18:05 Gulsanam Mamazoitova: "bugungi estradaning 80 foizi tadbirkorlik bo‘lib qoldi" | |
"Darakchi" gazetasining galdagi mehmoni professionalizmni birinchi o‘ringa qo‘yadigan, o‘z “men”iga ega ijodkor O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova... — Prezidentning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda estrada san’atini tanqid qilganlarida shu sohaning vakili sifatida ijodingizga tanqidiy nazar tashlab, aybdorlik hissini tuydingizmi? — Albatta! Nafaqat menda, balki uchrashuvga yig‘ilganlarning hammasi aybdorlikni his qildi, nazarimda. Ma’ruzani eshita turib, yosh xalq artisti sifatida qilishga ulgurmagan ishlarim, zamonaning zayli bilan repertuarimda umrboqiy qo‘shiqlarimning kamligi, ko‘pgina ijodkorlar qatori yengil-elpi qo‘shiqlarni ham ijro etayotganim xususida o‘ylanib qoldim. Achchiq haqiqat bo‘lsa ham tan olish kerak, san’atkorlar birinchi o‘ringa pulni qo‘yadigan bo‘lib qolganmiz. Bu kabi o‘ylar tinchlik bermadi, shu sohaning jonkuyar vakili sifatida albatta, uyaldim. — Davlatimiz rahbari o‘z tajribasidan kelib chiqib, katta tadbirlar — Mustaqillik, Navro‘z, Konstitutsiya bayramlarini o‘tkazishda eng qiynaydigan, xunobni chiqaradigan estrada dasturi ekanini aytdilar. Siz ham bu kabi holatlarni kuzatgan bo‘lishingiz kerak... — E’tibor bersangiz, Mustaqillik bayramida yangragan qo‘shiqni Navro‘z bayramida ham eshitib qolasiz, bayram repertuari deyarli bir xil. Davlat tadbiri bo‘lgani uchun qo‘shiqning so‘zlari, musiqasi, musiqiy sayqali, ijro mahoratiga e’tibor berish shart. Shu nuqtai nazardan bayramda muxlislarning “chig‘irig‘i”dan o‘tgan qo‘shiqlardan foydalanishadi. — “Muxlislarning “Yana eski qo‘shig‘ini kuylabdi!” degan e’tirozlari asossiz”, demoqchimisiz? — Har bir bayramga kamida ikkita yangi: xalqona va vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlarni taqdim qilamiz. Tanlov esa bayram tashkilotchilarida qolgan gap. Gohida kamchilik o‘zimizdan o‘tib, belgilangan tartib-qoidaga mos bo‘lmagan qo‘shiq kuylab qo‘yamiz. — Ayb xonandalarning o‘zida ekan-da, talabga javob beradigan qo‘shiq yozolmayapsizlar... — Shunday deysizku, yillar o‘tib o‘sha qo‘shiqlarimizdan ham foydalanishyaptida. — Uchrashuvda “xalq artisti” degan unvon olish uchun san’atkor necha o‘n yillar samarali ijod qilishi talab etilgani haqida so‘z yuritildi, mashhur hofiz Tavakkal Qodirovni misol keltirildi. Haqiqatda, O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov hamda Gulsanam Mamazoitova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kumush Razzoqova va Rayhon G‘aniyev. Quloqqa qanday eshitilyapti? — To‘g‘ri, unvon egalari yosh jihatdan “yosharib” ketyapti. Unvon bu — e’tibor va e’tirof. Bordi-yu, unvonga yosh bo‘la turib sazovor bo‘lgan bo‘lsak, bildirilgan ishonch va mas’uliyatni oqlashimiz shart! — Xonandalarning o‘ziga belgilab qo‘ygan marrasi unvon olgunchami? — Har kim o‘z qarichi bilan o‘lchaydi-da. Masalan, men “xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘lganimda ko‘p narsalarda o‘zimga chek qo‘ydim. Avvalo, fonogrammada konsert berishdan voz kechdim, davlat tadbirlaridan tortib to‘ylargacha milliyligimizni targ‘ib qiladigan liboslar kiyishga e’tibor qaratdim, intervyu berishda ham har bir gapimni o‘ylab gapiradigan bo‘ldim. Rostini aytaman, oldinlari bu jihatlarga u qadar e’tiborli emasdim. To‘g‘ri, unvonni yosh oldim, lekin bu menga foyda bo‘ldi. Kibrlanib ketganim yo‘q, aksincha o‘ta mas’uliyatli inson sifatida shakllandim. Ijoddan to‘xtab qolganim ham yo‘q. Yiliga albom chiqaryapman, bitta bo‘lsa ham klip suratga olib taqdim qilyapman. Bu ijod mahsullarim professional shoir va bastakorlar bilan hamkorlikda ishlangan. Qo‘shiqlarimning ba’zilari yengil bo‘lsa-da, ma’no-mohiyati bor. Yillar o‘tib, yosh ijrochilar qayta kuylasa bo‘ladigan va o‘zim ham “Eh, shunday qo‘shiqlar kuylagan ekanman”, deb uyaladigan qo‘shiqlar emas. — Fonogrammada konsert bermaslik bu — qahramonlik emas, xonandaning kasbiy vazifasi-ku! — Lekin hamma xonandalar ham bu majburiyatini his qilmayapti-da. Bizning og‘riqli nuqtamiz ham shu. Avvallari fonogrammadan foydalanib qo‘shiq kuylaganimda ham mumtoz qo‘shiqlarni jonli ijro qilmaslikka uyalardim. Hozir to‘ylarda ham jonli ijrodan foydalanyapman, o‘zimga nisbatan talabchanligim oshdi, o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlaydigan bo‘ldim. — Xonandalarning goh Yangiyo‘lu Shovot, goh Yangiqo‘rg‘onu Chiroqchiga to‘yga qatnashi ham tanqid qilindi. Siz ham shu “kema”dasiz... — Albatta. Sira to‘y birlamchi bo‘lib, tadbirlardan bosh tortgan emasman. Yaqinda ham Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumaniga tadbirga borib keldik. Istagim, hamkasblarim xalqimizning yaxshi kunlarida xolis xizmat qilishdan qochishmasin. Pulli xizmatdan xolis xizmatning mukofoti, savobi katta, deb o‘ylayman. — Yurtboshimiz aytganlaridek, dabdabali to‘ylarga barham berishga hissa qo‘shish maqsadida mo‘may puldan voz kechib, eshigingizni taqillatib kelgan odamga “To‘yingizga bormayman!” deya olasizmi? “Gulsanamni falon pulga olib keldim”, degan fikrlar ham dabdabali to‘ylar o‘tishiga bir omil, axir... — Puldan voz kechib, “bormayman” deya olaman, lekin ularda yomon taassurot qoldirishim mumkin. Moddiy manfaatdan kechib, xolis xizmat qilgan vaqtlarim ko‘p bo‘ladi. Faqat minnatga kirib qolmasin, deb buni oshkor qilmayman. — O‘zbekistonda estrada ijodkorlari aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishdan topadigan daromadlari bo‘yicha soliq to‘lash majburiyatidan ozod qilingan. Yilda bir marta belgilangan tartibda ma’lum miqdordagi mablag‘ni to‘lab lisenziya oladi, tamom. Vaholanki, xonandalar lisenziyaga to‘laydigan pulini bitta to‘yda topadi. Gulsanam Mamazoitovaning to‘y xizmatlari narxi nimaga qarab belgilangan? — Ijodiy jamoamning soniga qarab belgilangan. Lekin poytaxtdagi to‘ylarga chiqadigan hamkasblarim oladigan xizmat haqining teng yarmiga boraman to‘ylarga. Imkoniyati yo‘qlarning albatta, sharoitiga qarayman. — Efirga berilayotgan ba’zi klip, qo‘shiq va raqslarni kuzatib, “ommaviy madaniyat” tahdidini sezish qiyin emas. G‘arbga taqlid sezilib turadigan bunday “ijod namunalari”ni oila, farzandlar davrasida tomosha qilib bo‘lmaydi. Shu ma’noda mana shunday kliplar ishlayotgan, qo‘shiqlari sayoz hamkasblaringizga nimalar degan bo‘lardingiz? — Xatoni to‘g‘rilash uchun hali ham kechmas. Musiqiy bilimi yo‘qlar ikki soat restoranda o‘tirish o‘rniga pedagoglarning oldiga borib saboq olsin, o‘z ustida ishlasin, avvalo adabiy tilimiz va chet tillarini o‘rgansin. Shu yo‘sinda kamchiliklar bartaraf etilsa, tanqidlarga o‘rin qolmaydi. — Prezidentimiz ham san’atda 50 foiz sohaviy bilimi yo‘qlar ishlayotganini ta’kidladilar. Professional ijodkor sifatida sahnani qizg‘anmaysizmi? — Avvallari qizg‘anardim, hozir yo‘q. Chunki haqiqatni hamma ham to‘g‘ri qabul qilmas ekan. Bir intervyuimda ochiq-oydin gapirgandim, ko‘pchilikka yaxshi ko‘rinmadim. Bir-birimiz bilan salom-alik qilmasak-da, boshiga ish tushsa hamdard bo‘lamiz, kasbdoshmiz, avvalo o‘zbekmiz! Shaxsan men san’atkorlar oilasida tug‘ilganman va shu sohada bilim olganman. “Hamkasblar”im sohaviy bilimga ega bo‘lmagani uchun ham qilayotgan ishini o‘zi uchun to‘g‘ri deb biladi. “Qo‘shiq yozdim, muxlislarga yoqdi, mo‘may daromad topyapman”, deya bugungi kun bilan yashaydi, ularni ertangi kun tashvishga solmaydi. Eng yomoni, o‘z ortidan ergashtirib, yosh avlodni ham shu yo‘sinda yashashga o‘rgatib qo‘yishyapti. Ularni bu “botqoq”dan olib chiqish uchun o‘qitishimiz, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishimiz kerak, agar qabul qilsa, albatta. Havaskor “shifokor”ga hayotimiz, sog‘ligimizni ishonib topshirib qo‘ymaymiz-ku, nega ma’naviyatni e’tirozsiz “havaskor”lar qo‘liga tutqazyapmiz. Ustozimiz Ozodbek Nazarbekov ma’naviyatni buzayotganlarni qonuniy javobgarlikka tortish haqida o‘rinli fikr aytdi. — Bugun estrada necha foiz tadbirkorlik bo‘lib qoldi? — 80 foiz tadbirkorlik. 20 foizini esa professional iqtidorlar tashkil qiladi. — Gulsanam Mamazoitova 80 foiz sirasidami yo 20? — 20 foizning ichidaman. 80 foiz tadbirkorlik bilan kurashda televidenie va radioning ham o‘rni katta. Madaniyat va san’atimizni targ‘ib qiladigan OAV bo‘lgani bois moddiy manfaatdorlikni chetga surib, yengil-elpi emas, kishiga ma’naviy ozuqa beradigan ijod mahsullarini “proma” qilishi kerak. Agar ular estradaga qaratayotgan e’tiborini milliy yo‘nalishga bursa, ko‘zlangan maqsadga erishiladi. Birgina misol, milliy yo‘nalishdagi qo‘shiqlarimni OAVlarga olib borsam, ba’zilari “bizning formatdagi qo‘shiqmas, qabul qilmaymiz”, deydi. Kechirasiz-u, milliy qo‘shiqlarimiz o‘zbek OAV va to‘ylarida yangramasa, qaerda yangraydi, bu ijod mahsullarimizni qayoqqa olib boraylik? — Televidenie, radiolarda badiiy kengash yo‘qligi shunday salbiy oqibatlarning kuchayishiga sabab bo‘lyapti... — Balki u yerda ham diplomsiz, soha mutaxassisi bo‘lmaganlar o‘tirgandir... — “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandalarga kategoriya belgilab, musiqiy bilimiga qarab lisenziya berishni joriy qilsa va televidenie, radioga shu asosda chiqariladigan bo‘lsa-chi? — Kategoriya masalasida fikringizga qo‘shilaman. Musiqiy bilimi yo‘qlarga esa soha bo‘yicha ta’lim olmagunicha, lisenziya berish kerak emas. Shou-biznesni tartibga solmoqchi bo‘lishsa, shu haqda o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi. — Bugungi kunda san’atkor odobi, ularning yurish-turishi, kiyinish madaniyati, muomalasi masalasi ham katta muammolardan biri bo‘lib qoldi. Xushovoz xonanda Sanobar Rahmonovadek hamkasblaringizni sanab berolasizmi, barmoqlaringiz ortib qolmaydimi? — Sanab o‘tgan omillaringiz hozir avvalgiga nisbatan anchayin yaxshilangan. Tadbirlarga “Osiyo ramzi” dizaynerlar va modelerlar uyushmasi boshqaruvi raisi Xolida Komilovaning nazorati ostida chiqamiz. Televideniedagi rahbarlarga balki ayrim hamkasblarimning kliplari yoqayotgandirki, efirga e’tirozsiz berishyapti (kuladi). Lekin haqsiz ba’zi ayol xonandalar majlislarga shortik, to‘ylarga maykada kirib borishyapti. — Prezidentimiz “O‘zbekiston xalq artistlari” klubini tashkil etib, mazkur klub a’zolari muntazam yig‘ilishib, yurtimiz va jahon san’at olamida yuz berayotgan ijodiy jarayonlarni muhokama qilib, tilga olingan kamchilik va muammolarni yechish, yosh iste’dodlar tarbiyasi, madaniyatimizni ravnaq toptirish bo‘yicha yangi g‘oya, tashabbus va takliflar bildirib borish taklifini berdilar. Aytilganidek, Gulsanam Mamazoitova yil yakunida klubning eng faol a’zosi sifatida e’tirof etilib, rag‘batga loyiq ko‘rilarmikan? — Judayam umid qilaman! Ijodimdan tashqari san’atning rivojiga foydam tegsa, boshim osmonga yetardi, ochig‘i buni orzu qilardim. — O‘zbekiston xalq artistlarining har biriga bittadan san’at kolleji yo musiqa maktablariga borib rahbarlik qilib, yuzlab shogirdlar yetishtirishni tayinladilar. Gulsanam Mamazoitova qay biriga rahbarlik qiladi va shogirdlari nimasi bilan boshqalardan ajralib turadi? — Qay birini munosib ko‘rishsa, o‘sha yerga boraman. Shogirdlarimdan esa birinchi navbatda puxta bilim olish, tarbiyasi, ichki madaniyatining go‘zalligini talab qilaman. Chunki ovozi zo‘r degani bu — ko‘ngliga kelgan ishni qilish huquqiga ega, degani emas. — “Istiqlol” san’at saroyining mavqei tushib ketmadimi? Axir bu san’at saroyi san’atkorlar uchun orzu darajasida bo‘lishi kerak emasmi? — Aslida shunday bo‘lishi kerak. Konsert zaldan tijorat uslubida foydalanilayotgani uchun bugun shu ahvolga kelib qoldi. Ochig‘i, san’at o‘ninchi darajaga tushib qolgan, pul birlamchi. Uchrashuvdan to‘g‘ri xulosa chiqargan bo‘lishsa, ahvol yaxshilanib, ehtimol, biz ham “Istiqlol” san’at saroyida konsert berishga yaroqsiz bo‘lib qolarmiz (kuladi). Farrux Zokirov, Munojot Yo‘lchiyev, Nasiba Abdullayeva, Zulayho Boyxonova, Abduhoshim Ismoilov, Kumush Razzoqova kabi faqatgina ustoz san’atkorlarimiz konsert berishsa ham roziman va shogird sifatida bundan faqat xursand bo‘lamiz, o‘rnak olamiz. — Mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda Gulsanamning salomga yarasha aligi qanday bo‘ladi? — Har bir tashkilotda shoir, bastakor, klipmeyker, dizayner, jurnalist kabi sohani tushunadiganlardan iborat badiiy kengash tashkil qilish kerak. Eng muhimi, professional mutaxassislarimiz yetarli, faqat ularni birlashtirish lozim. Va bu ishning boshida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi turishi kerak. Yo‘qsa, bari eski hammom, eski tos bo‘lib qolaveradi. — Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi hozirgidek emas, talab darajasida ishlashi shart! — Prezidentimiz bilan bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng chiqarilgan to‘g‘ri xulosalar natijasi vaqti kelib, albatta bo‘y ko‘rsatadi va o‘zbek san’ati biz xohlagan natijalarga erishadi. Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|