12:42 Erdog‘an sulton Sulaymonning orzusini amalga oshiradi | |
Turkiyada bugundan Qora va Marmar dengizlarini tutashtiruvchi Istanbul suv kanali qurilishiga start berildi.
«Kommersant’» yozishicha, bugun 26-iyun kuni prezident Rejep Tayyip Erdog‘an kanal sohillarini tutashtiruvchi oltita ko‘prikdan birining poydevoriga tamal toshini qo‘yadi. Aytishlaricha, loyiha mamlakat g‘aznasini boyitish bilan birga, 2023-yilgi saylovlar arafasida Erdog‘anning reytingini oshiradi. Prezident ushbu kanalga harbiy kemalar kiritilishi ehtimolini ham tasdiqlagan. Ilk marotaba kanal qurish masalasi «Muhtasham yuz yil» seriali orqali ko‘pchiligimizga tanish sulton Sulaymon davrida ko‘tarilgan, ammo bunday kanalni qurdirishga qudratli hukmdorning-da iqtisodiy qurbi yetmagan ekan. Erdog‘an esa 2011 yildan beri o‘sha orzuni amalga oshirish ishtiyoqida. O‘sha paytdagi transport va infratuzilma vaziri Odil Karaismailoglu bergan ma’lumotga ko‘ra, kanalni qurish mamlakat budjetiga $15 mlrd. dollarga tushadi, shundan taxminan $1,4 milliardi ko‘priklarni qurishga ketadi. Xarajatlarni 10 yil davomida tranzitlardan tushgan pullar orqali chiqarib olish rejalashtirilgan. Kanalning uzunligi — 45 kilometr, bir kunda 160 ta kema o‘tkaza oladigan bo‘ladi. Solishtirish uchun: hozir Bosfor orqali kuniga 118–125 ta kema o‘tadi. Turklar buyuk kanalni yetti yil davomida qurib bitkazishmoqchi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|