14:04 Ertaga imtihon! Abiturientlarga muhim eslatmalar | |
Ertaga, 2 sentyabrdan boshlab test sinovlari hamda ayrim yo‘nalishlarga ijodiy imtihonlar boshlanadi. 1 yarim million talabgorlar bilimda o‘z omadini sinab ko‘rishadi.
Shunga ko‘ra, abiturientlar uchun eng muhim eslatmalarni yig‘ib chiqdik: — test sinovlari 2 smenada bo‘lib o‘tadi: 1-smena — 08:00 dan 11:00 gacha; 2-smena — 17:00 dan 20:00 gacha. — abiturientlarni testga kiritish: 1-smena — 06:30 dan; 2-smena — 15:30 dan boshlanadi. Abiturientlar testga kamida 1 soat vaqtliroq borgani o‘zlari uchun foydali. — kechikkan abiturientlar test sinovlariga qo‘yilmaydi; — testga kirish uchun atigi 2 ta hujjat kifoya qiladi: 1) pasportning originali; 2) abiturient ruxsatnomasi. Pasport nusxasi (kopiya), haydovchilik yoki harbiy guvohnoma kabi hujjatlar o‘tmaydi. Albatta pasportning originali bo‘lishi kerak; — abiturient ruxsatnomasini abitur.dtm.uz saytidagi abiturientning shaxsiy kabinetidan yuklab olish mumkin; — agar shaxsiy kabinetga kira olmayotgan bo‘lsangiz, unda yanada osonroq yo‘li abitur.dtm.uz/allow manzilidan ham yuklab olsa bo‘ladi; — abiturient ruxsatnomasida test sanasi, vaqti, joyi, sektor va guruh raqami aks etgan bo‘ladi; — abiturient ruxsatnomasini printer orqali qog‘ozga chop etib olish kerak. Oq-qora rangda chop etsa ham bo‘ladi, rangli printerdan chiqarish shartmas; — Abiturient ruxsatnomasi abiturient qayd varag‘i bilan almashtirmaslik kerak. Hujjatning yuqori qismida «ABITURIYENT RUXSATNOMASI» degan yozuv bo‘lishi kerak. Ko‘pchilik «ABITURIYENT QAYD VARAQASI» degan hujjat bilan adashtirib qo‘yyapti; — testlar qaysi stadion va xiyobonlarda bo‘lishi hamda ularning joylashgan joyini mana bu sahifa orqali ko‘rish mumkin: https://dtm.uz/page/stadionlar_2020 — testga ruchka olib borish shart emas, o‘sha yerda tarqatishadi; — testga kirish uchun talab etilgan aniq bir kiyim (forma) yo‘q. Abiturientlar o‘ziga qulay ko‘rinishda kiyinishlari mumkin, kiyim rangi ham muhim emas; — testda 2 ta mutaxassislik fanidan 30 tadan jami 60 ta savol beriladi. 1-fan uchun 3,2 ball, 2-fan uchun 3,1 ball. Maksimal to‘plash mumkin bo‘lgan ball - 189 ball. — testga jami 3 soat vaqt beriladi (javoblarni bo‘yash shuning ichida). Xorijiy tilda imtiyozga ega bo‘lgan abiturientlarga 1 ta fan uchun 1 yarim soat vaqt beriladi (javoblarni bo‘yash shuning ichida); — karantin talablari sababli joriy yilda test sinovlarida ota-onalar uchun kutib turish joylari qilinmaydi, shu sababli imkon qadar kuzatuvchilarsiz borishga harakat qiling; — uzoq tumanlardan viloyat markazlariga testga borib-kelish uchun maxsus avtobuslar tashkil qilinadi. Bu avtobuslar majburiy emas, istaganlar shaxsiy mashinasida yoki taksida borishi ham mumkin; — test jarayonlarini test2020.uz sayti (hozir ham ishlab turibdi) yoki maxsus telekanal orqali onlayn tomosha qilish mumkin. Eng asosiysi test sinovlaridan qo‘rqmang. Hayajon bo‘ladi, bu tabiiy, hayajon bo‘lgani bir hisobdan yaxshi ham. Ammo bu vahimaga aylanib ketmasin. Xotirjamlikni yo‘qotmang, diqqatingizni bir yerga jamlang, ichingizda o‘zingiz sevgan duolarni qaytaring, o‘z bilimingizga ishoning. Barcha bilimli abiturientlarga omad tilaymiz!
Manba: "aniq.uz"
| |
|