Главная » 2020 » Декабрь » 21 » Bosh prokuror ustidan Prezidentga murojaat qilgan Jasur Fozilov lavozimiga qaytdi
08:44

Bosh prokuror ustidan Prezidentga murojaat qilgan Jasur Fozilov lavozimiga qaytdi


Ijtimoiy tarmoqlarda Jasur Fozilov Buxoro shahar prokurori sifatida 20 dekabrdan ish faoliyatini boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinov O‘zAga bu xabar to‘g‘ri ekanini tasdiqladi.

Xabarga oid to‘liq tafsilotlar hali ma’lum qilinmadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa Fozilovning yana bir videomurojaati tarqaldi. Unda prokuror Respublika idoralararo komissiyasi o‘tkazgan tekshiruvi natijasidan rozi ekanini aytgan.

“Assalomu alaykum, muhtaram Prezident. Mening ushbu murojaatim shaxsan sizga. Men ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zim prokuror bo‘lib, o‘zim qonunni himoya qiladigan shaxs bo‘lib, sizdan adolat so‘rab murojaat qilgan edim.

Mening murojaatlarim asosida, shaxsan sizning tashabbusingiz bilan Respublika idoralararo komissiyasi tuzilib, Buxoroga yuborildi. Chunki menga, mening oila a’zolarimga, yaqinlarimga nisbatan qonunsiz harakatlar, tazyiqlar boshlangan edi.

Men bugun komissiyaning qarori bilan tanishib chiqdim. Komissiya tomonidan barcha holatlar adolatli, xolisona o‘rganib chiqilgan. Shu jumladan, mening ham xato va kamchiliklarim aniqlanib, menga nisbatan ham javobgarlik belgilanishi nazarda tutilgan.

Barcha holatlar komissiya tomonidan o‘rganib chiqilgan. Ba’zi holatlarga fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida aniqlik kiritish to‘g‘risida xulosa qilingan. Mening ustimdan arizani uyushtirgan tadbirkorlar ham bosh prokuror nomidan foydalanib kelayotganliklari komissiya a’zolari tomonidan aniqlangan.

Men bu qarorni o‘qib, undan adolatni topdim. Sizga ming rahmat. Barcha yig‘ilishlarda, selektorlarda doim ta’kidlaysiz, xalq qonun ustuvorligi ta’minlanayotganini bilishi kerak. Ushbu so‘zlaringiz isbotini shaxsan siz tomoningizdan qilingan harakatlar natijasida o‘zimda ko‘rdim.

Oilam, yaqinlarim, o‘zim ming bor rahmat deymiz sizga. Bu mening o‘zim uchun ham katta bir dars bo‘ldi. Men qayerda ishlashimdan qat’i nazar, shu yurt uchun, adolatni qaror toptirish uchun, qonun ustuvorligini ta’minlash uchun eng oxirgi qonim qolguncha xizmat qilishga va’da beraman.

Alloh sizni qo‘llab-quvvatlasin. Yangi O‘zbekiston uchun qilayotgan buyuk ishlaringiz, davlatni, qonun ustuvorligini ta’minlashdagi ishlaringizga doim omad tilayman. Doimo sog‘ bo‘ling”, deydi Fozilov.

Eslatib o‘tamiz, Buxoro shahar prokurori sifatida faoliyat yuritayotgan Jasur Fozilov bundan biri necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaatlar bilan chiqish qilgan edi. Unda Jasur Fozilov turli qonunbuzarliklarni tilga olgan edi.

Hech qancha vaqt o‘tmay, Bosh prokuratura tomonidan Buxoro shahridagi tadbirkorning Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning noqonuniy xatti-harakatlari haqidagi arizasi tekshirilayotgani haqidagi bayonoti e’lon qilindi.

Shundan so‘ng Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning murojaati yuzasidan Respublika idoralararo komissiyasi tuzilgan edi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: murojaat, lavozimiga, Prezidentga, Bosh prokuror | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz