20:44 Jahongir Ortiqxo‘jayev 1-sinf o‘quvchilariga planshet sovg‘a qildi | |
Bugun respublikaning barcha umumta’lim maktablarida bo‘lgani kabi, Shayxontohur tumani Huvaydo mahallasidagi 169-maktabda ham 2018—2019-o‘quv yili uchun birinchi qo‘ng‘iroq chalindi. “Bilimlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan tadbirga Toshkent shahar hokimi v.b. Jahongir Ortiqxo‘jayev tashrif buyurib, yig‘ilganlarni samimiy tabrikladi. Bu haqda “Daryo”ga Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Toshkent shahar hokimi o‘z so‘zida mazkur maktabda tahsil olganligi, o‘quvchilik xotiralari haqida to‘xtalib, aynan qadrdon maktabida olgan bilimlari kelgusidagi muvaffaqiyatlariga poydevor bo‘lganligini alohida ta’kidladi. O‘quvchilarni a’lo baholarga o‘qishini aytib, ularga zafarlar tiladi. — Toshkent shahar hokimining maktabimizga kelishi, bizlar bilan dildan suhbatlashganidan juda ham hursand bo‘ldik. Ularning shaxsan tashrif buyurishi bizlarga katta ruhlantirish berdi. Kelajakda, ular kabi maktabda a’lo baholarga o‘qib, yurtimizga xizmat qiladigan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishaman – deydi, 7 sinf o‘quvchisi Bobur G‘ulomov. Tadbir so‘nggida J.Ortiqxo‘jayev 1-sinfga qabul qilingan 246 nafar o‘quvchilarning har biriga Samsung Galaxy Tab A planshetlarini sovg‘a qildi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|