17:41 Charlz III rasman yana ikki davlatning rahbari deb e’lon qilindi | |
Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze Kanberradagi parlament palatasida o‘tkazilgan marosim chog‘ida Charlz III ning lavozimga kirishganini ma’lum qildi. Shuningdek, Qirolicha Yelizaveta II vafoti munosabati bilan 22 sentyabrni “Milliy motam kuni” deb e’lon qildi. 19 sentyabr kuni monarxning Londondagi Vestminster abbatligida bo‘lib o‘tadigan dafn marosimida Bosh vazir va general-gubernator Devid Xyorli ishtirok etadi. RNZ radiostansiyasi o‘z navbatida ma’lum qilganidek, bugun Charlz III Yangi Zelandiyaning ham davlat rahbari deb e’lon qilingan. Qirolicha Yelizaveta II payshanba kuni 96 yoshida Shotlandiyadagi Balmoral qasrida vafot etdi. U Britaniya tarixidagi eng uzoq hukmronlik qildi – 70 yilu 7 oy. Yangi monarx uning to‘ng‘ich o‘g‘li, 73 yoshli Charlz bo‘ldi va u Charlz III ismini oldi. 15 davlatning rasmiy rahbari bo‘lgan Yelizaveta II vafoti munosabati bilan Buyuk Britaniyada 9 sentyabrdan boshlab milliy motam e’lon qilingan va u dafn marosimi kunigacha davom etadi. Charlz III ning toj kiyish marosimi esa bir necha oydan keyin bo‘lib o‘tadi, uning sanasi hali e’lon qilinmagan. Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 sentyabr kuni Qirol Charlz III rasman Kanadaning yangi davlat rahbari deb e’lon qilindi
Manba: "qalampir.uz"
| |
|