Главная » 2017 » Август » 1 » Jaziramada qon bosimi o‘yin ko‘rsatsa...
11:55

Jaziramada qon bosimi o‘yin ko‘rsatsa...


Havo harorati keskin ko‘tarilgan bir pallada shifokorlar iloji boricha ko‘chada yurmaslikni tavsiya qilishadi. Iqlimning isishi, ayniqsa, qon bosimi yuqori bo‘lganlar uchun xavflidir. Buni qarangki, gipotoniklar — tabiatan qon bosimi past yuradigan odamlar ham bu davrda o‘zlarini behuzur sezishlari mumkin. Xo‘sh, kutilmagan vaziyatlarning oldini olish uchun nimalarni bilishimiz kerak? Bu haqida terapevt Nigora AHMEDOVA maslahat beradi.

GIPERTONIYa XURUJ QILGANIDA

Yozning jazirama kunlarida bu holat ko‘pchilik uchun yangilik emas. Avvalo, shu kunlarda harakatni biroz kamaytirish va iloji boricha tashqariga kamroq chiqish kerak.

1.Shifokor bilan maslahatlashib, doimiy ichadigan dorilaringiz qabulini davom ettiring.

2.Kun davomida iliq suv iching, ovqat-salatlarga umuman tuz solmang. Ovqat ta’mini shivit, kashnich, limon va dolchin bilan to‘g‘rilash mumkin. Shu tadbirning o‘ziyoq qon bosimini 2-3 darajaga tushirishga qodir.

3.Ahvolingiz yomonlashayotganini sezishingiz bilan boshingizni balandroq qilib yoting. O‘zingizni bo‘sh qo‘yib, o‘pka bilan chuqur (to‘liq) nafas oling-da, nafasni uzoqroq chiqaring. Shu oddiy harakatning o‘zi qon bosimini me’yoriga keltiradi.

4.Boshingiz og‘rib, ko‘z ostingiz qorong‘ilashayotgan, quloqlaringiz shang‘illab qon bosimingiz ko‘tarilayotganini sezsangiz, yuzingizni muzdek suvda yuving, sochiqni suvda xo‘llab, tomoq oldiga, kindik sohasiga 1 daqiqa qo‘yib turing. Tog‘orachaga muzdek suv quyib, ichida 5 daqiqa tez-tez yuring, darrov o‘zingizga kelasiz.

5.Ertalabdan holatingiz yomonligini sezsangiz, gazsiz mineral suvga bir osh qoshiq asal, 3 tomchi limon shirasidan aralashtirib, iching.

6.Ko‘proq odamlar bilan muloqotda bo‘ling. Ma’lum bo‘lishicha, keksa yoshdagilar tengqurlari bilan ko‘proq suhbatda bo‘lsa, qon bosimi tez me’yoriga kelarkan.

Achchiq qora shokolad yeng, u yurakni quvvatlab, qon tomirlarni kengaytiradi va qon bosimini pasaytirishga qodir.

GIPOTONIYaNING HAM EHTIYoTINI QILAMIZ!

Agar sizda osteoxondroz, kamqonlik, aritmiya, oshqozon yarasi yoki gastrit kasalligi kuzatilsa, qon bosimining pasayishidan hech hayron bo‘lmang. Ba’zan uyqusizlik va zo‘riqish oqibatida ham qon bosimi keskin pasayib ketishi mumkin. Gipotonik odam boshqalarga qaraganda 2-3 soat ko‘proq uxlashi kerak. Havosi dim, issiq xonada o‘tirmasligi, jazirama oftob ostida imkon qadar bo‘lmasligi zarur. Agar sizda ertalabdan boshning aylanishi, behuzurlik, qo‘l-oyoqning shalvirab holsizlanishi kuzatilsa, tekshirilganda qon bosimi haqiqatan ham 100/60 darajadan pasaygani aniqlansa, quydagi choralarni ko‘rish kerak:

1.Agar behollik ertalabdan qiynayotgan bo‘lsa, dorixonadan odamgiyoh (jenshen) tindirmasini keltiring. Yarim piyola qaynatilgan iliq suvga 20 tomchi tindirmadan tomizib, ichilsa, behollikdan asar qolmaydi, kunbo‘yi tetik yurasiz.

2.Bo‘shashayotganingizni sezgan zahoti issiq suvda 3 daqiqa, iliq suvda 1 daqiqa dush qabul qiling, darrov o‘zingizga kelasiz.

3.Qon bosimi pasayganda nuqtali massaj ham yordam beradi. Buning uchun bosh va ko‘rsatkich barmoq o‘rtasidagi chuqurchani, boshning chakka qismini, quloq suprasini, qosh-qovoq o‘rtasini va tovonning o‘rtasidagi nuqtani yaxshilab uqalang.

4.Gipotoniyasi past odam ertalab, albatta, 5 daqiqa davomida badantarbiya qilishi, ertalab soat 11gacha yoki soat 18dan keyin velosiped uchishi, ishga yoki ishdan keyin yarim soat piyoda yurishi, suzish yoki fitnes bilan shug‘ullanishi kerak.

5.Tetiklanaman deb qahva ichishga mukkasidan ketmang, u bora-bora ta’sir qilmay qo‘yadi va eng yomoni, asablarni qo‘zg‘aydi.

6.Giyohlardan – momoqaymoq, mavrak, ziravorlardan–achchiq qalampir, dolchin, sarimsoqpiyoz, rayhon, jag‘-jag‘ o‘ti, mevalardan anor, qulupnay, sitruslilar bilan do‘stlashing, kayfiyatingiz chog‘, baquvvat yurishingiz ta’minlanadi.

7.Qon bosimingiz tushayotganini sezishingiz zahoti qalampirmunchoq shodasini hidlang yoki bir bo‘lak pishloq yeng, ahvolingiz yaxshilanadi.

8.Darmonsizlik kechga yaqin qiynayotgan bo‘lsa, 2 dona bedana tuxumini suvda pishirib sariyog‘li non bilan yegan durust.

9.Beholmisiz? Burun ostidagi lab o‘rtasini bir daqiqa bosib turing.

10.Bir dona askorbinka tabletkasi yoki bir hovuch qora mayiz va yong‘oq mag‘zi darrov o‘zingizga keltiradi.

11.Shunday yoting-ki, oyoqlar boshdan yuqoriroq bo‘lsin. 10 daqiqa shu holatda yotsangiz, qon bosimingiz ko‘tariladi.

BARNO tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Salomatlik | | Теги: Qon bosimi, issiq, jazirama, ob-havo | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz