16:30 «Koronavirusga qarshi eng ishonchli vaksina». Uning mualliflari o‘zbeklarga begona emas... | |
Yevropa mamlakatlari aholisi koronavirusga qarshi qaysi vaksina bilan emlanishi ma’lum bo‘ldi. E’tiborga molik jihati, G‘arb mamlakatlarida ishonchli deb baholanayotgan vaksina turkiy millat vakillari tomonidan yaratildi. BNT162b2 degan muvaqqat nom bilan atalgan vaksina Germaniyaning BioNTech biotexnologiya kompaniyasi tomonidan, Amerikaning Pfizer konserni bilan hamkorlikda yaratildi. Odatda, yuqumli kasalliklarga qarshi vaksina yaratish jarayoni bir necha yillarga cho‘ziladi. Ammo vaziyat taqozosiga ko‘ra olmon shirkati koronavirusga qarshi tibbiy vositani rekord darajada qisqa muddatda tayyorlashga muvaffaq bo‘ldi. Yangi vaksinani yaratish loyihasi ramziy tarzda «Yorug‘lik tezligi» deb nomlangani ham bejiz emas. Ayni paytda yangi vaksinaning ishonchlilik darajasi 90 foizdan oshiq deb baholanmoqda. Bu dunyo bo‘ylab tadqiq etilayotgn vaksinalar orasida eng yuqori ko‘rsatkichdir. Yevroittifoq hozirdanoq vaksinadan 100 mln doza sotib olish haqida bitim imzoladi. Kelgusida xarid hajmi keskin oshishi kutilmoqda. Talabgorlar orasida AQSh, Yaponiya hamda Kanada ham bor. Hozircha kovidning oldini olishda eng ishonchli vosita deya baholanayotgan BNT162b2 vaksinasi ijodkorlari asli turkiyalik olmon olimlari – er-xotin Ugur Shahin va O‘zlem Tyurejidir. Ugur Shahin Turkiyada tug‘ilgan. To‘rt yoshida otasi bilan Germaniyaning Kyoln shahriga ko‘chib kelishgan. Otasi Ford avtomobil zavodida faoliyat yuritgan. Tibbiyot yo‘nalishida tahsil olgan Shahin o‘z sohasining peshqadam vakili darajasiga ko‘tarildi. «Talabalik payti soat 16 ga qadar darsda bo‘lar edik. Mashg‘ulotlardan keyin do‘stlarim uy-uyiga ketar, men esa laboratoriyada kechki soat 10, gohida tonggi 4 ga qadar tadqiqot olib borar edim», – deydi U.Shahin. Ayni paytda u asos solgan BioNTech biotexnologiya kompaniyasi 60 dan ziyod patentga ega. Professor Shahinning o‘zi esa Germaniyaning eng boy kishilari ro‘yxatidan joy olgan. Professor Shahin Germaniyadagi Saar universitetida dars bergan chog‘i bo‘lajak rafiqasi, tibbiyot fakulteti talabasi O‘zlem Tyureji bilan tanishgan. O‘zlemning ham taqdiri turmush o‘rtog‘iniki bilan mushtarak: asli istanbullik bo‘lgan shifokor Germaniyaga ko‘chib keldi; yillar o‘tib iqtidorli qiz ota izidan borib yetuk olimaga aylandi. Ugur Shahin va O‘zlem Tyureji 2001-yili Mayns shahrida xususiy biotexnologiya shirkatiga asos soldilar. Vaqt o‘tib, turk mehnat muhojirlarining farzandlari tashkil etgan shirkat nafaqat Yevropa, balki dunyo bo‘yicha ham ilg‘or natijalarga erishdi. Endilikda BioNTech kompaniyasida 60 dan oshiq davlat vakili bo‘lgan 1300 xodim faoliyat yuritmoqda. 55 yoshli Ugur Shahin boshqaruv raisi, 53 yoshli O‘zlem Tyureji esa tibbiy tadqiqotlar bo‘yicha direktor lavozimida faoliyat yuritmoqda. Er-xotin Mayns universitetida dars berishda ham davom etmoqda. Germaniyada turk millatiga mansub qariyb 5 millionga yaqin kishi istiqomat qiladi. O‘tgan asrning 60-yillarida turkiyalik ishchilarning Germaniyaga yirik ko‘chishi ro‘y berdi. Ayni paytda turk millatiga mansub vatandoshlar Germaniya siyosiy boshqaruvi, shuningdek, iqtisodiyot, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport kabi jabhalarda faoliyat yuritmoqda.
Manba: "xabar.uz"
| |
|