Главная » 2020 » Июнь » 25 » Dunyo bo‘ylab pandemiyaning yangi to‘lqini tarqalayotgani ma'lum qilindi
10:52

Dunyo bo‘ylab pandemiyaning yangi to‘lqini tarqalayotgani ma'lum qilindi


Dunyo bo‘ylab koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini Janubiy yarimshardan tarqalmoqda. Euronews telekanalining xabar berishicha, bu yerda hozirda kirib kelgan qish fasli respirator kasalliklar, jumladan COVID-19 avj olishi mavsumi hisoblanadi.

Jumladan, Janubiy yarimsharda joylashgan Avstraliyada so‘nggi hafta ichida 150 ga yaqin kasallanish holati qayd etilgan. “Men barchasini o‘tmishda qoldirish istagini tushunaman, biroq hozirgi voqelik o‘zgacha va o‘zini epidemiya yakunlangandek tutish ma'noga ega emas”, deb aytgan Avstraliyaning Viktoriya shtati bosh vaziri Deniyel Endryus.

Shuningdek, Braziliyada yangi kasallanish holatlari jadal sur'atlar bilan ko‘paymoqda. Bu yerda koronavirusga chalinganlar soni 1,190 mln kishidan oshib ketdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu davlatdagi epidemiologik vaziyatni dunyodagi eng og‘irlaridan biri deb baholamoqda.

AQShda infeksionistlar mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni keskin ko‘payotganini ta'kidlashmoqda. Jumladan, karantin choralari boshqa shtatlarga ko‘ra ertaroq yumshatilgan shtatlarda kasallanganlar soni ko‘paymoqda.

Chilida esa so‘nggi sutkada 3649 ta yangi kasallanish holati va 226 ta o‘lim, Meksikada 6288 ta kasallanish holati va 793 ta o‘lim, Boliviyada 896 ta kasallanish holati va 26 ta o‘lim, Gvatemalada 771 ta kasallanish holati va 35 ta o‘lim qayd etilgan.

Shuningdek, mutaxassislar Yevropada koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini yuz berishi xavfi yuqoriligidan ogohlantirishmoqda. Germaniyada kun sayin yangi kasallanish holatlari ko‘paymoqda: so‘nggi kunda bu yerda kasallanganlar soni 587 nafarga ko‘paygan. Mamlakat g‘arbida mahalliy go‘sht kombinatida koronavirus tarqalishi qayd qilingandan keyin ikkita hududda karantin takror kiritilgan.

Yevropaning koronavirusdan eng ko‘p aziyat chekkan davlati – Italiyada kunlik o‘sish 122 tani tashkil qilgan.

“Biz koronavirusga chalinganlar qaytishi mumkinligiga tayyormiz. Epidemiya boshlanishi bizni g‘aflatda qoldirgandi, shu sababli hozir ikkita asosiy tamoyil bo‘yicha ishga tayyorlanmoqdamiz, bular: virusning aholi va shifoxonalarda tarqalishini jilovlash hamda ikkinchi to‘lqin holatida jonlantirish bo‘limlarida kasallar soni keskin oshishiga shay turish”, deb aytgan Milandagi tibbiyot universiteti professori Mauritsio Chekkoni.

Shuningdek, Portugaliyada virus tarqalishining yangi o‘choqlari aniqlangan. Mamlakatda so‘nggi oyda 9200 dan ko‘proq kasallanish holati qayd etilgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 9,5 mlndan oshib ketdi, undan vafot etganlar soni 484 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Shu bilan birga, 5,175 mln kishi sog‘ayib ketgan. 


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: ma'lum qilindi, Dunyo bo‘ylab, tarqalayotgani, pandemiyaning, yangi to‘lqini | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz