08:16 JSST rahbari: "Dunyo virus tugashi haqida orzu qilishni boshlashi mumkin" | |
JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesusning aytishicha, koronavirusga qarshi vaksinalarning natijalari yaxshi bo‘layotgani dunyo koronavirus pandemiyasining tugashi haqida orzu qilishni boshlashi mumkinligini anglatadi. Shuningdek, Gebreyesus jahonning kuchli mamlakatlari qashshoq mamlakatlarni vaksina bo‘yicha og‘ir ahvolga solib qo‘ymasligi kerakligini ham ta’kidladi. Tedros Adxanom Gebreyesus juma kuni bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasining pandemiya bo‘yicha birinchi yuqori darajadagi sessiyasida qilgan murojaatida virusni to‘xtatish mumkinligini, ammo oldindagi yo‘l xavfliligicha qolayotganini aytgan. “Pandemiya odamzodga eng yaxshi va eng yomon holatlarni ko‘rsatib berdi. Bu davrda odamlar mehr-shafqat, birdamlik xususiyatlarini namoyish qilishdi, ilm-fan va innovasiyada hayratlanarli yutuqlarga erishildi. Ammo, faqatgina o‘z manfaatini ko‘zlash kabi illatlar ham yuzaga chiqdi”, deydi Gebreyesus. U vaksinalar haqida gapirar ekan, jahon “tunnel oxiridagi yorug‘likka tobora yaqinlashayotganini”, ammo vaksinalar butun dunyo aholisining mulki sifatida barchaga teng taqsimlanishi kerakligini, agar vaksinaga muayyan bir davlatning mulki sifatida qaralsa, mamlakatlar o‘rtasidagi notenglik yanada kattalashishini ta’kidlagan.
Manba: "aniq.uz"
| |
|