10:20 Byudjetda o‘qiganlar ham diplomning aslini olishi mumkin | |
«O‘qishga byudjetga kirganman. Aytishlaricha byudjet asosida o‘qishni tugatganlarga diplom uch yildan keyin berilar ekan. Shunga aniqlik kiritsangiz». «Huquqiy axborot» kanali mazkur savolga oydinlik kiritdi. Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida nizomga muvofiq barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari asosida tahsil olgan bakalavr va magistrlari majburiy tartibda kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ta’lim muassasalariga, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlanadi. Oliy ta’lim muassasalarida bitiruvchilarni ishga taqsimlash ular oliy ta’lim muassasasini bitirishidan kamida 1 oy oldin o‘tkaziladi. Buning uchun maxsus taqsimot komissiyasi tuziladi. Bitiruvchi o‘qishni tugatgan kundan so‘ng uch kundan kechiktirmay, ishga yuborilayotgan har bir bitiruvchiga quyidagi hujjatlar beriladi: — oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomdan ko‘chirma; — ishga yuborilganlik to‘g‘risidagi yo‘llanma; — taqsimot komissiyasi qaroridan va taqsimot ro‘yxatidan ko‘chirma. Bitiruvchi taqsimot bo‘yicha uch yil ishlab bergandan keyin unga oliy ta’lim muassasasi tomonidan bir hafta muddatda mehnat daftarchasiga muvofiq diplomning asl nusxasi beriladi. Nizomda yana bir muhim narsa qayd etilgan. Agar taqsimot komissiyasi bitiruvchini ish bilan ta’minlay olmasa, unga mustaqil ishga joylashish imkoniyati berilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berilishi kerak. Bunda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning asl nusxasi beriladi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|