12:15 Haj ziyorati qachon to‘liq tiklanishi ma’lum bo‘ldi | |
Saudiya Arabistoni hukumati shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi Makkaga kichik haj (umra) ziyoratini tikladi. U koronavirus pandemiyasi tufayli to'xtatilgandi. Podsholikning haj va umra masalalari bo‘yicha vazirlik xabariga ko‘ra, kichik haj ziyorati to‘rtta bosqichda tiklanadi. 4-oktyabrda boshlanuvchi birinchi bosqichda odatdagi ziyoratchilarning 30 foizi Ka’bani ziyorat qilishi mumkin. 18-oktyabrda boshlanuvchi ikkinchi bosqichda masjidga kirishni xohlovchilarning 75 foiziga ruxsat beriladi. 1-noyabrdan boshlab Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlarda yashovchi musulmonlar kichik haj amallarini bajarishi mumkin. Pandemiya tugagandan so‘ng kichik haj ziyorati to‘liq tiklanadi. Ayni vaqtda 108 ming nafar Saudiya Arabistoni aholisi va mamlakatdagi xorijlik musulmonlarga umrada qatnashish uchun ruxsat berilgan. Xabarlarga ko‘ra, Makkadagi masjidlar o‘ziga xos usulda dezinfeksiya qilinmoqda. Jumladan, gilamlar kuniga o‘n martalab tozalanadi: bu ish bilan to‘rt mingdan ziyod xodim shug‘ullanadi. Bu yil COVID-19 tufayli atigi ming kishining haj qilishiga ruxsat berildi, ular orasida mamlakatda vaqtincha yashayotgan 700 nafar rezident ham bor. Saudiya Arabistoni may oyining oxiridan karantin cheklovlarini sekin-asta yumshata boshladi, mamlakat ichidagi harakat cheklovlarini bekor qildi, masjidlar ochildi, odamlarning o‘z ish joylariga qaytishiga ruxsat berildi. Mamlakatda pandemiya boshlangandan beri 335 997 ta koronavirus holati qayd etilgan bo‘lib, 4 850 nafar bemor hayotdan ko‘z yumdi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|