13:39 Erkaklar uchun! Oila baxti yo‘lidagi 22 qadam | |
Aksariyat hollarda oiladagi katta janjallar kichik muammolardan boshlanadi. Agar biz turmush o‘rtog‘imizga qanday munosabat yoqishiga yohud o‘zimizga ahamiyatsizdek ko‘ringan ba’zi narsalar, holatlar sevimli insonimiz uchun muhim ekanligiga e’tibor qaratsak, oiladagi tushunmovchiliklar anchagina kamayar ekan. Nasib qilsa, uylanib, ola xurjunni bo‘ynimga olganimga yaqinda besh yil bo‘ladi. To‘g‘ri, daryodek tez oqib ketayotgan umr uchun besh yil xuddi besh soniyadek gap. Lekin men uchun ana shu yillarning har bir kuni alohida saboq bo‘ldi, desam adashmayman. “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” degan gap qanchalik to‘g‘riligini oilali bo‘libgina bildim. Ikki insonning bir-birini sevib, tushunib, kelishib yashashi natijasidagina tinch-totuv, ahil oila bo‘ladi. Sizning ayolingiz qandayligini bilmadim-u, lekin mening xotinimdek qaysar, injiq ayol faqat bitta bo‘lsa kerak. Mehribon, ozoda, tartibli va pazandaligini ham aytib o‘tmasam, unga nisbatan biroz nohaqlik bo‘lar. Lekin ichimdagini top deb yurib, tag‘in “men bilan umuman gaplashmaysiz” deb janjal qilishi, hali u, hali bu narsa yoqmasligi, tartibga chaqiraverishi ba’zida hiqildog‘imga keladi. Shunda uni qayta tarbiyalashni o‘zim uchun maqsad qildim, faqat buning uchun uni o‘zgartirmadim, aksincha, tarbiyaviy ishlarni o‘zimdan boshladim. Ozgina qunt va sabr... Natija esa yomon emas! Men bu tavsiyalarni o‘z tajribamdan kelib chiqib yozdim. Va bu “qo‘llanma”ni ishdan qaytganida xotini kulib kutib olishini istagan erkaklar bilan bo‘lishmoqchiman. 1-qadam: Tong otdi. Toza dazmollangan kiyimlarni egningizga kiyib, ayolingiz tayyorlagan mazali nonushtadan bahramand bo‘lasiz. Sizni mehr ila ishga kuzatayotgan umr yo‘ldoshingizga siz ham chiroyli tabassum hadya eting. Atrofingizda parvona ayolingiz bunga loyiq. U bundan-da ko‘prog‘iga munosib ekanligini siz yaxshi bilasiz. 2-qadam: Uyga qaytayotganda ishdagi muammolarni yelkangizga ortib kelmaslikka harakat qiling. Farzandlaringiz va xotiningiz sizni qovoqlaringizdan qor yog‘ayotgan holda ko‘rib, qo‘rqishlarini istamasangiz, ochiq chehra bilan uyga kirib keling. 3-qadam: Oila a’zolaringiz bilan dasturxon atrofida o‘tirganda, kun qanday o‘tganiga qiziqing. O‘zingiz ham kun davomida bo‘lib o‘tgan qiziqarli voqealardan so‘zlab bering. Inson nima istayotganini suhbat orqali bildiradi. Shuningdek, bu jarayon farzandlaringiz va ayolingizni nimalar tashvishga solayotganini bilishingizga yordam beradi. 4-qadam: Kayfiyatingiz bo‘lmasa, bunga atrofdagilar aybdor emas! Sizning avzoyingiz buzuqligi uchun boshqalarning ham kayfiyatini tushirishga urinmang. Yaxshisi, kayfiyatingiz yomonligini oila a’zolaringizga bildirmang. 5-qadam: O‘zingizni boshqalarni tinglashga, tushunishga o‘rgating. Boshqalar ham o‘z fikriga ega ekanligi yodingizdan ko‘tarilmasin, ularning mulohazalari siz uchun qadrli ekanligini ko‘rsating. Yaxshi suhbatdosh bo‘lishga harakat qiling. Dilkash suhbatlar, qiziqarli mavzulardagi munozaralar oila a’zolarini yanada yaqinlashtiradi. 6-qadam: E’tiborli bo‘ling. To‘g‘ri, eng katta va qadrli sovg‘a e’tibor, lekin sovg‘a berishni unutib qo‘ymang. Bayram kunlari, oilangiz uchun ahamiyatli bo‘lgan sanalar, masalan, tug‘ilgan kunlar, to‘yingiz bo‘lib o‘tgan kunda ayolingiz va farzandlaringizni sovg‘alar bilan siylab turing. Muhim sanalarni ham kutish shart emas. Ayolingizga kutilmagan sovg‘alar hadya qilish bilan uning ko‘nglini tog‘dek ko‘tarishingiz mumkinligini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. 7-qadam: Ayolingizning harakatlarida yoki qilgan ishlarida, tayyorlagan taomida biror kamchilik ko‘rsangiz, buni turmush o‘rtog‘ingizning ko‘ngliga tegmaydigan qilib aytish mumkin. Kichik muammolarni ovozni balandlatish yoki haqoratlar bilan hal etib bo‘lmaydi. 8-qadam: rafiqingizning yonida boshqa ayollarni maqtamang. O‘zgalarning yutug‘ini unga ro‘kach qilmang. Bunday qilganingiz bilan ayolingiz yaxshi tomonga o‘zgarmaydi, aksincha sizga jahl qilib, arazlab qolishi mumkin. Undan ko‘ra, xotiningizning mehnatini qanchalik qadrlashingizni ayting. Uy yumushlari biz o‘ylaganchalik oson ishlar emas. Biz-ku ishdan uyga qaytib, dam olamiz, uy bekalari esa sutkasiga 24 soat ishlaydi. Bunday mehnatkash ayolingizni maqtash aslo yodingizdan chiqmasin. 9-qadam: Turmush o‘rtog‘ingiz qarindoshlaringiz, ota-onangizni boshiga ko‘tarib hurmat qiladi. Uyingizdagi chaqaloqni ham sizlab gapiradi. Siz ham shunga yarasha uning oila a’zolariga ham hurmatda bo‘ling. Qarindoshlari, ota-onasidagi kamchilikni ko‘rsangiz, buni rafiqangizga aytishingiz shart emas. Mabodo ayolingiz bilan “sen-men”ga borib qolganingizda ham ular haqidagi gaplarni aralashtirmang. Ertaga munosabatlaringiz o‘z o‘rniga tushib ketganda uyalib qolmang, deyman-da. 10-qadam: Yaqinlari, qarindoshlari, dugonalari bilan ko‘rishib turishiga to‘sqinlik qilmang. Choyxonalar, gap-gashtaklarga ketayotganingizda “Meni hech qaerga yubormaysiz, ziyofatlaringizning esa cheki ko‘rinmaydi” degan gaplarni eshitishni istamasangiz, cheklovlarni kamroq qo‘ying. Ayolingiz, farzandlaringiz bilan sayrga chiqishni oilaviy odatga aylantiring. 11-qadam: Ishxonada bo‘lganingizda ayolingizga qo‘ng‘iroq qilib, xabar olib turing. Uni sevishingizni eslatib turishni ham unutmang. Uyga qaytishingizga mo‘ljallab shirin taomlar tayyorlab turgan ayolingizga bu yanada ilhom bag‘ishlaydi. 12-qadam: Ayolingizni haqoratlamang. Qo‘l-oyoqlaringiz yugurik bo‘lmasin, ayol kishiga faqatgina irodasi kuchsizlargina qo‘l ko‘taradi. Begonalar va farzandlaringiz oldida unga qattiq gapirmang. Bilingki, bir kun janjal bo‘lgan uydan 40 kun fayz-baraka ketadi. Ur-to‘polon bilan vaziyatni ijobiy hal qilib bo‘lmaydi. Ba’zida erkak kishi ham sukut saqlashni bilishi kerak. 13-qadam: Turmush o‘rtog‘ingizning ijtimoiy kelib chiqishi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu haqda gapirmang. Siz bu narsalarni bilib turib unga uylangansiz, farzandlaringizning onasini kamsitish yaxshi emas. 14-qadam: Siz oilaning boshisiz, lekin ayolingizga hadeb “men sendan ustunman” deb zug‘um o‘tkazavermang. Oila baxtining yana bir kaliti “sen” va “men” so‘zlari o‘rniga “BIZ” olmoshini qo‘llashdir. Bu bir-biringiz uchun yashayotganingiz belgisi. 15-qadam: Ayolingizning jahli chiqqanida yoki nimadandir siqilganida uni tushunishga harakat qiling. Xamdard bo‘ling, qo‘llab-quvvatlang, tinchlantirishga harakat qiling. Faqat jahl bilan javob qaytarmang. Ayollar hamdardlikka erkaklardan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lishadi. 16-qadam: Dam olish kunlarini oilangizga bag‘ishlang. Ro‘zg‘orda va uy yumushlari orasida erkak kishi mas’ul hisoblangan ba’zi ishlar bor. Masalan, jo‘mraklar, elektr jihozlarini ko‘zdan kechiring. Kamchiliklarini bartaraf eting. Shuningdek, ko‘ngilochar joylarga farzandlar bilan birga borib, hafta davomida yig‘ilib qolgan charchoqlaringizdan qutulsangiz bo‘ladi. 17-qadam: Ayolimiz biz uchun pardoz qilib, chiroyli liboslarini ham biz uchun kiyishar ekan. Endi biz ham shunga yarasha javob qaytarishimz kerak. Shuning uchun xotiningizning tashqi ko‘rinishiga a’lo baholar berib turing, iltifotli bo‘lishga harakat qiling. 18-qadam: Ayollar maqtovga o‘ch bo‘lishadi. Ayolimning fe’lini o‘rganib, bunga amin bo‘ldim. Uddalagan ishi kichik bo‘lsa ham, bu ishi uchun siz uni hammadan ham ko‘proq maqtang. 19-qadam: Qaysi soha yoki jabhada bo‘lmasin, turmush o‘rtog‘ingizdan kuchli ekaningizni ko‘rsatishga harakat qilmang. Haqiqatni tan olishimiz kerak, ba’zi joylarda ayollar bizdan ko‘ra ancha bilimliroq. Masalan, ro‘zg‘or va bolalar tarbiyasida. 20-qadam: Imkon qadar moliyaviy masalalarni ijobiy hal eting. Ayollar minnatchi erkaklarni yomon ko‘rishadi. Bizning esa nimaga qancha sarf-harajat qilganimizni ta’kidlayveradigan odatimiz bor. Bu ayollarning asabiga tegar ekan. Ayniqsa, ro‘zg‘or, bolalar va unga ketgan pullar haqidagi fikrlaringizni so‘z bilan ifodalamaganingiz ma’qul. 21-qadam: Uy ishlarida ayolingizga yordam berib turing, siz ishda qanchalik charchasangiz, ayolingiz ham uyda bolalar bilan bo‘lib shunchalik toliqadi. U ham inson, biroz hordiq chiqarish imkoniyatini yarating. 22-qadam: Sizni kamroq so‘roq qilishlarini istasangiz, kunlik rejangiz haqida qisqacha ma’lumot berishingiz mumkin. Turmush o‘rtog‘imiz bizdan xavotir olgani uchun ko‘p xabar olar ekan. Shuning uchun qo‘ng‘iroqlarga javob berolmay qolishingiz, uyga kech qaytishingiz haqida ogohlantirsangiz, olam guliston! Yana bitta dilxiralikning oldini olgan bo‘lasiz. Biz ayolimizni o‘zgartirishga, o‘zimizga, oila a’zolarimizga, bor-yo‘g‘imizga moslashtirishga, ko‘nishtirishga majbur qilamiz. O‘zimiz-chi? Deyarli, hech narsa. Mana shu qadamlar bilan tinch, osuda “qo‘rg‘onimizni” yanada mustahkamlashimiz mumkin. Mana, mening baxtli hayotim siz uchun misol bo‘lsin! Baxtli oilaning xo‘jayini
Manba: "darakchi.uz"
| |
|