15:12 Coca-Cola Superliga. 2023-yilgi mavsumda musobaqa formati o‘zgarishi mumkin | |
Biroq, buning uchun bir necha talablarni bajarish kerak. "Shu yilning 19-sentyabr kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasi Coca-Cola Superliga bosh murabbiylari hamda tashkilot Ijroqo‘mi a’zolari bilan yig‘ilish o‘tkazgandi. Mazkur yig‘ilishda murabbiylar tomonidan chempionat uchrashuvlari sonini oshirish masalasi ham ko‘tarildi. Ayrimlar taklifiga ko‘ra, buning uchun ligada jamoalar sonini 16 taga yetkazish kerak. O‘zbekiston Professional futbol ligasi esa Superliga va Pro liga o‘rtasidagi sport prinsiplarini hurmat qilishga chaqirishi barchaga ma’lum. O‘yinlar sonini esa boshqa yo‘l bilan ham oshirish imkoniyati mavjud. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL taklif ishlab chiqdi. Tez orada u muhokamaga qo‘yiladi. Taklif etilayotgan formatda ilk navbatda futbol muxlislarining xohish-istaklari inobatga olingan. Ya’ni, bunda markaziy o‘yinlar sonini ko‘paytirish hamda o‘tkinchi o‘yinlar sonini kamaytirish masalasi asosiy planga olib chiqilgan. O‘zbekiston Professional futbol ligasi nafaqat 16, balki 18 talik ligani ham amalga tadbiq qilishi mumkin. Biroq buning uchun O‘zbekistonda litsenziyalash talablariga to‘liq javob beradigan kamida 20-22 ta klub mavjud bo‘lishi kerak. Ayni vaqtda esa bizda bunday klublar soni 12-14 tani tashkil qiladi. Teletranslyatsiyalardan pul ishlash hamda foydani jamoalar o‘rtasida taqsimlash darajasiga yetib borilguniga qadar biz ligani kuchaytirishning boshqa muqobil variantlarini izlashga majburmiz. Taklif etilayotgan format loyihasi bilan mana shu havola orqali tanishish mumkin", deyiladi O‘zPFL matbuot xizmatida.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|