Главная » 2017 » Апрель » 21 » Homiladorlikda soch qirqish, qosh terish, vanna qabul qilish mumkin emasmi?
09:19

Homiladorlikda soch qirqish, qosh terish, vanna qabul qilish mumkin emasmi?


Ayol kishi homilador bo‘ldi, deguncha qo‘ni-qo‘shniyu amma-xolalar unga turli irim-sirimlar, o‘zlari bilgan-bilmagan “dono” maslahatlarni ilinishadi. To‘g‘ri, ular orasida foydalilari ko‘p. Ammo ba’zan bekorchilikda o‘tirib, to‘qilgan “cho‘pchak”lar ham yo‘q emas. Ularning qay biriga ishonishni ham bilmaydi, kishi. Keling, yaxshisi, malakali shifokor Respublika ixtisoslashtirilgan Akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori Shahlo Ikramovadan maslahat olamiz.

Homiladorlikda soch qirqish, bo‘yash va uni kimyoviy usulda jingalak qilish mumkin emas

Asossiz fikr! Bu irim qadimda, odamlar soch hayotiy kuchni ifodalaydi, deb ishonishgan zamonlarda paydo bo‘lgan. Soch qirqilsa, umr qisqaradi, degan afsona o‘sha zamonlardan meros. Aslida esa ular asossizdir. Hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan soch bo‘yoqlari ona va bola salomatligi uchun xavfsiz bo‘lib, ular hech bir ziyon yetkazmaydi. Faqat allergiyadan ehtiyot bo‘lsangiz, bas. Sochingizni bo‘yash yoki qirqishga xohishingiz bo‘lmagan taqdirda ham, uni chiroyli turmaklab yurishingiz mumkin. Masalan, soch dazmoli bilan silliqlash yoki termobigudi yordamida jingalak qilish klassik uslubga xos bo‘lgani uchun hech qachon urfdan qolmaydi.

Qosh terish va tatuaj tug‘ilajak bola uchun zararli

Noto‘g‘ri! Homiladorlik o‘ziga e’tibor berish mas’uliyatidan soqit bo‘lish, degani emas. Bu paytda ayol kishi har doimgidan ham ko‘proq o‘zini parvarishlashi zarur. Qosh terish, uni bo‘yash, o‘zingizga oro berishning nimasi yomon axir? Aksincha, bu ruhiyatga ijobiy ta’sir etib, siz va bolangizning salomatligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi-ku! Tatuaj ham taqiqlanmagan. Faqat uning uchun ishlatiladigan asboblardan yuqtirib olish mumkin bo‘lgan infeksiyalar xavfli. Har qanday go‘zallik saloniga ham ishonib bo‘lmaydi-da...

Homilador ayol ikki kishi uchun ovqatlanishi shart

Ma’lum ma’noda bu fikr asosli, deyish mumkin. Faqat ikki kishi uchun ovqatlanishim kerak ekan, deb me’yoridan ortiq taomlanish noto‘g‘ri. Quvvat beruvchi, vitamin va mineral moddalarga boy yeguliklarni iste’mol qilish tavsiya etiladi, xolos. Tug‘ruq muddati yaqinlasha borgani sayin ovqatlanish rasionidagi unli mahsulotlarni asta-sekin kamaytirish lozim. Homiladorlik davrida doimiy vaznga 10 kg.dan ortiq og‘irlik qo‘shilmasligi kerak. Bu xavfli!

Homiladorlikda vanna qabul qilish, suv havzalarida cho‘milish mutlaqo taqiqlanadi

Cho‘pchak! Bugun homilador ayollar uchun suv havzalarida maxsus terapiyalar mavjud. Fasllar almashinuviga qarab, o‘zingiz uchun qulay suv muolajalarini belgilashingiz mumkin. Vanna qabul qilayotganda esa suv iliq va yoqimli bo‘lishiga e’tibor bersangiz, bas. Uy sharoitida iliq suvli, dorivor o‘simliklardan tayyorlangan tinchlantiruvchi vannalar qabul qilish mumkin. Ammo qaynoq suvli vannalar, sauna va issiq hammomlar mumkin emas.

“Nozik palla”ning nozik masalalari — depilyatsiya, fotoepilyatsiya mumkin emas. To‘g‘ri. Barchaga ayonki, orasta ayol har qanday holatda ham ozodalikka rioya qiladi. Agar uyda bu yumushni uddalashga qiynalsangiz, sizga yordam beruvchi salonlar bisyor. Salonga borishni istamasangiz, maxsus krem(depilyator)lardan foydalanishingiz mumkin. Shuni yodda tutingki, go‘zallik salonlaridagi lazerli va fotoepilyatsiyalar homiladorlikda taqiqlanadi.

Kosmetikadan foydalanish tug‘ilajak bolaga zarar yetkazadi

Yanglish fikr! Ba’zan homiladorlik payti ayol yuzida dog‘ va toshmalar paydo bo‘lishi mumkin. Marhamat, maxsus kosmetik vositalardan foydalaning. Faqat o‘zingizga mosini tanlasangiz, kifoya. Aslida, shu dog‘lar paydo bo‘lishining oldini olishga harakat qilgan ma’qul. Masalan, bolalar uchun mo‘ljallangan sovun, shampun, terini yumshatuvchi va yoqimli ifor taratuvchi vositalarni ishlating. Yilning issiq faslida shifokorlar quyoshdan himoyalovchi kremlardan foydalanishni tavsiya qilishadi. Yagona shart shuki, mahsulot sifatli bo‘lishi va allergik ta’sir ko‘rsatmasligi darkor.

Uqalash muolajalari xavfli

Noto‘g‘ri. Bo‘yin va yelka sohasi, qo‘l-oyoqlarni yengil uqalash nafaqat mumkin, balki foydali hamdir. Bunda homilador ayol va tug‘ilajak bola tinchlanib, o‘zini yaxshi his etadi. Ammo sellyulitga qarshi va boshqa kuchli uqalash muolajalarini amalga oshirish qat’iyan taqiqlanadi.

Chiroylisiz, ortiqcha go‘zallikka ne hojat?

Qiziq, go‘zallik ham ortiqcha bo‘lar ekanmi? Axir, u qancha mukammal bo‘lsa, shuncha yaxshi-ku! Uzun kipriklar va sochlar doim go‘zallik belgisi bo‘lib kelgan. Agar kipriklaringiz kalta bo‘lsa, marhamat, sun’iy ravishda uzaytiring. Buning homilaga nojo‘ya ta’siri kuzatilmagan. Agar kiprik va sochni yopishtirishda ishlatiladigan yelimga allergiyangiz bo‘lmasa, hech qo‘rqmang. Ha-ya, har uch haftada ularni korreksiya qilib turishingiz ham kerak! Sizga baxtiyor onalik nasib etishini tilab qolamiz!

Madina Muhammadiyeva


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Homiladorlik, qosh terish, soch qirqish, vanna qabul qilish, mumkin emasmi | Рейтинг: 5.0/1

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz