14:26 “Gulnora Karimova o‘z joniga qasd qilgani haqidagi gaplar asossiz” — IIV | |
Gulnora Karimovaning sog‘lig‘i yomonlashgani borasida so‘nggi vaqtlarda tarqalgan xabarlar asosga ega emas. Bu haqda 12-noyabr kuni O‘zbekiston Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Umida Abdullayeva ma’lum qildi. Oktabr oyida ijtimoiy tarmoqlar va OAVda belgilangan jazo muddatini Zangiotadagi koloniyada o‘tayotgan Gulnora Karimovaning salomatligi yomonlashgani, u o‘pka yallig‘lanishi tashxisi bilan sanitariya qismiga yotqizilgani, u koronavirusga chalingan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Bu haqda, jumladan, Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova tomonidan yuritilishi taxmin qilinadigan Instagram’dagi @iman.k17 akkauntida ham xabar qoldirilgan. 12-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlar Gulnora Karimovaning koronavirusga chalingani, ahvoli og‘irlashgani haqida tarqalgan xabarlar qanchalik haqiqatga mosligi haqida savol bilan mutasaddilarga murojaat qildi. IIV huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva savolga javob berarkan, bu gaplarda asos yo‘qligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|