09:48 Davron Kabulov Kanizaning oilasi buzilishiga sababchiligi haqidagi da’voga munosabat bildirdi | |
“Million” qiziqchilar jamoasi rahbari Davron Kabulov xonanda Kaniza (Shahrizoda Ahmedova)ning ayblovlari ortidan bayonot bilan chiqdi. Bu haqda “Daryo” xabar bermoqda. Davron Kabulov, “Million” kulgu jamoasi rahbari: “Million” jamoasining konserti diski chiqqanidan so‘ng, Kanizaning turmushi buzilish xavfi ostida qolgani, xonanda chuqur iztirobda ekani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan gap-so‘zlar yuzasidan izoh. Kaniza (Shahrizoda), ochig‘i, sizning bu kabi piarchi ekanligingiz haqida oldin ham eshitgandim, ammo menga aloqasi yo‘qligi uchun ahamiyat bermagandim. Sizga ba’zi savollar bilan murojaat qilmoqchiman. 1. Bitta konsertda har qanday kutilmagan gap aytilishi mumkin, ammo «Million»ning konserti 7 kun 9 seans (!) o‘tkazildi. Shulardan sakkiztasida ishtirok etdingiz. «Sahnada nima bo‘lganidan xabarim yo‘q», debsiz. Sakkizta seans-a! Repetisiyaga kim keldi, quyib qo‘ygandek sizga o‘xshaydigan qiyofadoshingizmi? («Istiqlol» san’at saroyi xodimlari, «Million» a’zolari guvohlik bera oladi). Suhbat davomida qaysi rasmlar muhokama qilinishini kim bilan gaplashgandim? O‘sha rasmlarni o‘zingiz Telegram orqali administratorimga tashlab berganingiz yodingizdan chiqdimi? Zalda telefonga suratga olish taqiqlangan edi, faqat sizning yordamchingizga siz ishtirok etgan sahna ko‘rinishini videoga olishga ruxsat berdik (montajda buni ham ko‘rsatishim mumkin). Ertasiga taassurotlaringizni kulib aytib berdingiz. Qaysi vijdon bilan «Xabarim yo‘q!», deyapsiz? Shu vaqtgacha konsertlarimizda chiqqan Rayhon, Ulug‘bek Rahmatullaev, Manzura, Jahongir Poziljonov, Jasur Umirovdan istagan odam so‘rasin — konsertdan avval har doim qo‘shiqchilar bilan repetisiya qilib olganmiz. 2. Konsert o‘tganiga uch oydan (!) oshdi. Shuncha vaqt davomida to‘y-marosimlarda siz bilan ko‘rishdik. Nega disk chiqquniga qadar o‘zimga bir og‘iz bu haqda gapirmadingiz? 3. «Jasur Umirovga o‘xshab arazlab yurmayman, yumorni tushunaman», deyishga sizni kim majbur qildi? Darvoqe, sizga noto‘g‘ri ma’lumot yetkazishgan ekan — Umirov bilan do‘stona munosabatlar hech qachon uzilmagan. 4. Kaniza eri bilan ajrashish arafasida?! Qaysi eri bilan? Turmush o‘rtog‘im 10 daqiqaga do‘konga chiqsa ham meni xabardor qiladi — pochchamga sakkiz kun davomida qaerga chiqib ketayotganingizni aytmaganmidingiz? Nega eringiz biz bilan bog‘lanmadilar? Bir-biringizni og‘ir vaziyatlarda eshitishga xohish bo‘lmasa, bitta disk bahona turmush oson buzilsa, oila asli bizgacha ham mustahkam bo‘lmagan ekan-da? 5. «O‘zbeknavo»dan tortib, portalgacha arz qilib, hamma axborotni chiqarib bo‘lib, bugun menga qo‘ng‘iroq qilyapsiz: «Gaplashib olaylik», deb. Ungacha raqamim yo‘qmidi? Ushbu sahna ko‘rinishi xazm qila olmaganlarga «Million» shunchaki qiziqchilarning konserti emas, shou-dastur qilishga intilishini eslatib o‘tmoqchiman — kutilmagan dialoglar, quloq eshitib o‘rganmagan hazillarni taqdim etishga harakat qilamiz. Hamma o‘rgangan hazillar uchun esa televidenieda hajviy ko‘rsatuvlar bor. Kanizaga faqat qo‘shiq ayttirish kerak edi, degan fikrda yurganlar uchun — agar faqat ashula uchun bo‘lsa, Sevara Nazarxon yo Jahongir Otajonovni taklif qilardik. Reper Shohruxga gap yo‘q, «Qo‘shiq aytishga tayyorman, lekin hazil menga yarashmaydi», deb darhol ochig‘ini aytdi. Bir paytlar: «Kaniza Shahzodaning konsertiga ko‘chadan chipta sotib olib, rasmga olib, Instagram’ga: ‘Taklif uchun rahmat’, deb yozib qo‘yibdi», deyishsa ishonmagandim. «Shu qiz o‘zining administratorini qamatgan», deyishganida ham parvo qilmagandim. Lekin, ishonchingiz komil bo‘lsin, bu safargisi o‘xshamaydi — boshqa adresga tushib qoldingiz. Sizga omad, muvaffaqiyatlar! Chin dildan. Arzon piarlarga xushim yo‘q. O‘sha gap: «Million»ga kelganingiz uchun tashakkur, bu hol boshqa takrorlanmaydi, degan umiddamiz.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|