21:12 Google Markaziy Osiyo uchun markaziy ofisini Toshkentda ochishi mumkin | |
Istanbulda bo‘lib o‘tgan Global tadbirkorlik kongressi doirasida O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi Tadqiqotlar, davlat va jamiyatga innovatsiyalarni joriy etish boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Hamzayev Google va Facebook kompaniyalari vakillari Erkan Kaptan va Dovon Ernir bilan uchrashdi. Vazirlik matbuot xizmatidan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, suhbat chog‘ida hamkorlik aloqalari muhokama qilingan. O‘zbekiston tomoni Google kompaniyasining Markaziy Osiyo uchun markaziy ofisini Toshkent shahrida ochish taklifini ilgari surgan. “Bu taklif iliq qabul qilindi. Tez orada kompaniya vakillari Toshkentga tashrif buyurishi hamda 2018-yil oxiriga qadar bu ishni amalga oshirishga kelishib olindi”, — deyiladi vazirlik axborotida. Bundan tashqari, Google va Facebook vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilishi kutilayotgan Q Box va EduBook loyihalari uchun kodlashtirish va dasturiy ta’minot kontentini bepul taqdim etishini ma’lum qilgan. Vazirlikning qayd etishicha, Turkiyadagi IT-darslari ushbu kontent yordamida olib boriladi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|