yara (yazva)da sirka, mayonez qo‘shilgan yeguliklar, marinadlar, spirtli ichimliklar va dudlangan go‘shtlar mumkin emas. Qora qahva va shokoladni ham ehtiyot bo‘lib iste’mol qiling. Oshqozon kislotaliligi pasayishi bilan bog‘liq gastrit va yara (yazva)da drojali xamirdan tayyorlangan pirog va shirin kulchalar, muzqaymoqdan voz kechib turgan ma’qul. Imkon qadar mayonez emas, zaytun yog‘i qo‘shilgan salatlar yeng. Xolesistit, gepatit va pankreatitda asosiysi — yog‘li ovqatlarni cheklash. Yurak kasalliklari, gipertoniya, aterosklerozda dudlangan kolbasalar, yog‘li pishloqlar, jigar, yog‘li go‘sht yeyish mumkin emas. Tuxum, tuzlama va konservalardan ham o‘zingizni tiyib turganingiz ma’qul. Salatlarga mayonez emas, zaytun yog‘i va limon sharbati qo‘shish kerak. Artrit, podagra, modda almashinuvi kasalliklari dukkakli, ismaloqli, shovulli, qo‘ziqorinli mahsulotlardan tayyorlangan taomlardan voz kechib turishni talab etadi. Marinadlar, dudlangan mahsulotlar, yog‘li go‘sht va kremli tortlar ham mumkin emas. Pomidor, qizil vino, uzum, makkajo‘xori, sutdan ehtiyotkorlik talab etiladi. Buyrak yetishmovchiligi va buyrakning boshqa kasalliklarida imkon qadar taomnomadan dudlangan, konservalar, tuzlangan baliq, kolbasa va sosiskalar, achchiq pishloqlar, tuzlangan, achchiq sabzavotlarni chiqarib turish zarur. Qandli diabet un mahsulotlari, shirin mevalar (uzum, banan, nok, anjir va hokazo), sabzavotlar (sabzi, lavlagi), muzqaymoq, tort va pirojniylar, shakar, konfet iste’molini qat’iy ta’qiq ostiga qo‘yadi.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|