21:11 Ma’naviyatga zarba: “Sevgi iztiroblari”ning qora tomonlari | |
Seriallar mavzusi bugun kun tartibiga chiqqan. Ularning ma’naviyatimizga zarari, oila, qarindosh-urug‘ va yana ko‘plab muqaddas tushuncha hamda tuyg‘ularni ushbu seriallar orqali qanday tarzda namoyon qilinayotgani keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Azon.uz saytida Manzura Shams muallifligida e’lon qilingan maqola mavzusi ham shu haqda. Qishloqda yashaydigan qaynona va qaynotam har yili qishni biznikida o‘tkazishadi. Uch oy qarqara kelin bo‘lish menga, bobosi va buvisining e’tiborida bo‘lish farzandlarimga, ota-onasi yonida bo‘lishi tabiiyki, turmush o‘rtog‘imga yoqadi. Qaynonam nevaralariga bir nimalar to‘qib o‘tiradi. Qaynotam kitob, gazeta va jurnallar o‘qish bilan band. Kechki payt hammamiz bir dasturxon atrofida jam bo‘lib televizor ko‘ramiz. Biz kattalar informasion ko‘rsatuvlar uchun televizor qarshisiga yig‘ilamiz. Qaynonam “Navo” kanalini ko‘rgisi keladi. Oilamizda seriallar ko‘rish taqiqlangani uchun, serial boshlanganidan boshqa kanal ulanadi. Ba’zan televizor shunchaki qo‘yilganicha har kim o‘z mashg‘uloti bilan bo‘lib, nima ko‘rsatayotganiga e’tibor qilinmaydi. Hammaning og‘ziga tushgan serialning ba’zi joylari shuning uchun diqqatimni tortadi. Ishxonada tushlik payti qizlarning asosiy suhbat mavzusi – turkiyalik kinoijodkorlar tomonidan ishlangan “Sevgi iztirobi” seriali. Shuning uchun bir qarashda o‘nta qism voqealarini bilib olaman. Bir-ikki qismini ko‘rib, qaynonam bu serialni “Sharmanda kino” deb nomladi. Shunchaki ko‘rsatuvlar orasida shu serialning reklamasi bo‘layotgan bo‘lsa ham “O‘chir, televizorni, sharmandalarning kinosi boshlandi”, deydi. Bor-yo‘g‘i sakkiz sinf o‘qigan, keyin turmushga chiqib, hayotning past-balandini ko‘rib, umrguzaronlik qilgan qaynonamdan xursand bo‘laman. Agar bekorchilikda ermak-da deb shu tomoshani ko‘raman desa, farzandlarim ham serialga bog‘lanib qolishi mumkin-ku. Axir, hozir ularning ayni bilim oladigan payti. Bir kuni turmush o‘rtog‘im bilan kechroq mashina to‘xtatib chiqib oldik. Haydovchi va uning yonida bir ayol kishi bor ekan. Ular yo‘l-yo‘lakay mana shu serial xususida bahslashib kelishdi. Ayol kishi jon kuydirib Nihon degan qizni oqlaydi. Haydovchi esa uning ayblarini gapiradi. – Baribir erli xotinning boshqasi bilan uchrashib yurishi yaxshi emas, – deydi haydovchi. – Baribir o‘sha er bo‘ladi-ku. Men Kamolning o‘rnida bo‘lsam, kunini ko‘rsatar edim shu xotinning. – Eyyy, kinoda bu... Manzilga yetib tushib qolar ekanmiz, bu suhbat mening shuurimda davom etadi. Ayollar-ku, tomoshaga o‘ch bo‘lishadi. Erkaklar ham xotinlar bilan seriallarni muhokama qilishar ekan-da. Qani edi bu muhokamada “Shuyam kinomi?!”, “Men bo‘lsam shu kinoni gapirish tugul ko‘rishga or qilaman”, degan gaplar bo‘lsa... Tabiiyki, bu serialda ishtirok etganlarning hammasi musulmon farzandlari. Islomda yolg‘on nikoh degan tushuncha yo‘q. Nikoh oila degani. Oila birga yashash, ayol erning oldidagi, er ayolning oldidagi huquqlari va burchlariga itoat qilishi kerak, degani. Agar ukasining jinoyatini yashirish uchun shunchaki turmushga rozi bo‘lgan bo‘lsa, bu ayol ikki karra gunohkor. Aslida, jinoyat bekitilmaydi. Uka kasalmi, sog‘mi, jinoyat qilganmi, yo‘qmi qonun bilan ish ko‘rilishi kerak. Bitta yolg‘on nikoh qancha gunoh ishlarga sabab bo‘lyapti. Ayol erga aytmasdan uydan chiqib ketsa, u qaytgunicha la’nat yog‘ilib turishi aytiladi dinimizda. Bu kinoda biror ayol erdan so‘rab ko‘chaga chiqmaydi. Hatto norozi bo‘lsa ham uydan chiqib ketaveradi. Ikki nomahram o‘rtasida hech qanaqa munosabat bo‘lishi mumkin emasligini har bir musulmon yaxshi biladi. Bizga ko‘rsatilayotgan tomoshada Kamol degan kiborning Laylo degan ayol “do‘sti” bor! Kimdir boshqa kishi bilan tanishsa, sevishsa, darrov zino qilaveradi. Menimcha nomahramni shunchaki quchish ham zinoga kiradi, vallohi a’lam. Bir o‘ylab ko‘raylikchi, shu kinoda har xil ishlar qilib yurganlarning qaysi biri halol ish qilyapti? Eng yomon tomoni har bir zinokor bizga ijobiy obraz qilib ko‘rsatiladi. Mana, endi salbiy qilib ko‘rsatilayotgan obrazlarni qo‘yib, ijobiylarini ko‘rib chiqamiz. Kamol degan yigitning qalbini hasad va kibr egallab olgan. Birovning xotinining xayoli bilan yashaydi. Aytishlaricha, boshida tanishganidayoq Nihon bilan yolg‘iz kemada sayr qilib keladi. Ikki nomahram birga qolgan joyda uchinchisi shayton bo‘lishi hammamizga ma’lum. Nomunosib qadamdan boshlangan sevgi xarish ishlarga sabab bo‘laveradi. Hamkasb qizlar bir kuni Nihon o‘z joniga qasd qildi, deb kuyib-pishib qolishdi. Nima emish, eri yotog‘iga chaqirsa, o‘zini balanddan tashlabdi. Qizlar shunday bu qizning eridan nafratlanishdiki... Yana shu joyda ham Kamol degan kas hoziru nozir bo‘lib uni o‘limdan asrab qolarmish. Ana sizga muhabbat! Nihon degan qizning qaysi bir ishi ijobiy? Nega u jabrdiyda qilib ko‘rsatilishi kerak. Uni qaysi tomonlama oqlay olamiz? Eng yomoni hamma tomoshabin uni yaxshi ko‘rib qolgan. Zo‘r berib uni oqlashga urinadi. Agar rostdan jabrdiyda bo‘lsa, nega yo eridan taloq so‘ramaydi, yo sevganidan voz kechmaydi? Bu ayolga nafaqat ikki erkakning, barcha erkaklarning nazarida bo‘lish yoqsa kerak. Bo‘lmasa, hatto xafa holatida ham lab-lunji shishib, tizzadan kalta libosda izg‘imas edi. Yana bir talay Zaynab, Asu... Mening esimga kelmayotgan ko‘pgina obrazlar bor. Birortasining tayinli ishi yo‘q. Hammasi o‘zgalarning hayotini tahlil qilish, birovning gapini poylash, birovni birovga chaqish bilan ovora. Birortasi yo‘qki, kel o‘zimni o‘zgartiray, halovatda yashayin, deydigan. Bunisining turmushi buzilishidan narigisi naf ko‘radi. Bunisining hayoti boshqa biriga xalal beradi... Men bu serialni yuqorida ta’kidlaganimday, to‘liq ko‘rmaganman. Lekin voqealar uzuq-yuluq bo‘lsada ko‘rganimdan, eshitganimdan menga oydin. Shular ichida birorta o‘rnak bo‘larli, mana yaxshi tomoni ham bor ekan, barcha yomon tomonlarini yopib ketadi, deydigan lavha yo‘q. Ushbu qoralamalarni yozishdan avval internetga kirib, fakt qidirdim. “Kara sevda” degani “Qora savdo” ekan. Ya’ni boshiga yomon savdolar tushgan taqdirlar haqida ekan. Bu serial haqida turkiyalik jurnalist “Buzg‘unchining tegirmoniga suv quymaymiz”, deb maqola yozgan ekan. Anglashimcha, bu maqolada shu serial tahlil qilinib, biz bu serialni ko‘rishga, ekranlarda namoyish etilishiga qarshimiz, deyilgan. Ya’ni, xonadonlarimizga beta’sir tomoshalarni kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaymiz, degan. Endi bu serial yoshlarimizning sevimli kanalida tarjima qilinib efirga uzatila boshlandi. Biz birov hovlisidan kuragan qorni o‘z hovlimizga sochgan bo‘lib qolmayapmizmi? Bu o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ish emas. Katta-katta mablag‘lar evaziga serial sotib olinadi, tarjima qilinadi, ovozlashtiriladi va efirga uzatiladi. Nega biz o‘z elida izzat topmagan serialni farzandlarimizga ko‘rsatishimiz kerak? Nima uchun biz buzg‘unchilar, qaynonamning tili bilan aytganda “sharmandalar”ni tomosha qilib vaqt o‘tkazishimiz kerak? Sanayversak, “nega”larning soni ko‘p. Bir kuni menga bir tanishim “Nega doim shu xususiy kanallardagi ko‘rsatuvlar uchun kuyib-pishib yozib yurasiz? Ular kapitali bor odamlarning mulki. Mablag‘ sarfladimi, undan daromad ko‘rishi kerak. Siz aytmasangiz ham tanqidchilari ko‘p”, deb qoldi. To‘g‘ri, xususiy do‘koni bor odam chetdan nima olib kelib sotsa, haqi bor. Xususiy telekanali bor odam qanday tomosha ko‘rsatishi o‘ziga havola. Lekin... Mana shu joyi meni ko‘p qiynaydi. Bir oilaning ajralish ishi mahallada ko‘rilayotgan ekan. Faollar safida meni ham chaqirishdi. Borib, voqeani o‘rgandik. Oilada hamma ish seriallar ko‘riladigan vaqtga qarab qilinar ekan. Kelin seriallar ishqibozi ekan. Serial ko‘rayotganda bezovta qilib bo‘lmas emish. Serialdagi Nihon degan qizning taqinchoqlariyu kiyimlariga havas qilib kiyinar emish. To‘g‘ri, bu kiyimlarni uning onasi olib berarkan. Kuyov tomonga og‘iri tushmabdi. Biroq kuyov taqiqlagan kalta-kulta kiyimlar, pardozlar bilan qiz so‘roqsiz ko‘chaga chiqib ketaverar ekan. Tabiiyki, qaynona bu haqda ishdan kelgan o‘g‘liga aytadi. Mana endi qo‘ydi-chiqdi. Bu bir oilada bo‘layotgan gaplar. Yana bir holat yaqinda bir azador xonadonga bordik. Ayollar yig‘inida marhumaning qarindoshlaridan biri “Yig‘i-sig‘ini to‘xtatinglar, “Yosin” surasini o‘qiyman, ishi borlar boraversin, qolganlar xotirjam o‘tirib eshitinglar”, dedi. Shunda ikki ayol turib keta boshladi. Birining serial ko‘radigan payti ekan. Biri uzoq o‘tirsa beli og‘rirkan... Ona sifatida farzandlarimning qo‘l telefonlarini tekshirib turaman. Kechalari o‘zim bilan olib kirib ketaman. Institut talabasi bo‘lgan qizimning ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarini ko‘rib chiqdim. Aksariyat qizlar o‘z surati o‘rniga “Sevgi iztirobi”dagi lavhalarni qo‘yib chiqqan. Demak, shuncha qizlar, ertaga bir oilani obod qiladigan, ona bo‘lib beshik tebratadigan qizlarimiz uchun kimlar o‘rnak ekanini bilib oldim. To‘g‘ri, hamma qizlar yoppasiga yomon emas, kim havas bilan kim boshqalarga ergashib, kim azbaroyi chiroyli qiz bo‘lgani uchun shu qizning rasmini qo‘ygandir. Lekin biz onalar profil degani sening yuzing, rasming tarmoqlarda tarqalishini istamasang, boshqalarning rasmini ham o‘zingga o‘rnak qilma, deb o‘rgatishimiz kerak. Litsey o‘quvchisi bo‘lgan o‘g‘limning o‘rtoqlarining aksariyati esa Amir degan yigitni “kumir” qilib olishgan. Bu xususda o‘g‘lim bilan gaplashib ko‘rdim. “Hammaning o‘z ideali bor. O‘rtoqlarim Amirni o‘ta g‘ururli yigit, deb bilishadi. Hatto yurish-turishiga, kiyinishiga, telefon ushlashigacha taqlid qiladigan bolalar bor”, deydi u. Ota-onasi indashmasmikan, desam, onalari bilan birga muhokama qilishar ekan, deb javob berdi. Hamma serial ko‘radigan, farzandlari bilan muhokama qilayotgan ayollarni qoralash fikridan yiroqman. Lekin qaysi biri qachon farzandiga oxirgi marta kitob o‘qib berganini eslay olarmikan? Birorta hadisni yoki oyatni shu serial ko‘radigan vaqtimizda o‘rganamiz, deb aytarmikan? Agar ham tarbiya, ham ma’naviy hordiq sifatida kino ko‘rilayotgan bo‘lsa, meni ma’zur tutsinlar. 2017 yilning boshlarida Prezidentimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasiga safar qildi. Aholining yashash tarzi, ijtimoiy ahvolini o‘rgandi. Shunda eng kam ta’minlangan xonadonlardan birida bo‘lgani esimda. Risoladagiday oila. Kam ta’minlangani bois mahalladan ijtimoiy ko‘mak olib turadi. Hovli bor, yer bor, suv bor. Prezidentimiz shunda hozir serial ko‘rib yotadigan payt emasligini, ishlagan, harakat qilgan odam har zamonda tegadigan ijtimoiy yordamga qarab o‘tirmay, o‘zi uchun harakat qilishi lozimligini aytgani esimda. Nega shunday qilmaymiz? Nimaga birovlarning hayoti, aytish mumkin bo‘lsa, chirkin hayoti uchun kuyib-pishamiz, ulardan farzandlarimiz o‘rnak oladi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘n besh yoshli qiz ona bo‘ldi, o‘n to‘rt yoshli qiz homilador ekan, degan xabarlar tez tarqaydi. Bularning hammasi uyimizga ekranlar orqali kirib kelayotgan tomoshalarning ta’siri emasmi? Axir qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan gap bor. Sof islomiy tarbiya olayotgan xonadonlarning birortasida shu kabi tomoshalar qo‘yilarmikan? Farzandlarimizga kimlar ibrat bo‘lyapti? Bu kabi savollarga o‘zimizdan javob izlab ko‘raylik. Ko‘rayotganlarimiz ongimizda, shuurimizda aylanaverib, ko‘nikish, u haqda xayol surish singari ta’sirlarni beradi. Buni psixologlar yaxshi tushuntirib berishadi. Farzandlarimiz ham ekranlarda nima ko‘rayotganiga qiziqib ko‘raylik. Hamma sharoitni yaratib berganman, deb xotirjam bo‘lmaylik. Ekranlardan xonadonlarimizga kirib kelayotgan qora savdolar bizning boshimizga tushmasin.
Manba: "kun.uz"
| |
|